Mahalliy

Dolzarb kun tartibi (2026 yil iyul-avgust)

Oʻzbekiston Prezidenti rahbarligida oʻtkazilayotgan yigʻilishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng dolzarb masalalari ishchi tartibda hal etilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy sohani rivojlantirishga bagʻishlangan yigʻilishlar davomida qabul qilinayotgan eng muhim qarorlar haqida.

**Dolzarb kun tartibi (2026 yil iyul-avgust)**

16 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarda yangi muhit yaratish va «mahalla yettiligi» faoliyatini tashkil etishning yangi tartibiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Joriy yilda infratuzilmani yaxshilash va aholi uchun sharoitlar yaratish maqsadida tumanlarga oʻrtacha 250 milliard soʻmdan, mahallalarga esa 5,5 milliard soʻmdan mablagʻ ajratilgani taʼkidlandi. Vakolatlar kengaytirilishi hisobiga joylarda qoladigan daromadlar hajmi qariyb 2 barobarga oshdi. Oʻrtacha tumanlarda qoʻshimcha ravishda 22 milliard soʻmdan qoldi, mahallalar byudjetlariga esa oʻrtacha 150-200 million soʻmdan tushdi. Shu bilan birga, ayrim tumanlarda kam taʼminlangan oilalarning loyihalarga jalb etilish darajasi pastligi, shuningdek, 32 ta mahallada biron bir muhtoj shaxs doimiy ish bilan taʼminlanmagani tanqid qilindi. Shu munosabat bilan yil boshidan buyon 152 nafar rahbar lavozimidan ozod etildi, yana 700 nafariga nisbatan intizomiy choralar koʻrildi.

Davlat rahbari mahalla odamlar uchun haqiqiy ishonch, suyanch va imkoniyatlar markaziga aylanishi lozimligini taʼkidladi. Yaqinda Prezident farmoni imzolandi, unga koʻra endilikda har bir mahalla raisi oʻz hududining iqtisodiy va ijtimoiy buyurtmasini shakllantiradi. Mahalla raislariga xususiy bogʻcha, maktab, klinika va sport obʼyektlari qurish uchun yer uchastkalarini auktsionga chiqarish vakolatlari ham beriladi.

Mahalla raisi ijtimoiy muammolarni hal etish, tozalikni taʼminlash va daromadlarni oshirishga qaratilgan loyihalarda tashabbus koʻrsatishi lozim. Bunday loyihalar uchun «mahalla yettiliklari»ga 10 million soʻmdan grantlar ajratiladi. Ushbu maqsadlar uchun 240 milliard soʻm miqdorida resurs shakllantiriladi. Mahalla raisi, shuningdek, «mahalla yettiligi»ning haftalik va oylik rejalarini tasdiqlaydi, ularning oldiga aniq vazifalar qoʻyadi va ijrosini talab qiladi. «Yettilik» faoliyatini uslubiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash uchun Milliy mahallani rivojlantirish instituti tashkil etiladi.

Mahalla bankchilarining ish uslubi tubdan oʻzgartiriladi. Banklar har bir mahallaning «oʻsish nuqtalari»ni aniqlashi, tashabbuskor odamlarni topishi va daromadli loyihalar sonini koʻpaytirishi lozim. Bitta mahalla bankchisiga 3 tadan koʻp boʻlmagan mahalla biriktiriladi. Mahalla bankchilari oʻz hududidagi bank mijozlari bilan ishlaydi. Ishsizlarni ushbu kasblarga oʻqitish uchun ular bandlik boʻlimiga buyurtma yuboradi va oʻqishni tamomlaganlarni ishga joylashtiradi.

Bu yil oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun qoʻshimcha ravishda 2 trillion soʻm imtiyozli resurslar ajratildi. Davlat banklari mahallalarni ixtisoslashtirish, shuningdek, «Agro-start» kompaniyalari bilan birgalikda «yetishtirish — qayta ishlash — saqlash — qadoqlash — sotish» zanjirini yaratish ustida ishlaydi. Bir oy muddatda 1 mingta mahallada ishlarni boshlash vazifasi qoʻyildi.

