Mahalliy

“Dok-1 Maks” jabrlanuvchilariga kompensatsiya to‘liq to‘landi, mas’ullar tirik qolgan bolalardan xabar olmoqda — ota-onalar

'Dok-1 Maks' jabrlanuvchilariga kompensatsiyaning qolgan qismi davlat hisobidan to‘liq qoplangani, mas’ullar nogironlik orttirgan bolalardan xabar olayotgani aytilmoqda. Ota-onalar rasmiylarga, jumladan, Gazeta orqali bir necha bor murojaat qildi, 3 yil davomida zararning atigi 20 foizi undirilgan edi.

“Dok-1 Maks” jabrlanuvchilariga kompensatsiya to‘liq to‘lab berildi, mas’ullar tirik qolgan bolalardan xabar olmoqda — ota-onalar

2026-yil 20−24-oktabr kunlari “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dorilaridan zarar ko‘rgan bolalarga kompensatsiya davlat tomonidan to‘liq to‘langan. Bu haqda farzandi vafot etgan va nogironlik orttirgan deb topilgan bolalarning ota-onalari Gazeta’ga ma’lum qildi.

Sud hukmining kompensatsiya to‘lashga doir qismini ijro etishi kerak bo‘lgan Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latov ham bu ma’lumotni tasdiqladi.

Ish yuzasidan o‘tgan bir necha sud qarorlariga ko‘ra, kompensatsiya mazkur ish bo‘yicha aybdor deb topilgan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbar va o‘rinbosarlari hamda dori ishlab chiqaruvchining O‘zbekistondagi rasmiy dileri — Quramax MCHJ vakillaridan undirilishi lozim edi.

Gazeta’ning ota-onalar taqdim etgan bank hujjatlari asosida mustaqil o‘rganishicha, 3 yil davomida sudlanganlardan zarar summasining atigi 20 foizi undirib olingan. So‘nggi undiruv 2026-yil avgustida amalga oshirilgan.

Oktabr oyida to‘langan kompensatsiyaning qolgan 80 foizi esa davlat hisobidan qoplangan.

Hozircha kompensatsiya nechta kishiga, qachon va qancha miqdorda to‘lab berilgani, shuningdek, davlat hisobidan qoplangan mablag‘ keyinchalik sudlanganlardan qayta undirilishi yoki undirilmasligi noma’lum.

“Mazkur masala bo‘yicha yaqinda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda jamoatchilikka ma’lumot beramiz va matbuot anjumani ham tashkil etishimiz mumkin”, — dedi MIB matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latov.

Kompensatsiya to‘liq to‘langach, 25-oktabr kuni Toshkentdan bir guruh mas’ullar Qoraqalpog‘istonga borib, doridan nogironlik orttirgan bolalarning holidan xabar olgan.

Shumanaylik jabrlanuvchi Shahram Abatbayevning otasi mas’ullar ularning uyiga va Shahram davolanayotgan shifoxonaga ham borganini aytdi.

“Tashrif buyurganlardan biri „pul to‘lab berilganini nazorat qilish uchun bizni prezident yubordi“, deb aytdi. Yana biri esa o‘zini Toshkentdagi Bolalar milliy tibbiyot markazining shifokori deb tanishtirdi. „Poytaxtga borib davolanishingiz kerak bo‘lsa, aytinglar, chipta va shifoxonaga yotqizish masalalarini ham o‘zimiz hal qilamiz, o‘zim davolab ko‘raman“, dedi. Telefon raqamini ham qoldirdi”, — dedi ota.

Xo‘jaylilik Umida Tajimuratovaning onasi esa mas’ullar bilan borgan LOR shifokor qizini tekshirib, Toshkentga olib borishini aytgani, 4-noyabrda borishni rejalashtirishayotganini bildirdi.

“Shu paytgacha biror kishi qizimizning sog‘lig‘ini so‘rab kelmagandi. Kecha to‘rt kishi keldi. Ikki nafari Toshkentdan ekan. Patronaj hamshiralarga „nega shu paytgacha xabar olmagansizlar?“, deb dakki berishdi. Qizim bilan rasmga ham tushishdi”, — dedi ona.

Buxorolik Muxtorjon Rahmonovning otasi 26-oktabr kuni uyiga SSVdan bir guruh odamlar borganini aytdi.

