Mahalliy

«Dizayn-kod — muhitni rivojlantirish kaliti». Urbanist Darya Kovalenko — Yangi Toshkentning dizayn-kodi haqida

Dizayn-kod shahar muhitini rivojlantirish kalitiga aylanishi mumkin, degan fikrda Atlas byurosi urbanisti va strategi Darya Kovalenko. Tashkent Design Week tadbirida ekspert jamoaning Yangi Toshkent dizayn-kodi ustida olib borgan ish tajribasi bilan oʻrtoqlashdi va nima uchun u qurilish yakunlanganidan keyin emas, balki hozirnoq zarurligini tushuntirib berdi.

«Dizayn-kod — muhitni rivojlantirish kaliti». Urbanist Darya Kovalenko — Yangi Toshkentning dizayn-kodi haqida

Noldan barpo etilayotgan shahar uchun dizayn-kodni qanday ishlab chiqish mumkin? Bu haqda 28 oktyabr kuni Tashkent Design Week doirasida Atlas byurosi urbanisti va strategi Darya Kovalenko (Rossiya) soʻzlab berdi. U muhitni kompleks rivojlantirish uchun beshta kitobdan iborat illyustratsiyali maʼlumotnoma va qoʻllanma — «Yangi Toshkent Atlasi»ni taqdim etdi. Ekspert jamoa ishiga qanday tadqiqotlar asos boʻlganini va nima uchun loyihalashda hatto qushlarning uchish yoʻnalishlarini ham hisobga olish muhimligini tushuntirdi.

Darya Kovalenkoning soʻzlariga koʻra, dizayn-kod shaharning yagona qiyofasini shakllantirishga, loyihachilar, arxitektorlar va dizaynerlarning harakatlarini muvofiqlashtirishga, shuningdek, yaratilgan muhit yillar oʻtib qanday ishlashini oldindan oʻylab koʻrishga yordam beradi. Jarayonning har bir ishtirokchisi oʻz yechimini taklif qilishi mumkin, ammo umumiy qoidalarsiz alohida loyihalar tarqoq elementlar boʻlib qolishi mumkin.

Ekspert dizayn-kodni ishlab chiqish allaqachon qurilgan narsalarni tartibga solishga urinish emas, balki yangi shaharni loyihalashdan oldin amalga oshirilishi kerakligini taʼkidladi.

Bunday yondashuv arxitektorlar har safar noldan boshlamasdan, balki talablar va tayyor yechimlarning umumiy tizimiga tayanishini anglatadi.

«Menga shunday tuyuladiki, talqinlar soni boʻyicha faqat master-reja dizayn-koddan oʻzib ketishi mumkin. Dizayn-kod soʻzi ostida turli mahsulotlar yashiringan boʻlishi mumkin. Men bu yerdagi asosiy soʻz „kod“ der edim. Bu muhitni rivojlantirish kalitidir», — dedi Kovalenko.

Urbanist tushuntirishicha, ayrim hollarda dizayn-kod obodonlashtirishni tartibga soladi, boshqalarida — qurilish parametrlari, arxitektura yechimlari va fasadlar bilan ishlashni belgilaydi, uchinchi holatlarda esa — peshlavhalar va axborot konstruktsiyalariga qoʻyiladigan talablarni oʻrnatadi.

Yangi Toshkentning noldan yaratilayotganida afzalliklar ham, zaif tomonlar ham bor. Bir tomondan — bu ijod uchun top-toza varaq, boshqa tomondan — tayanish mumkin boʻlgan shakllangan shahar turmush tarzining yoʻqligi.

«Tadqiqot va kontekst katta rol oʻynaydi, chunki arxitektura obʼyektlarini hudud boʻylab shunchaki joylashtirib chiqib boʻlmaydi. Buni qaysi mantiq boʻyicha va kim uchun qilishni tushunish kerak. Maqsadli auditoriyani tushunish uchun marketing tadqiqotlari zarur: bu shaharda yoki yangi tumanda kim yashaydi, ular u yerda nima bilan shugʻullanadi, yaʼni kelajakdagi hayotning muayyan stsenariysini yaratish kerak», — deb tushuntirdi Darya Kovalenko.

