“Dijeylik — sevimli mashg‘ulotim”. Ta’lim vaziri birinchi o‘rinbosari — elektron musiqaga qiziqishi haqida
Ta’lim vaziri birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan Oybek Yo‘ldoshev Gazeta bilan suhbatda dijeylik hobbisi va shoir G‘afur G‘ulomning nabirasi ekani haqida gapirib berdi. Yaqinda uning 2024-yilda 'Stixiya' festivalidagi chiqishi tarmoqlarda tarqalib, ijobiy kutib olingandi.

“Dijeylik — sevimli mashg‘ulotim”. Ta’lim vaziri birinchi o‘rinbosarining elektron musiqaga qiziqishi haqida
Oybek Yo‘ldoshev 20-oktabr kuni ta’lim va ilm-fan vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangach, uning 2024-yilda “Stixiya” elektron musiqa festivalidagi chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik uning dijeylikka bo‘lgan qiziqishini ijobiy qarshi oldi.
U 27-oktabr kuni InnoWeek-2026 xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligining ochilish marosimidan keyin Gazeta muxbiriga bergan intervyusida elektron musiqaga qiziqishi qanday boshlanganini, dijeylik bilan shug‘ullanishi va yangi lavozimida bu hobbi uchun qanchalik vaqt ajrata olishi haqida so‘zlab berdi.
Oybek Yo‘ldoshevning elektron musiqaga qiziqishi 1997-yilda ATB taxallusi bilan ijod qiluvchi nemis dijeyi Andre Tannenbergning “9 PM (Till I Come)” treki va 1999-yildagi Movin' Melodies albomi bilan boshlangan. O‘sha paytda amakivachchasi olib kelgan musiqa to‘plami uni trans janri bilan tanishtirgan.
“Dastlab trans musiqani tinglab, asta-sekin o‘z kolleksiyamni to‘play boshlaganman. Vaqt o‘tishi bilan bu shunchaki musiqa emas, balki o‘z madaniyati, estetikasi va ichki mantig‘iga ega alohida bir olam ekanini angladim”, — deydi Yo‘ldoshev.
2001−2002-yillarda Angliyada magistraturada o‘qigan davrida uning musiqiy qiziqishlari yanada kengaygan. Turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan tanishuv unga haus va boshqa elektron musiqa yo‘nalishlarini kashf etish imkonini bergan.
Paul Oakenfold, Sasha, John Digweed, Hernan Cattaneo, Dave Seaman va Nick Warren kabi dijeylar ijodi, shuningdek, Renaissance va Global Underground to‘plamlari uning musiqiy didi shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan.
“O‘sha davrda dijey setini shunchaki treklar ketma-ketligi emas, balki boshlanishi, rivoji va avji bor yaxlit musiqiy sayohat sifatida tushuna boshladim”, — deydi u.
Yo‘ldoshev dijeylikni Angliyada o‘qigan paytida o‘rgana boshlagan. 2001-yilda grek do‘stlari unga olti kanalli miksher sotib olib, undan foydalanishni o‘rgatgan. U CD pleyerli Walkman va musiqa markazini miksherga ulab, treklarni bir-biriga moslashtirishni mashq qilgan.
Keyinchalik uning qiziqishlari transdan progressiv hausgacha, texno va minimaldan tortib, atmosferasi chuqurroq elektron musiqagacha bo‘lgan yo‘nalishlarni qamrab olgan. U musiqani ijrochilar bilan birga, muayyan janrlarni shakllantirgan leybllar orqali ham izlay boshlagan.
Bedrock, Sudbeat, Selador, Lost & Found, Anjunadeep, Mango Alley va Balance kabi leybllar, Guy J va Quivver singari ijrochilar, shuningdek, Kiasmos va Apparat kabi loyihalar uning musiqiy didiga ta’sir ko‘rsatgan.
“Men uchun bir janr bilan cheklanib qolmaslik, progressiv musiqa, elektronika va chuqur texno kesishmasida o‘zimga xos ovoz va kayfiyatni izlash muhim”, — deydi u.
Yo‘ldoshev o‘zini professional dijey deb hisoblamaydi. U musiqani mustaqil izlash, to‘plash va uyda mikslar tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Ingliz tilida bunday format bedroom DJ deb ataladi.
“To‘g‘risini aytsam, o‘zimni professional dijey deb hisoblamayman. Men ko‘proq uyda o‘tirib, elektron musiqalarni izlaydigan, to‘playdigan va mustaqil ravishda dijeylikni o‘rganadigan odamman. Bu — men uchun jiddiy hobbi”, — dedi u.
2024-yilda Yo‘ldoshev “Stixiya” festivalida chiqish qilishga taklif etilgan. Uning aytishicha, bu taklif o‘zini sinab ko‘rish imkoniyati bo‘lgan.
“Meni taklif qilib, ishonch bildirganlari uchun katta rahmat aytmoqchiman. Men uchun eng muhimi — yangi topgan musiqalarimni, boshqalar hali eshitmagan treklarni odamlar bilan bo‘lishish”, — deydi u.
Festivaldan tashqari, Yo‘ldoshev do‘stlarining taklifi bilan turli tadbirlarda ham musiqa qo‘yib turadi. Musiqa uning uchun nafaqat hordiq chiqarish, balki diqqatni jamlash va qayta kuch to‘plash vositasi hamdir. Dijeylikdagi tajriba, uning fikricha, kasbiy faoliyatda ham asqatadi: har ikkisida jarayonni to‘g‘ri tashkil etish, vaqtni his qilish va muhim nuqtalarni ajrata bilish kerak.
Yo‘ldoshev dijeylikni kasbga aylantirishni maqsad qilmagan. U uchun bu mashg‘ulotning asosiy mazmuni — tinglovchilarni yangi musiqa bilan tanishtirish.
“Dijeyning vazifasi faqat mashhur treklarni qo‘yish emas, balki odamlarga ular hali eshitmagan musiqalarni ochib berish. Agar tinglovchi set davomida yangi musiqani kashf etsa, demak, buning o‘zi katta natija”, — deydi u.
Ta’lim va ilm-fan vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanganidan so‘ng Yo‘ldoshevning oldida yangi vazifalar paydo bo‘ldi. U hobbiga qancha vaqt ajrata olishi ish jarayoni va oilaviy sharoitga bog‘liq bo‘lishini aytdi.
“Ishni endi boshladik. Oldimda turgan vazifalar juda ko‘p, bildirilgan ishonch uchun minnatdorman. Dijeylik bilan qanchalik shug‘ullana olishimni esa ish va oilaviy sharoitga qarab ko‘ramiz”, — deydi u.
Suhbatda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yana bir ma’lumot — uning shoir G‘afur G‘ulomga qarindoshligi haqida ham so‘raldi. “Men G‘afur G‘ulomning kenja qizining o‘g‘liman, ya’ni nabirasiman”, — deydi Oybek Yo‘ldoshev.
Eslatib o‘tamiz, Oybek Yo‘ldoshev vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lgunga qadar PwC Uzbekistan kompaniyasida davlat sektori, infratuzilma va ESG bo‘yicha konsalting amaliyoti direktori lavozimida faoliyat yuritgan.

