Mahalliy

Dohada Oʻzbekistonning yettita muzeyidan keltirilgan noyob artefaktlar namoyish etilmoqda

Afrosiyob devoriy suratlari, «Katta Langar» Qurʼoni, Buxoro kulolchilik buyumlari va Oʻzbekiston muzeylarining boshqa osori-atiqalari Dohadagi «Oʻzbekiston: harakatdagi meros» koʻrgazmasida namoyish etilmoqda. Koʻrgazma Oʻzbekiston Islom merosining rivojlanishi va uning madaniy hayotga taʼsirini tadqiq etadi.

Dohada Oʻzbekistonning yettita muzeyidan keltirilgan noyob artefaktlar namoyish etilmoqda

Qatar poytaxti Doha shahrida Oʻzbekistonning madaniy merosi va uning shakllanishida Islom dinining oʻrniga bagʻishlangan «Oʻzbekiston: Harakatdagi meros» koʻrgazmasi ochildi. Bu Sanʼat va madaniyatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Islom sanʼati muzeyining qoʻshma tashabbusidir.

Toʻrtta mavzuiy boʻlimdan iborat koʻrgazmada Oʻzbekistonning yettita yetakchi muzeyi va Qatardagi toʻplamlardan olingan, islomgacha boʻlgan davrdan boshlab Somoniylar va Temuriylar davri orqali bugungi kungacha boʻlgan davrni qamrab olgan 36 ta noyob artefakt taqdim etilgan. Shuningdek, unda anʼanaviy hunarmandchilik va toʻqimachilik sanʼati namunalari ham joy olgan. Namoyish etilayotgan ashyolar qatorida Afrosiyob devoriy suratlari, «Katta Langar» Qurʼoni, Sharqshunoslik instituti qoʻlyozmalari, Buxoro kulolchilik buyumlari, XIX–XX asrlarga oid milliy liboslar, zargarlik buyumlari, ipak matolar va anʼanaviy hunarmandchilik mahsulotlari bor.

«Bu Qatar xalqi va mehmonlarini mamlakatimiz tarixi va merosi bilan tanishtirish uchun ajoyib imkoniyat hamda Oʻzbekiston va Qatar oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishdagi yana bir muhim qadamdir», dedi Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva. U ochilish marosimida Shayxa Al-Mayassa bint Hamad bin Xalifa Al Taniy bilan birga ishtirok etdi.

Koʻrgazmaning ommaviy dasturidan anʼanaviy hunarmandchilikka bagʻishlangan maʼruzalar, mahorat darslari va taqdimotlar oʻrin olgan. Rassom Davlat Toshev mahalliy rassomlar va tashrif buyuruvchilar uchun Sharq miniatyurasi va «Abru-bahor» texnikasi boʻyicha maxsus mahorat darslari turkumini oʻtkazadi. Mahorat darslari uning rezidentsiyasi doirasida 3 sentyabrdan 16 sentyabrgacha davom etishi rejalashtirilgan.

Shu kuni yetti nafar qatarlik hunarmandning Toshkent, Samarqand va Buxoroga qilgan safari natijalarini taqdim etuvchi «Ektashif Uzbekistan» koʻrgazmasi ham ochildi. Oʻzbekiston madaniyati va anʼanalaridan ilhomlangan holda ular zargarlik buyumlari, qadimiy kalligrafiya uslubida yozilgan matnlar va gilamlar yaratdilar, shuningdek, sayohat davomida olingan fotosuratlarni namoyish etdilar.

Islom sanʼati muzeyidagi «Oʻzbekiston: Harakatdagi meros» koʻrgazmasi tashrif buyuruvchilar uchun 2026 yil 28 noyabrgacha ochiq boʻladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.