Byuro mutaxassislari Toshkentga moʻljal oldilar va uning qiyofasini qaysi shaharsozlik qonuniyatlari shakllantirishini, aholi jamoat joylaridan qanday foydalanishini tahlil qildilar. Tadqiqotga hududlarni zonalarga ajratish, joy tarixi, iqtisodiyot, shahar muhitini boshqarish va jamoat joylarini saqlash masalalari kirdi.

«Masalan, biz dijital-antropologiya oʻtkazamiz, yaʼni odamlar qayerda suratga tushishini kuzatamiz. Bu biz uchun qayerga borish qiziqarli ekanini, jalb qiladigan joylarni koʻrsatadi. Va muhitning aslida qanday koʻrinishi va qanday ishlashi oʻrtasidagi korrelyatsiyani koʻrish uchun ushbu qonuniyatlarni atrofda, jamoat joylari bor-yoʻqligi, ular qanchalik yaxshi obodonlashtirilganini aniqlaymiz», — dedi urbanist.

Tadqiqot umumiy kuzatuvlardan shahar muhitini tasniflashga oʻtish imkonini berdi. Mutaxassislar morfologiyasi, qurilishni tashkil etish tamoyillari va binolarning oʻzaro joylashuvi bilan farqlanadigan muhitning oltita asosiy turini ajratib koʻrsatdilar. Uylar oʻrtasidagi masofalar, binolarning parametrlari va alohida elementlarning yaxlit fazoviy tuzilmaga qanday birlashishi hisobga olindi.

Muhitning har bir turi uchun qurilish xususiyatlari va uning hududda tashkil etilishi tavsiflangan pasport tayyorlandi. Ushbu asosda kelajakdagi koʻchalar, xiyobonlar, park va boshqa jamoat joylarining parametrlari allaqachon belgilab olindi. Bunda vazifa tarixiy shakllarni soʻzma-soʻz takrorlash emas, balki zamonaviy arxitekturaga shakllangan shahar bilan uygʻun aloqada boʻlish imkonini beradigan tamoyillarni izlashdan iborat edi.

Yangi Toshkentni rivojlantirish atlasi tarkibidagi kitoblar shu tariqa paydo boʻldi.

Yangi Toshkentning dizayn-kodi besh qismdan iborat. Ulardan biri shaharning master-rejasi ustida ishlagan Cross Works byurosi mutaxassislari tomonidan Atlas ishtirokida ishlab chiqilgan. Qolgan toʻrttasi obodonlashtirish, arxitektura reglamenti, montaj va ekspluatatsiya qilish qoidalariga bagʻishlangan.

Darya Kovalenko obodonlashtirish boʻyicha kitob shahar muhitini tashkil etish tamoyillarini va loyihachilar koʻchalar, parklar va rekreatsiya hududlari uchun yechimlarni yigʻishlari mumkin boʻlgan elementlar toʻplamini belgilashini qayd etdi. Arxitektura reglamenti fasadlar, materiallar, detallar va binolarning tashqi koʻrinishiga qoʻyiladigan talablarni oʻrnatadi.

Montaj va ekspluatatsiyaga alohida eʼtibor qaratilgan. Ushbu boʻlimlar arxitektura kontseptsiyalariga qaraganda kamroq sezilarli boʻlib tuyulishi mumkin, ammo aynan ular shahar muhiti oʻz sifatlarini qancha vaqt saqlab qolishini belgilaydi.

«Juda koʻp hollarda arxitektorlar muhit ustida ishlayotganda iqtisodiy jihatlarni unutishadi. Eng nafis arxitektura shohasarini oʻylab topish mumkin, ammo agar shaharning boshqaruvchi kompaniyasida buni yillar davomida kerakli holatda saqlash uchun mablagʻ boʻlmasa, afsuski, u oʻz sifatlarini yoʻqotadi», — deb taʼkidladi ekspert.

