«Doimo xayolimda» - 11 sentyabr fojiasidan 25 yil oʻtib ham yaqinlarini yoʻqotganlarning iztirobi davom etmoqda
25 yillik yaqinlashar ekan, hujumning asosiy tashkilotchisi deb gumon qilinayotgan shaxs ustidan sud boshlanishini kutish hamon davom etmoqda.

«Doimo xayolimda» - 25 yil oʻtsa hamki, 11 sentyabr fojiasi qurbonlari yaqinlarining iztirobi davom etmoqda
AQSh hukumati buni «zamonaviy tarixda Amerika tuprogʻida sodir etilgan eng mudhish jinoiy harakat» deb atagan.
Biroq, oradan 25 yil oʻtgan boʻlsa-da, ushbu hujumning tashkilotchisi deb gumon qilinayotgan shaxs ustidan sud jarayoni hali ham boshlangani yoʻq va halok boʻlganlarning oilalari adolat qaror topishi imkoniyati qoʻldan boy berilayotganidan xavotirda.
Tom Restaning akasi Jon va Jonning yetti oylik homilador rafiqasi Silviya 2001 yil 11 sentyabrda terrorchilar samolyotlarni Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi va Virjiniyadagi Pentagon binosiga urishi oqibatida halok boʻlgan 3000 ga yaqin odamlar orasida edi. Uchinchi samolyot esa yoʻlovchilarning qarshilik koʻrsatishi natijasida Pensilvaniyadagi dalaga qulagan.
11 sentyabrdan bir necha kun oldin er-xotin tugʻilajak chaqaloqlarining xonasini tayyorlashayotgan, devorlarni «Blue’s Clues» bolalar televerishi qahramonlari surati bilan boʻyashayotgan edi. Ular anchadan beri farzand koʻrishni orzu qilishar, doʻstlari va qarindoshlarining bolalarini juda yaxshi koʻrishardi.
Hujum sodir boʻlgan kuni ikkala treyder ham Jahon savdo markazining shimoliy minorasi 92-qavatida ishlayotgan edi.
«Shuncha vaqt oʻtgan boʻlsa ham, bu haqda gapirganda haligacha boʻgʻzimga tiqilgan yosh keladi», dedi Resta BBC bilan suhbatda koʻz yoshlarini tiya olmay. Oradan 25 yil oʻtgan boʻlsa-da, u 11 sentyabr voqealari «deyarli doimo» xayolida ekanini aytdi.
Resta 11 sentyabr hujumlarining asosiy tashkilotchisi deb gumon qilinayotgan Xalid Shayx Muhammad va uning sheriklari ustidan olib borilayotgan murakkab sud oldi eshituvlarini kuzatish uchun Guantanamo koʻrfazidagi AQSh harbiy-dengiz bazasiga toʻrt marta borgan. U bu jarayonni «mashaqqatli va zerikarli» deb ataydi.
11 sentyabr hujumlaridan keyin boshlangan «terrorga qarshi urush» davrida Kubaning janubi-sharqidagi bazada harbiy qamoqxona tashkil etilgan boʻlib, koʻpincha KSM deb ataladigan Muhammad u yerda 20 yildan beri hech qanday hukmsiz saqlanmoqda.
Qurbonlarning yaqinlari qattiq qoʻriqlanadigan sud zalidagi eshituvlarda qatnashish uchun lotereya orqali tanlab olinadi. U yerda qalin shisha ularni va ommaviy axborot vositalarini sudlanuvchilardan ajratib turadi.
Sud oldi bosqichi shu qadar uzoq davom etdiki, hozirgacha beshta turli harbiy sudya bu jarayonga rahbarlik qildi.
Oʻtgan oyda, fojianing 25 yilligi yaqinlashayotgan bir paytda, faollik kuchaydi va qisman siljish yuz berdi — Muhammad ustidan sud kuni 2028 yilning iyun oyiga belgilandi.
Biroq Resta yangi kechikishlarga tayyorgarlik koʻrayotganini va shuncha vaqt oʻtganidan keyin baʼzi qarindoshlari sudni koʻrishgacha yashay olmasliklaridan xavotirda ekanini aytdi.
«Noyabr oyida otam 98 yoshga toʻladi va u bu sudni koʻrishni kutmayapti deb oʻylayman. Mening koʻplab oila aʼzolarim — xolalarim, amakilarim bor, ularning hammasi bu sud boʻlishini xohlaydi. Lekin, ayniqsa, ota-onam bungacha yashay olamiz deb oʻylashmayapti», dedi u.
«Sud boshlangunga qadar barcha sudlanuvchilar tirik boʻladi deb umid qilaman. Bu katta xavotir», deya qoʻshimcha qildi u.