Mahallalar byudjetlarini mustahkamlash boʻyicha ham yangi tashabbuslar ilgari surildi. Endilikda mahalladagi noturar joy obʼyektlaridan tushadigan yer soligʻi va mol-mulk soligʻining 5 foizi ham mahallaning oʻziga yoʻnaltiriladi. Buning evaziga mahallalar ixtiyorida har yili yana 400 milliard soʻm qoladi. Yil davomida eng yaxshi natija koʻrsatgan 200 ta mahalla 2 milliard soʻmdan mukofot oladi. Umuman olganda, yangi tashabbuslar hisobiga mahallalar byudjetlariga tushumlar joriy yilda 1 trillion 600 milliard soʻmga, keyingi yildan boshlab esa 2 trillion soʻmga yetadi.

Mahallalarda obodonlashtirish ishlarini tashkil etish uchun Bosh vazir boshchiligida respublika shtabi tashkil etiladi, hududiy shtablarga esa hokimlar rahbarlik qiladi. Mehnatni ragʻbatlantirish maqsadida yil yakunlari boʻyicha koʻp kvartirali uylarda «Eng ozoda xonadon», mahallada «Eng obod hovli», hududda «Eng obod koʻcha», tuman va viloyatda «Eng namunali mahalla» nominatsiyalari taʼsis etiladi.

Hozirda «yettilik» orqali 100 ga yaqin xizmat koʻrsatilmoqda. Endilikda barcha davlat xizmatlari bosqichma-bosqich mahalla darajasiga oʻtkaziladi. Ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish yoki undan sunʼiy ravishda chiqarib yuborish holatlari tanqid qilindi. Natijada muhtoj oilalar ijtimoiy yordam olish va bolalarni bogʻchaga joylashtirish kabi kafolatlangan xizmatlardan foydalana olmayapti. Bosh prokuraturaga ijtimoiy reyestrning toʻgʻri yuritilishini qatʼiy nazorat qilish topshirildi.

Uch oy muddatda 250 ta mahallada dementsiya va intellektual buzilishlari boʻlgan shaxslar uchun kunduzgi va uyda parvarishlash xizmati, shuningdek, «Madad» uylari tashkil etiladi, 75 ta mahallada parvarishga muhtoj keksalar uchun «Faol hayot» dasturi ishga tushiriladi, shuningdek, nazoratsiz qolgan va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash markazlari tashkil etiladi.

21 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi, unda joriy yilning birinchi yarmida hududlar va tarmoqlarda oʻsish surʼatlarini taʼminlash boʻyicha erishilgan natijalar hamda yil yakuniga qadar boʻlgan davrdagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Yil boshidan buyon iqtisodiyot 8,5 foizga oʻsdi. Sanoatda 8 foiz, xizmat koʻrsatish sohasida 16,9 foiz, qurilishda 13,8 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,7 foiz oʻsish taʼminlandi. Investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport esa 14,4 milliard dollarga yetdi. «Fitch» va «Moody’s» xalqaro reyting agentliklari Oʻzbekistonning suveren kredit reytingini oshirdi. Shu bilan birga, Prezident mamlakatning 40 millionlik aholisi hayot sifatini yaxshilash uchun 9-10 foizlik iqtisodiy oʻsishni taʼminlash zarurligini taʼkidladi. Yigʻilishda hududlar va tarmoqlar rahbarlarining olti oylik rejalari ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.

«Mahalla yettiligi» faoliyatini yangi asosda tashkil etishga alohida eʼtibor qaratildi. Bandlik organlari har bir hududda muhtoj fuqarolarni oʻqitish, ularni ishga joylashtirish va daromadlarini oshirish boʻyicha manzilli ish olib boradi. Banklar va Mahallalar uyushmasi boshqarmalari faoliyatini qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Shuningdek, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash masalalari muhokama qilindi. Tashqi bozorlarda raqobat kuchayib borayotgan sharoitda eksportchilar uchun toʻlovlar, yigʻimlar va ortiqcha xarajatlar miqdorini qisqartirish zarurligi taʼkidlandi. Barcha vazirlik va idoralarga byurokratik tartib-taomillar, jarimalar, toʻlovlar va yigʻimlarni qisqartirish, shuningdek, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash boʻyicha takliflar taqdim etish topshirildi.

Ishlab chiqarishlarni tiklash va xususiylashtirish boʻyicha ham muhim vazifalar belgilandi. Yangi xususiylashtirish dasturi doirasida umumiy qiymati 100 trillion soʻmlik koʻchmas mulk obʼyektlari, yer uchastkalari va davlat ulushlarini savdoga chiqarish, shuningdek, davlat aktivlarini sotib olayotgan tadbirkorlar uchun toʻlov shartlarini yumshatish koʻzda tutilgan.