“Ularning biri prezidentimiz bolalarning sog‘lig‘ini o‘ylab bizni yubordi, agar biror muammolaringiz bo‘lsa, menga murojaat qilasizlar, deb telefon raqamini ham qoldirdi. O‘g‘limning ahvoli oldingidan o‘zgarmagan, hamon qulog‘i eshitmaydi, ko‘zi ko‘rmaydi. Chet elda ham davolanib keldik, foydasi bo‘lmadi. Qulog‘iga implant qo‘ydirmoqchi edik, 20 ming dollar bo‘lgani uchun imkon topolmay yurgandik. Endi tashlab berilgan kompensatsiyadan implant qo‘ydiramiz”, — dedi ota.

Sirdaryolik jabrlanuvchi Mansurbek Kemamovning otasi 26-oktabr kuni farzandining sog‘lig‘idan xabar olish uchun televideniye, hokimlik va Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari kelishi aytilganini ma’lum qildi.

Gazeta “Dok-1 Maks” mavzusini bir necha yildan beri yoritib keladi. Nashrda 2023-yil avgustidan 2024-yil fevraligacha davom etgan birinchi instansiya sudi majlislaridan reportajlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatma bergan bir nechta majlislarning to‘liq stenogrammalari, sud hukmi e’lon qilingan zaldan jonli efir, 2024-yil aprelida boshlangan apellyatsiya sudining muhim majlislaridan reportajlar e’lon qilingan.

2024-yil aprelida apellyatsiya sudi majlislaridan biri qoldirilganda ota-onalar sudyaga norozilik bildirgan. Ularning bir nechtasi Gazeta muxbiriga ham kompensatsiya to‘lash masalasidagi sud hukmi ijrosini cho‘zmaslikni so‘rab, “Tirik bolalarni asrab qolish kerak”, deya murojaat qilgan.

2024-yil yanvarida, birinchi instansiya sudi davom etayotgan paytda, Gazeta doridan zaharlangan bo‘lsa-da, tergov organlarining jabrlanuvchilar ro‘yxatiga kiritilmay qolgan Mansurbek Kemamovning kasallik tarixi haqida yozgan edi. Unda, shuningdek, bolaning otasi Safarali Mansurovning o‘g‘lini ro‘yxatga kiritish uchun turli idoralarga yozgan xatlari hamda tegishli murojaatlari haqida bayon qilingan.

Birinchi instansiya sudi hukmida 68 nafar bola doridan vafot etgani, 18 nafari esa nogironlik orttirgani qayd etilgan. Hukm e’lon qilingan kuni jurnalistlar bilan uchrashuvda ishga raislik qilgan sudya Muso Yusupov jabrlanuvchilarning holati yuzasidan alohida jinoyat ishi mavjudligi va tergov harakatlari olib borilayotganini, ushbu ish sudga alohida jinoyat ishi sifatida kiritilishini bildirgan edi.

2024-yil 18-noyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida “Dok-1 Maks” ishi yuzasidan keyinroq murojaat qilgan jabrlanuvchilarga oid sud hukmi e’lon qilindi. Unda doridan nogironlik orttirgan bolalar ro‘yxatiga yana besh nafar bola, jumladan, Mansurbek Kemamov ham kiritildi.

2024-yil 10-oktabrda Gazeta farzandi doridan nogironlik orttirgan va davolanish xarajatlari uchun kompensatsiyaning to‘liq to‘lanishini kutayotgan ota-onalarning “Endi kimga murojaat qilaylik, prezidentgami?” degan savol bilan yo‘llagan murojaatini e’lon qilgan. Unda ayrim ota-onalar dorining asoratlari tufayli farzandlarining ko‘rish va eshitish qobiliyatini yo‘qotgani, yura olmay qolgani, buyragi va oshqozoni jiddiy zararlangani, havo sovishi bilan ahvoli og‘irlashayotganini ma’lum qilgan. Qolaversa, farzandlarining holidan hech kim xabar olmayotganini ham ta’kidlagan.

2024-yil oxirida tahririyat jamoasi “Dok-1 Maks” qurbonlari va jabrlanuvchilariga bag‘ishlangan ikki qismli katta material e’lon qildi (birinchi qism, ikkinchi qism). Unda jabrlanuvchilarning yaqinlaridan olingan intervyular, sud jarayonidan tayyorlangan stenogrammalar, sud hukmidagi tafsilotlar asosida vafot etgan bolalarning so‘nggi kunlari, nogironlik orttirgan bolalarning kasallik tarixi va boshidan o‘tkazayotganlari hikoya qilindi. Materiallarda kompensatsiya to‘lash masalasi ham yana bir bor ko‘tarilgan.

2025-yil oktabrida ham kompensatsiya pulini to‘liq ololmagan ota-onalar prezident Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llagan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.