Dunyo

Dizel bitimi doirasida Rossiyadan AQSHga yo‘lga olgan tankerlar yo‘nalishini o‘zgartirdi

Bu Trampning Moskva bilan tuzgan shov-shuvli kelishuvi barbod bo‘layotganidan dalolat berishi mumkin. Sanksiyaga tushgan kemalar Qo‘shma Shtatlar sohillari o‘rniga Jazoir va Braziliya tomon yo‘l oldi.

Dizel bitimi doirasida Rossiyadan AQSHga yo‘l olgan tankerlar yo‘nalishini o‘zgartirdi

Rossiyadan AQSHga dizel yonilg‘isi olib ketayotgan ikki tanker o‘z yo‘nalishini o‘zgartirdi. Sanksiyaga tushgan ushbu kemalarning yo‘nalishini o‘zgartirgani haqida Financial Times’ga tayanib The Telegraph xabar berdi.

Bu holat Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampning Rossiya bilan dizel bo‘yicha kelishuvi muammoga duch kelganini ko‘rsatmoqda.

Oktyabr oyida Tramp AQSHga dizel import qilish bo‘yicha Kreml bilan kelishuv imzolagan. Shundan so‘ng Qo‘shma Shtatlar Moliya vazirligi Rossiya yonilg‘isiga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtincha olib tashlagan.

Bu kelishuv demokratlar, ba’zi respublikachilar hamda Yevropa rasmiylari tomonidan keskin qoralandi. Ular Trampni Vladimir Putinga bo‘lgan bosimni kamaytirishda va Kreml g‘aznasini boyitishda aybladi.

“Bu kelishuv dushmanimizga berilgan sovg‘a va ittifoqchilarimizga nisbatan xiyonatdir. Uni bekor qilish kerak”, deyiladi AQSH senatorlarining Oq uyga, moliya vaziri Skott Bessent va davlat kotibi Marko Rubioga yo‘llagan maktubida.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bu qarordan hayratda qolganini aytdi. U buni kuchli ittifoqchilar tomonidan qabul qilingan zaif qaror deb baholadi.

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni ham o‘z munosabatini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina shaharlari bombardimon qilinayotgan bir paytda Moskva bilan bunday bitim tuzish Rossiyani shunchaki oqlab berishni anglatadi.

Biroq bu kelishuv Tramp uchun qishloq hududlaridagi saylovchilarni tinchlantirishga qaratilgan so‘nggi chora bo‘lgandi. Sababi fermerlar Eron bilan urush tufayli dizel narxi oshganidan, ayniqsa, ko‘p aziyat chekmoqda.

“Amerikaliklar, ayniqsa, bizning buyuk fermerlarimiz hamda yuk mashinasi haydovchilari uchun narxlarni arzonlashtirish men uchun eng birinchi galdagi vazifadir”, deb yozgan edi Tramp 9-oktyabr kuni kelishuvni e’lon qilar ekan.

Ammo kelishuv respublikachilarning oraliq saylovlardagi imkoniyatlarini oshira olmadi. Demokratlar Kongressning har ikki palatasida ustunlikni qo‘lga kiritdi.

Talisman nomli tanker AQSHning Atlantika okeani sohili tomonga harakatlanayotgandi. Ammo kemalarni kuzatish ma’lumotlariga ko‘ra, u Jazoir qirg‘oqlari yaqinida teskari tomonga qarab ketmoqda. Leruo nomli boshqa bir tanker esa Braziliyaga qarab ketayotgani ma’lum bo‘ldi. Financial Times’ning yozishicha, yana bir tanker haligacha AQSH tomonga qarab harakatlanmoqda.

Tankerlarning yo‘nalishini o‘zgartirishiga AQSHga yetib borgach, ularni qabul qilish-qilmaslik borasidagi noaniqlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Rasmiylar bu yuklarning qanchalik qonuniyligi bo‘yicha bir to‘xtamga kela olmayapti.

2-noyabr kuni Nyu Jersi gubernatori Miki Sherrill o‘z shtatidagi port terminali operatorlarini Rossiya dizelini qabul qilmaslik haqida ogohlantirdi.

“Tramp ma’muriyati da’vati bilan AQSHning sharqiy sohiliga olib kelinayotgan noqonuniy Rossiya yonilg‘isini sotib olish yoki kemadan tushirish kompaniyalar va jismoniy shaxslarni fuqarolik hamda jinoiy javobgarlikka tortishga olib kelishi mumkin”, deb yozdi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.