“Dizel, dizel, dizel”: Tramp yana Zelenskiydan Rossiya NQIZlariga zarbalarni toʻxtatishni talab qildi — OAV

“Dizel, dizel, dizel”: Tramp yana Zelenskiydan Rossiya NQIZlariga zarbalarni toʻxtatishni soʻradi — OAV
Tramp 20-sentyabr kuni Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashdi. Keyin Ukraina prezidenti Nyu-Yorkda 22-sentyabr kuni boshlanadigan BMT Bosh assambleyasi sessiyasi doirasida Oq uy rahbari bilan uchrashishga kelishib olganini bildirdi. Axios va Financial Times manbalariga ko‘ra, suhbat chog‘ida Tramp Zelenskiyga bir necha bor Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga (NQIZ) zarba berishni to‘xtatishi kerakligini aytgan. Bu zavodlarda, jumladan, dizel yoqilg‘isi ham ishlab chiqariladi.
13-sentyabr kuni Tramp dunyo bo‘ylab dizel narxining oshishiga AQSH va Isroilning Eron bilan ziddiyati emas, balki Rossiya–Ukraina urushi sabab bo‘layotganini aytgandi. Shuningdek, AQSH prezidenti Zelenskiyni “bitta ish qilishga” — Rossiyadagi dizel ishlab chiqaruvchilarga zarbalarni to‘xtatishga chaqirdi.
Ertasi kuni Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida Ukraina va Rossiya energetika infratuzilmasiga o‘zaro zarbalarni to‘xtatishga kelishib olganini yozdi. Biroq bu ma’lumotni na Moskva, na Kiyev tasdiqladi.
20-sentyabr kuni Ukraina harbiylari Moskvaning Kapotnya hududidagi NQIZga zarba berdi. Bu Moskva bo‘ylab amalga oshirilgan keng ko‘lamli hujumning bir qismi bo‘ldi. Rossiya rasmiylari ushbu zarbani urush boshlanganidan beri poytaxtga uyushtirilgan eng yirik hujum deb atadi.
Dushanba kuni AQSH prezidenti Ukraina zarbalari haqida yana Truth Social’dagi sahifasida fikr bildirdi.
“Rossiya, afsuski, Ukraina bilan urush tufayli o‘z dizel yoqilg‘isi sanoati ustidan nazoratni yo‘qotdi. Dizel ishlab chiqaradigan ko‘plab korxonalar portlatildi yoki kamida vaqtincha ishlamayapti. Ukraina bilan bu bema’ni va oxiri yo‘q urushni yakunlash kerak. Butun dunyo bundan aziyat chekmoqda, har oy 25 ming kishi, asosan harbiylar halok bo‘lmoqda”, — deb yozdi Tramp.
FT jurnalistlari Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi telefon suhbatida qatnashgan yuqori martabali ukrainalik amaldor bilan gaplashganini yozmoqda. Manba suhbat mazmunini shunday ta’riflagan:
“Amerika prezidentining asosiy gapi ‘dizel, dizel va yana dizel’ bo‘ldi. U Zelenskiyni harbiylarga dron va raketa zarbalarini to‘xtatish haqida buyruq berishga chaqirdi.”
“Suhbat davomida ‘dizel’ so‘zi ko‘p bor tilga olindi”, — dedi muzokara mazmunidan xabardor boshqa manba Axios’ga.
FT bilan gaplashgan yana bir Ukraina rasmiysiga ko‘ra, Tramp dizel yoqilg‘isi narxlarining oshishidan xavotir bildirgan. U taqchillikni kamaytirish uchun Rossiyadan dizel eksportini yo‘lga qo‘yish kerakligini ham taklif qilgan.
Dizel narxlari oshishiga haqiqatan ham Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi sabab bo‘lyaptimi?
Avgust oxirida Rossiya dizel eksportiga qo‘yilgan taqiqni 30-sentyabrgacha uzaytirdi. Bu cheklov dastlab 8-iyulda joriy etilgandi. Bunga Rossiya NQIZlariga Ukraina tomonidan muntazam zarbalar berilishi ortidan mamlakat ichida yoqilg‘i tanqisligi yuzaga kelgani sabab bo‘lgan.
