Mahalliy

“Dok-1 Maks” jabrlanuvchilariga davlat budjetidan kompensatsiyaning qolgan 65,2 mlrd so‘mi to‘lab berildi — SSV

Sog‘liqni saqlash vazirligi 'Dok-1 Maks'dan jabrlangan 88 nafar bolaning oilasiga 80 mlrd so‘m kompensatsiya to‘langanini ma’lum qildi. Sudlanganlardan zararning atigi 16,8 mlrd so‘mi undirilgani sababli qolgan 65,2 mlrd so‘m mablag‘ prezident topshirig‘i bilan davlat budjetidan qoplab berildi.

“Dok-1 Maks” jabrlanuvchilariga davlat budjetidan kompensatsiyaning qolgan 65,2 mlrd so‘mi to‘lab berildi — SSV

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalari iste’moli oqibatida zarar ko‘rgan bolalar oilalariga kompensatsiya to‘lash bo‘yicha rasmiy bayonot berdi.

Unda aytilishicha, Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudining ijro hujjatlariga asosan, Majburiy ijro byurosi tomonidan 90 nafar jabrlanuvchi foydasiga jami 82 milliard so‘m kompensatsiya undirilishi belgilangan edi. Ammo aybdorlarning xatlangan mol-mulkini sotish jarayoni cho‘zilgani sababli hozirgacha bu mablag‘ning atigi 20 foizi, ya’ni 16,8 milliard so‘mi to‘langan.

Shu bois yetkazilgan zararni to‘liq qoplash ishlarini tezlashtirish yuzasidan prezident Shavkat Mirziyoyev topshiriq bergan va davlat budjetidan 65,2 milliard so‘m ajratilgan.

Hozirga qadar 88 nafar jabrlanuvchiga jami 80 milliard so‘m to‘lab berilgan. Jumladan:

Bank kartalari bilan bog‘liq texnik masalalar bartaraf etilgach, qolgan 2 nafar bolaning oila a’zolariga ham yana 2 milliard so‘m to‘liq to‘lab berilishi qayd etilgan.

Vazirlikning ta’kidlashicha, davlat budjetidan ajratilgan 65,2 milliard so‘m mablag‘ aybdor shaxslarning mol-mulkini sotishdan tushgan va ulardan undirilgan mablag‘lar hisobidan respublika budjetiga qaytariladi.

Bundan tashqari, bayonotda Sog‘liqni saqlash vazirligi va tegishli idoralar vakillari respublika tibbiyot markazlari shifokorlari bilan birga jabrlangan oilalar holidan xabar olayotgani aytilgan. Bolalarga qo‘shimcha zarur tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish choralari ko‘rilmoqda.

Avvalroq Gazeta manbalariga tayanib, “Dok-1 Maks” jabrlanuvchilariga kompensatsiyaning qolgan 80 foizi davlat hisobidan to‘langani hamda Toshkentdan borgan shifokorlar va mas’ullar nogironlik orttirgan bolalar holidan xabar olayotgani haqida yozgan edi.

2024-yil aprelida apellyatsiya sudi majlislaridan biri qoldirilganda ota-onalar sudyaga norozilik bildirgan. Ularning bir nechtasi Gazeta muxbiriga ham kompensatsiya to‘lash masalasidagi sud hukmi ijrosini cho‘zmaslikni so‘rab, “Tirik bolalarni asrab qolish kerak”, deya murojaat qilgan.

2024-yil yanvarida, birinchi instansiya sudi davom etayotgan paytda, Gazeta doridan zaharlangan bo‘lsa-da, tergov organlarining jabrlanuvchilar ro‘yxatiga kiritilmay qolgan Mansurbek Kemamovning kasallik tarixi haqida yozgan edi. Unda, shuningdek, bolaning otasi Safarali Mansurovning o‘g‘lini ro‘yxatga kiritish uchun turli idoralarga yozgan xatlari hamda tegishli murojaatlari haqida bayon qilingan.

Birinchi instansiya sudi hukmida 68 nafar bola doridan vafot etgani, 18 nafari esa nogironlik orttirgani qayd etilgan. Hukm e’lon qilingan kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda ishga raislik qilgan sudya Muso Yusupov jabrlanuvchilarning holati yuzasidan alohida jinoyat ishi mavjudligi va tergov harakatlari olib borilayotganini, ushbu ish sudga alohida jinoyat ishi sifatida kiritilishini bildirgan edi.

2024-yil 18-noyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida “Dok-1 Maks” ishi yuzasidan keyinroq murojaat qilgan jabrlanuvchilarga oid sud hukmi e’lon qilindi. Unda doridan nogironlik orttirgan bolalar ro‘yxatiga yana besh nafar bola, jumladan, Mansurbek Kemamov ham kiritildi.

2024-yil 10-oktabrda Gazeta farzandi doridan nogironlik orttirgan va davolanish xarajatlari uchun kompensatsiyaning to‘liq to‘lanishini kutayotgan ota-onalarning “Endi kimga murojaat qilaylik, prezidentgami?” degan savol bilan yo‘llagan murojaatini e’lon qilgan. Unda ayrim ota-onalar dorining asoratlari tufayli farzandlarining ko‘rish va eshitish qobiliyatini yo‘qotgani, yura olmay qolgani, buyragi va oshqozoni jiddiy zararlangani, havo sovishi bilan ahvoli og‘irlashayotganini ma’lum qilgan. Qolaversa, farzandlarining holidan hech kim xabar olmayotganini ham ta’kidlagan.

2025-yil oktabrida ham kompensatsiya pulini to‘liq ololmagan ota-onalar prezident Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.