Soʻnggi uch yilda umumiy qiymati 11 milliard dollarlik 509 ta eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilganiga qaramay, ulardan 208 tasi haligacha tashqi bozorlarga chiqmagan. Agar ushbu korxonalar mahsulotlarining hech boʻlmaganda 30-40 foizi eksportga yoʻnaltirilsa, 1,5-2 milliard dollar hajmida qoʻshimcha valyuta tushumlarini taʼminlash mumkin. Bundan tashqari, yil boshidan buyon 47 ta maxsus iqtisodiy zonadan 29 tasida birorta ham eksport operatsiyasi amalga oshirilmagan. Mutasaddilarga «tezkor brigadalar» shakllantirish va eksportga chiqmagan korxonalar hamda iqtisodiy zonalarda sertifikatlashtirish, aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash, sotish bozorlarini topish va logistika bilan bogʻliq masalalarni tezkorlik bilan hal etish topshirildi. Shuningdek, milliy brendlarni xorijiy bozorlarda ilgari surish, ularni demping va kontrafakt mahsulotlardan himoya qilish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi.

Yuk vagonlari yetishmasligi va ayrim temir yoʻl liniyalarining yuqori darajada bandligi sababli logistika qiyinchiliklari yuzaga kelmoqda. Mutasaddilarga qoʻshimcha harakatlanuvchi tarkibni jalb etish, shuningdek, Jahon banki bilan temir yoʻl infratuzilmasini rivojlantirishga 200 million dollar jalb etish boʻyicha kelishuvga erishish topshirildi.

Shuningdek, oliy darajadagi tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi koʻrib chiqildi. Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan 52 ta shunday tashrif davomida umumiy qiymati 213 milliard dollarlik 1 617 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuvlarga erishilgan. Bundan buyon ushbu «yoʻl xaritalari» ijrosi Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligining qatʼiy nazoratida boʻladi. Prezident Administratsiyasi oldiga diplomatik vakolatxonalarning iqtisodiy diplomatiya, investitsiyalarni jalb etish va eksportni rivojlantirish sohasidagi faoliyatini qayta koʻrib chiqish vazifalari qoʻyildi.

Yigʻilishda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash masalalari ham koʻrib chiqildi. Goʻsht narxi oshishi munosabati bilan import qilinadigan goʻshtni aviatashish xarajatlarini qoplash uchun 300 milliard soʻm ajratilgani maʼlum qilindi. Yil yakuniga qadar 100 ming bosh yirik shoxli qoramol va 150 ming bosh qoʻy va echki import qilish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, meva-sabzavot mahsulotlari va kartoshka zaxiralarini shakllantirish, sovutish omborlarini qurish va oziq-ovqat zaxiralarini toʻldirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Yil yakuniga qadar umumiy saqlash quvvati 87 ming tonna boʻlgan 340 ta sovutish omborini ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.

Davlat rahbari jahon iqtisodiyotidagi noaniqlik qancha vaqt davom etishini hech kim oldindan ayta olmasligini taʼkidladi. Shu munosabat bilan, barcha rahbarlar har qanday ehtimoliy xavf-xatarlarni hisobga olgan holda mavjud zaxiralarni safarbar qilishga tayyor boʻlishlari lozimligi qayd etildi. 2027 yil uchun makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, byudjet, shuningdek, investitsiya va eksport dasturlari yangicha yondashuv — «safarbarlik stsenariysi» asosida ishlab chiqiladi.

27 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoqilgʻi-energetika tarmogʻining ustuvor vazifalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Soʻnggi oʻn yilda energetika sohasiga 23 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etildi, joylarda umumiy quvvati 9,5 gigavatt boʻlgan elektr stantsiyalari ishga tushirildi. Elektr va gaz tarmoqlari, podstantsiyalar, transformatorlar, shuningdek, gaz taqsimlash uskunalarini modernizatsiya qilishga 30 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Shu bilan birga, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalarida jiddiy kamchiliklar saqlanib qolayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Joriy yilning iyun-iyul oylarida elektr tarmoqlarida 4 mingga yaqin avariya sodir boʻldi. Natijada ayrim hududlarda aholi va tadbirkorlik subʼyektlari 8-10 soatgacha elektr taʼminotisiz qoldi. Bundan tashqari, koʻplab hududlarda elektr energiyasi isteʼmolining oʻsishi va infratuzilmaga yuklamaning ortishi oldindan hisobga olinmagan. Tarmoqlardagi elektr energiyasi yoʻqotishlari 17,2 foizni tashkil etmoqda. Soʻnggi olti oyda yoʻqotishlar hajmi 4,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasiga yetdi. Elektr energiyasi va gazni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlari (EHAT va GHAT) joriy etilganiga qaramay, yuz minglab hisoblagichlar markazlashtirilgan tizimga maʼlumot uzatmayapti.