BBC iqtisodiy sharhlovchisi Aleksey Kalmikov tushuntirishicha, ekspertlar neft va dizel yoqilg‘isi narxlarining oshishiga bir necha omil sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda. Ulardan faqat bittasi Ukrainadan Rossiyadagi zavodlarga berilayotgan zarbalar bilan bog‘liq.
Qolgan sabablar esa Fors ko‘rfazidan neft va neft mahsulotlari yetkazib berishdagi jiddiy uzilishlar bilan izohlanadi. Bunga AQSH va Isroilning Eronga hujumi hamda undan keyin Hormuz bo‘g‘ozining bloklanishi sabab bo‘lgan.
BBC muxbiri dunyo bo‘yicha har kuni qariyb 30 million barrel dizel yoqilg‘isi iste’mol qilinishini eslatdi. Uning katta qismi iste’molchi mamlakatlarning o‘zida ishlab chiqariladi. Biroq ilgari kuniga 7–8 million barrel dizel dengiz orqali import qilingan.
Bu importning qariyb 20 foizi Yaqin Sharq, yana 10 foizga yaqini Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.
FT o‘z maqolasida dizel yoqilg‘isi masalasi AQSHda oraliq saylovlar arafasida prezident uchun siyosiy muammoga aylanganini qayd etdi.
Nashrning yozishicha, AQSHning Eron bilan urushi va Rossiya–Ukraina mojarosi oqibatida infratuzilmaga yetgan zarar yoqilg‘i taklifini kamaytirib, AQSHda narxlarning misli ko‘rilmagan darajada oshishiga olib kelmoqda.
FT bilan suhbatlashgan ukrainalik amaldorlardan biri Tramp Rossiyaga qarshi yaqinda qabul qilingan va o‘zi imzolagan “jahannam sanksiyalari” haqidagi qonunni qo‘llashga shoshilmayotgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirgan. Uning taxminicha, Tramp shu yo‘l bilan Ukrainani Rossiyaga zarbalarni to‘xtatishga undashga urinayotgan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, manba AQSH prezidenti bu sanksiyalardan Moskvaga bosim o‘tkazish vositasi sifatida ham foydalanishi mumkinligini istisno qilmagan.
Zelenskiy Nyu-Yorkda Tramp bilan bo‘ladigan uchrashuv “ko‘p narsani o‘zgartirishi mumkin”ligini yozdi.
“Keskinlikni yumshatish bo‘yicha ayrim g‘oyalar, shuningdek, xavfsizlikning asosiy masalalari — energetika, oziq-ovqat xavfsizligi va insonlar hayotini himoya qilish bo‘yicha takliflar bor”, — deyiladi Ukraina prezidenti bayonotida.
Zelenskiy, shuningdek, Trampga sanksiyalar haqidagi qonunni imzolagani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu qonunni yaqinda to‘satdan vafot etgan amerikalik senator Lindsi Grem faol ilgari surgandi. Ukraina prezidenti AQSh prezidentining maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning yaqinda Kiyevga tashrifi uchun ham Trampga rahmat aytdi.
O‘sha tashrif chog‘ida Zelenskiy Uitkoff va Kushner tinchlikka erishish bo‘yicha qandaydir “yangi g‘oyalar” olib kelganini ma’lum qilgan, biroq ularning mazmunini ochiqlamagan edi.
Tomonlar, shuningdek, Ukraina, AQSH va Rossiya delegatsiyalari ishtirokidagi uch tomonlama tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga kelishib oldi. Ukraina va Rossiya rasmiylari bunday maslahatlashuvlar oktyabr oyidayoq qayta o‘tkazilishi mumkinligiga umid bildirgan.
G‘arb ekspertlari esa Rossiya prezidenti Vladimir Putin energetika sohasida sulh tuzishdan manfaatdor ekaniga shubha qilmoqda. Ularning fikricha, Putin qishda Ukraina elektr stansiyalari va boshqa muhim infratuzilma obyektlariga zarbalarni kuchaytirib, shu yo‘l bilan Kiyevni yon berishga majbur qilishga urinishi mumkin.