Uning soʻzlariga koʻra, notoʻgʻri tanlangan materiallar, montaj paytidagi xatoliklar yoki tushunarli xizmat koʻrsatish qoidalarining yoʻqligi hatto muvaffaqiyatli arxitektura yechimlarini ham asta-sekin yoʻqqa chiqarishi mumkin.

«Ekspluatatsiya boʻyicha kitob muhitni parvarish qiladigan boshqaruvchi kompaniyalar uchun muhimdir. Aslida, bu kontseptualistlar tomonidan oʻz loyihalarida tez-tez nazardan chetda qoldiriladigan, ammo kelajakda har qanday loyihaning iqtisodiy barqaror hayoti uchun juda muhim boʻlgan katta koʻrinmas qismdir», — deb tushuntirdi Kovalenko.

Dizayn-kodni ishlab chiqish bosqichlaridan biri koloristikaga bagʻishlangan edi.

Mutaxassislar shahar muhitining rang xususiyatlarini oʻrgandilar, toʻplangan maʼlumotlarni tizimlashtirdilar va turli xildagi muhitlar uchun palitralarni shakllantirdilar.

Hujjatda iqlimni hisobga olgan holda quyoshdan himoya qilish tizimlari va fasad materiallaridan foydalanish boʻyicha tavsiyalar nazarda tutilgan. Bunda mutaxassislar tarixiy arxitektura elementlariga murojaat qilib, ularning tamoyillarini zamonaviy qurilishda qanday qayta talqin qilish mumkinligini koʻrib chiqdilar.

Ishda materiallarning mahalliy sharoitlarga mosligini baholashga yordam bergan ekologik barqarorlik boʻyicha konsultantlar ishtirok etdilar. Yechimlarni tanlashda nafaqat ularning tashqi koʻrinishi va chidamliligi, balki atrof-muhitga taʼsiri ham hisobga olindi.

Darya Kovalenko koʻplab binolarning paydo boʻlishi odatiy yashash muhitini oʻzgartirishini taʼkidladi.

«Katta yangi baland qavatli binolarni yaratish orqali biz u yoki bu tarzda baʼzi tabiiy jarayonlarni buzamiz. Biz, ekspertlar va umuman oluvda shahar aholisi uchun bunday koridorlarni saqlab qolish masʼuliyatdir. aynan shuning uchun loyihada biz oyna effektini saqlab qolishi mumkin boʻlgan, ammo qushlarning uchish koridorlariga xalaqit bermaydigan yorugʻlik qaytarish xususiyatlari haqida gapirib berdik», — dedi urbanist.

Shu tariqa, xalqaro tajriba Toshkent tadqiqotlari bilan birgalikda ishlatildi, biroq tayyor yechimlar Oʻzbekistonning iqlim, madaniy va shaharsozlik xususiyatlariga moslashtirildi.

«Biz fazo mantigʻini tushunganimizda, obodonlashtirish qoidalari — bu, mohiyatan, kelajakdagi loyihalash uchun shunday konstruktorki, arxitektorlar ushbu kitobni olib, faqat oʻz ijodini qoʻshib, aynan Oʻzbekiston kontekstiga mos keladigan tayyor yechimlarni ushbu alohida elementlardan, muhit fragmentlaridan, uzellardan yigʻishlari mumkin», — deb tushuntirdi Kovalenko.

Byuro tomonidan ishlab chiqilgan atlas jami 300 dan ortiq materiallar pasportini, 80 dan ortiq batafsil illyustratsiyalarni, shuningdek, Yangi Toshkentni shaharsozlikda foydalanish mumkin boʻlgan chek-listlar va loyihalash va qoʻllash boʻyicha bosqichma-bosqich koʻrsatmalarni oʻz ichiga oladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.