Yigʻilishda har bir tuman va har bir mahalla darajasida elektr va gaz taʼminotini tashkil etishning yangi tizimi belgilandi. Aholi, tadbirkorlik subʼyektlari va ijtimoiy soha obʼyektlari ehtiyojlarini hisobga olgan holda har bir hududning energetika balansi shakllantiriladi. Avariyalar sonini qisqartirish, hisoblagichlarni yagona tizimga ulash, shuningdek, energiya yoʻqotishlari va debitorlik qarzdorligini sezilarli darajada kamaytirish boʻyicha manzilli dasturlar ishlab chiqish koʻzda tutilgan. Yangiyoʻl tumanida ushbu yoʻnalishda namunaviy model yaratish vazifasi qoʻyildi. Keyinchalik ushbu tajriba respublikaning barcha tuman va shaharlariga tatbiq etiladi.

Energetika sohasiga raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi. Energetika vazirligi tuzilmasida Yoqilgʻi-energetika kompleksini raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish markazi tashkil etiladi. Markaz «ishlab chiqarish — uzatish — taqsimlash — yetkazib berish» zanjirini toʻliq tahlil qiladi va tarmoqni rivojlantirishning maqbul stsenariylarini ishlab chiqadi. EHAT va GHAT tizimlari maʼlumotlari sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilinadi, shuningdek, shubhali isteʼmol, yoʻqotish va qarzdorlik holatlarini avtomatik ravishda aniqlaydigan platforma ishga tushiriladi.

Yigʻilishda kuz-qish davriga tayyorgarlik masalasi ham muhokama qilindi. Bugungi kunda 1 916 ta mahallada tabiiy gaz yetkazib berishda qiyinchiliklar mavjud. Ushbu hududlarda uy-joylarni isitish tizimi barqarorligini oshirish, elektr energetika infratuzilmasini mustahkamlash va elektr energiyasiga boʻlgan qoʻshimcha ehtiyojni qoplash boʻyicha aniq hisob-kitoblar tayyorlanadi. Birinchi navbatda moliyalashtirilishi lozim boʻlgan mahallalar uchun alohida dastur ishlab chiqiladi.

Bugungi kunda 3 million 700 ming xonadon suyultirilgan gazdan foydalanmoqda. Yil yakuniga qadar suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmini rejalashtirilgan 520 ming tonnadan 606 ming tonnagacha oshirish, shuningdek, suyultirilgan gaz yetkazib berish sohasiga xususiy sektorni keng jalb etish vazifasi qoʻyildi. Yangi amaliyot dastlab Andijon viloyatida joriy etiladi. Tadbirkorlarga aholi va biznesga mustaqil ravishda import qilingan yoki birja savdolarida sotib olingan suyultirilgan gazni yetkazib berish imkoniyati beriladi. Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalarga esa suyultirilgan gaz sotib olish uchun subsidiyalar ajratiladi.

Davlat rahbari energetika sohasi uchun kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtdi. Bugungi kunda 25 ta texnika oliy taʼlim muassasasida 5,5 mingga yaqin mutaxassis energetika ixtisosliklari boʻyicha tahsil olmoqda. Shu bilan birga, taʼlim jarayonining amaliyot bilan bogʻliqligi yetarli emasligi sababli bitiruvchilarga kasbiy faoliyatga toʻliq moslashish uchun 2-3 yilgacha vaqt talab etiladi. Shu munosabat bilan oliy oʻquv yurtlarida yoqilgʻi-energetika kompleksi yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim dasturlarini toʻliq yangilash topshirildi. Yangi oʻquv yilidan boshlab uchinchi kurs talabalarining yarmi va toʻrtinchi kurs talabalarining barchasi dual taʼlim shakli bilan qamrab olinadi. Quyosh va shamol generatorlari, elektromobillarni quvvatlash stantsiyalari, shuningdek, boshqa zamonaviy texnologiyalar boʻyicha mutaxassislar tayyorlashga ustuvor eʼtibor qaratiladi.