Restaning sud yana kechiktirilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarini 11 sentyabr qurbonlarining boshqa yaqinlari ham baham koʻrishdi.
Shu yil boshida Stefan Gerxardt Guantanamoga oltinchi marta safar qildi. Uning aytishicha, ukasi Ralfning oʻlimi uchun aybdorlarning jazolanishini koʻrish u uchun muhim, ammo ayni paytda u bu haqda boshqa oʻylamaslikni istaydi.
«Men xotiralarga eʼtibor qaratmoqchiman», dedi u. «Menda hali ham Ralfning mashinasi bor. Uni taʼmirlab, yana asl holiga keltirishga harakat qilyapman... Yaqinda ota-onamnikiga borganimizda, ular saqlab qoʻygan baʼzi narsalarini topdik. Buning ortidagi hissiyot shunday: "ha, bu shunchaki eski narsalar, lekin ular ukamga tegishli edi"».
Gerxardtning aytishicha, uning «eng katta xavotiri» Muhammad va uning sheriklari oʻlimidan oldin sudlanib, jazolanishini koʻrishdir.
«Ular qarib borishmoqda... Men ularning sudlanmasdan vafot etishini xohlamayman, chunki bu barcha oila aʼzolari uchun adolatsizlik boʻlardi — biz bu odamlarni qoʻlga oldik, lekin yaqinlarimizni ommaviy ravishda oʻldirganliklari uchun ularni hech qachon sudlay olmadik va jazolay olmadik».
Muhammad til biriktirish va qotillik kabi jinoyatlarda ayblangan boʻlib, ayblov varaqasida 2976 nafar qurbon roʻyxatga olingan. U uchuvchilarni tijorat samolyotlarini binolarga urish uchun tayyorlash gʻoyasini oʻylab topganlikda va bu rejani «Al-Qoida» jangari islomiy guruhi rahbari Usama bin Lodenga taqdim etganlikda ayblanmoqda.
U ilgari «11 sentyabr operatsiyasini A dan Z gacha» rejalashtirganini aytgan edi.
Biroq 2028 yilgi sud sanasi eʼlon qilinganidan bir necha kun oʻtgach, harbiy sudya Muhammadning Markaziy razvedka boshqarmasining (MRB) «maxfiy joylar» deb ataluvchi yashirin qamoqxonalaridan Guantanamo koʻrfaziga oʻtkazilganidan keyin FQB agentlariga bergan iqrorlarini rad etdi. Sudya oʻz qarorida Muhammadning MRB tomonidan tutilishini «favqulodda jismoniy va ruhiy suiisteʼmollik» deb taʼrifladi.
U iqrorlar ixtiyoriy boʻlmaganini va sudda Muhammadga qarshi ishlatilishi mumkin emasligini aytdi.
Ekspertlarning fikricha, Muhammad va uning sheriklarining qiynoqqa solinishi ishning uzoq vaqtga kechikishiga asosiy sabab boʻlgan.
«Har bir masala qiynoqlar muammosi orqali muhokama qilindi», dedi Edinburg universitetining xalqaro huquq professori Keysi MakKall-Smit.
Uning soʻzlariga koʻra, sudlanuvchilar «yillar davomida shafqatsiz muomalaga», jumladan, suv bilan qiynoqqa solish va noqulay holatlarda uzoq vaqt ushlab turish kabi usullarga duchor boʻlishgan.
«Amerika sudi: Qiynoqlar va Guantanamo koʻrfazidagi 11 sentyabr ishi» kitobi muallifi Jon Rayanning aytishicha, oʻtgan oydagi qaror prokurorlar Muhammadga qarshi eng kuchli dalil deb atagan narsalarini yoʻqotishini anglatadi, garchi buning ishga qanchalik taʼsir qilishi hali nomaʼlum.
Rayanning aytishicha, ayblov tomonida boshqa dalillar, jumladan, telefon soʻzlashuvlari va maxfiy yozuvlar bor, ammo ulardan sudda foydalanish mumkinmi-yoʻqmi, hozircha aniq emas. «Muhammadning jamoasi va boshqa himoyachilar ham ushbu dalillar toifalarini rad etish toʻgʻrisida iltimosnomalar kiritadilar».
Jorj Bush maʼmuriyati davrida AQSh gumonlanuvchilardan maʼlumot olish uchun «kuchaytirilgan soʻroq usullari»dan foydalanganini tan olgan, biroq bu usullar odamlar hayotini saqlab qolganini va hech qachon qiynoq darajasiga yetmaganini aytgan. Prezident Barak Obama lavozimga kirishgan ikkinchi kunidayoq ularni taqiqlagan edi.
Qurbonlarning yaqinlari sudlanuvchilarning qiynoqqa solinishi shu paytgacha ularning adolatga boʻlgan huquqlarini cheklab kelganini aytishadi.
«Agar biz ularni qiynoqqa solmaganimizda, bu yerdagi huquqiy jarayonlar ancha soddaroq boʻlardi. Ular ehtimol allaqachon oʻlim jazosiga hukm qilingan boʻlardi», dedi Gerxardt. «Men hukumat nima qilganini nazorat qila olmayman va biz buning oqibatlari bilan yashashga majburmiz».
Gerxardt va Resta ikkalasi ham 2025 yil boshida Guantanamoga borishgan, oʻshanda Muhammad va uning ikki sherigi AQSh hukumati prokurorlari bilan bahsli kelishuvga binoan oʻz ayblarini tan olishlari kerak edi, bu ularni oʻlim jazosidan qutqarib qolgan boʻlardi.
AQSh hukumati «hukumat va Amerika xalqini javobgarlarning aybdorligi va oʻlim jazosi ehtimoli boʻyicha ochiq sud jarayonidan mahrum qilish» «tuzatib boʻlmaydigan» zarar keltirishini daʼvo qilganidan soʻng, kelishuv soʻnggi daqiqada toʻxtatilganda BBC ular bilan birga bazada edi.
Kelishuvning haqiqiyligi boʻyicha huquqiy bahslar hali ham davom etmoqda.
Qurbonlarning baʼzi yaqinlari bu kelishuvni yagona samarali yoʻl deb hisoblashgan boʻlsa, boshqalari bu juda yumshoq va shaffoflikdan yiroq ekanini aytishdi.
Resta ayblov hukmlarini taʼminlash uchun kelishuvni qoʻllab-quvvatlaganini aytdi.
«Mening falsafam shundaki, bu odamlar koʻchada yuradigan odamlar emas, lekin men uchun ular hozir turgan joylarida qolishlari mumkin. Men faqat ularning mahkum etilishini xohlayman», dedi u.
Otasi Bryus hujumlarda halok boʻlgan Brett Iglson esa aybni boʻyinga olish kelishuvidan koʻra toʻliq sud jarayonini xohlashini aytdi.
«Bu men ushbu mahbuslar uchun hayot yoki oʻlim haqida fikr bildirayotganim uchun emas, balki men sud tizimiga ishonaman va bu jarayon ishlashiga ishonaman. Sud va haqiqatni ochiq aytish haqiqatni yuzaga chiqarishning yoʻlidir», dedi u.
Iglson Guantanamodagi vaziyatni «tartibsizlik» deb atadi va u yerdagi sud oldi eshituvlarining hech birida qatnashmaslikni tanlaganini aytdi.
«Mening umumiy hissiyotim — AQSh hukumati tomonidan xiyonat qilinish va haddan tashqari umidsizlik hissi», dedi u. «Ular bu sudning har bir qismini barbod qilishdi».
Hujumlardan beri 25 yil oʻtgan boʻlsa-da, u 11 sentyabr oʻz hayotida doimiy boʻlib qolganini, ammo keng jamoatchilik uchun bu «tarixiy voqeaga aylanib borayotganini» aytdi.
«Menimcha, odamlar shunchaki biz Bin Lodenni qoʻlga kiritdik, Iroqdan chiqdik, Afgʻonistondagi urush tugadi deb oʻylashadi va ular bu bob yopildi deb hisoblashadi».
Sud jarayoni Guantanamodagi harbiy sudda boshlanganidan keyin, u taxminan bir yil davom etishi kutilmoqda.
Professor Keysi MakKall-Smitning aytishicha, sud oldi eshituvlaridan maqsad «qaysi dalillar qabul qilinishi va qaysilari qabul qilinmasligini» hal qilish boʻlgan.
«Agar bu oldindan kelishib olinsa, sud jarayoni tezroq kechishi mumkin», deb tushuntirdi u.
Qurbonlarning yaqinlari yaqinlarini yoʻqotganliklarining navbatdagi yilligiga tayyorgarlik koʻrayotgan bir paytda, Gerxardt sud tugaydigan va u boshqa Guantanamo haqida oʻylashi yoki u yerga sayohat qilishi shart boʻlmagan kunni intizorlik bilan kutayotganini aytdi.
«Bu men qaytib kelishni istamaydigan joy. Men oʻz hayotimni yashashni, oʻz qiziqishlarimdan va Ralf haqidagi xotiralarimdan zavqlanishni xohlayman», dedi u.