13 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga isteʼmolchilarni yoqilgʻi-energetika resurslari bilan barqaror taʼminlash, energiya samaradorligini oshirish, tarmoqlardagi yoʻqotishlar va debitorlik qarzdorligini keskin qisqartirish boʻyicha hududlarda «Yangiyoʻl tajribasi» asosida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida axborot berildi.

Bundan avval har bir hududdan bittadan tanlab olingan 14 ta tumanda namunaviy tizim yaratish vazifasi qoʻyilgan edi. Amalga oshirilgan ishlar bilan 916 ta mahalla, 832 ming xonadon, 49 ming tadbirkorlik subʼyekti va 2,2 mingdan ortiq ijtimoiy soha obʼyekti qamrab olindi. Har bir mahalla uchun energetika pasporti va energiya resurslariga boʻlgan ehtiyoj balansi shakllantirildi.

Natijada ilk bor mahallalar kesimida mavjud ehtiyoj va imkoniyatlar oʻrtasidagi farq aniq hisoblab chiqildi. Xususan, 265 ta mahallada 60 megavatt hajmida elektr quvvati, yana 42 ta mahallada yiliga 47 million kubometr hajmida tabiiy gaz taqchilligi aniqlandi. Shu bilan birga, 207 ta mahallada quvvat zaxirasi mavjud. Bunday yondashuv energiya resurslariga boʻlgan istiqboldagi ehtiyojni oldindan hisoblash va zarur infratuzilmani oʻz vaqtida tayyorlash imkonini beradi.

Ushbu asosda elektr va gaz tarmoqlarini yangilash jarayoni tezlashtirildi. 14 ta tumanda 5 ming 695 ta transformator, 6,9 ming kilometr elektr va 242 kilometr gaz tarmoqlari, shuningdek, 404 ta gaz taqsimlash qurilmasi taʼmirga muhtojligi aniqlandi. Ularning texnik holatini yaxshilash va «yashil» toifaga oʻtkazish boʻyicha ishlar boshlandi. Hozirgi vaqtgacha 441 ta transformator, 1 ming 134 kilometr elektr va 88 kilometr gaz tarmoqlari, shuningdek, 92 ta gaz taqsimlash qurilmasi taʼmirlandi.

Yaqin besh yilda ushbu tumanlarda energiya resurslariga boʻlgan ehtiyoj 49 foizga ortadi. Shu munosabat bilan aholi va tadbirkorlarni energiya resurslari bilan ishonchli va barqaror taʼminlashga qaratilgan besh yillik dastur ishlab chiqildi. Dastur doirasida 721 ta mahallada 2 ming 261 ta transformator va 7 ming 449 kilometr elektr tarmoqlarini, shuningdek, 200 ta mahallada 313 ta gaz taqsimlash qurilmasi va 327 kilometr gaz tarmoqlarini yangilash koʻzda tutilgan. Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi hududlarda 1 ming 300 megavatt hajmida qoʻshimcha oʻtkazuvchanlik quvvatlarini yaratish imkonini beradi.

Ijtimoiy soha obʼyektlarida energiya isteʼmoli ham oʻrganildi. 1 ming 938 ta obʼyektda energiya resurslari sarfi tahlil qilinib, ulardan samaradorlik koʻrsatkichlari past boʻlgan 226 tasi «qizil» toifaga kiritildi. Ularni energiya tejamkor tizimlarga oʻtkazish boʻyicha dastur ishlab chiqildi. Belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi har yili 4,3 million kilovatt-soat elektr energiyasi va 2,1 million kubometr tabiiy gazni tejash imkonini beradi. Davlat rahbari 14 ta tumanda qoʻllanilgan yondashuv bilan cheklanib qolmasdan, uni respublikaning barcha tumanlariga tatbiq etish zarurligini koʻrsatib oʻtdi. Maqsad — energetika sohasida «muammo yuzaga kelgandan keyin uni bartaraf etish» amaliyotidan muammolarni oldindan aniqlash va ularning oldini olishni nazarda tutuvchi tizimga oʻtishdir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.