Dunyo

Deyarli Stolipinchasiga

Qozogʻistonliklarga megapolislardan ixtiyoriy koʻchib oʻtganlari uchun pul toʻlanadi

Deyarli Stolipinchasiga

Qozogʻistonda fuqarolarga yirik shaharlar va aholi zich joylashgan hududlardan ishchi kүchi tanqis boʻlgan viloyatlarga ixtiyoriy koʻchib oʻtgani uchun toʻlanadigan subsidiyalar tasdiqlandi. Toʻlovlarni ajratish qoidalari QR Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi tomonidan tasdiqlandi, tegishli buyruq huquqiy axborot onlayn-bankida eʼlon qilindi.

Aholi koʻchib chiqib ketadigan hududlar qatoriga Olmaota, Ostona va Chimkent shaharlari, shuningdek, Jambil, Turkiston va Mangʻistov viloyatlari kiritildi. Oxirgi 10 yil ichida aholining 2 foizdan ortiq oʻsishi yoki aholi zichligining bir kvadrat kilometrga 6,4 kishidan ortiq boʻlishi mezon boʻlib xizmat qildi.

Qoʻllab-quvvatlashni, masalan, hukumat xodimlarga ehtiyoj borligini qayd etayotgan Sharqiy Qozogʻiston, Shimoliy Qozogʻiston, Qoʻstanay, Pavlodar, Abay, Qaragʻanda yoki Ulitau viloyatlariga koʻchib oʻtishda olish mumkin.

Dasturda koʻchib oʻtish va kommunal xizmatlar xarajatlarini qoplash, xizmat uy-joyi ajratish yoki uni ijaraga olish xarajatlarini qoplash, kasbiy oʻqitish va tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishda yordam berish koʻzda tutilgan. shuningdek, koʻchib oʻtganlar uy-joy sertifikatiga daʼvo qilishlari mumkin boʻladi. Subsidiyalar dastur ishtirokchilarini ishga qabul qiladigan ish beruvchilar uchun ham koʻzda tutilgan.

Toʻlovlar miqdori oylik hisob-kitob koʻrsatkichlarida (OHK) hisoblanadi. Hisob-kitoblarga koʻra, 2027 yilda toʻrt-besh kishidan iborat oila barcha shartlarga rioya qilgan taqdirda jami $20 mingga yaqin mablagʻ olishi mumkin.

Shu bilan birga, dasturda cheklovlar ham koʻzda tutilgan. Xususan, oʻz tugʻilib oʻsgan hududiga qaytayotgan va u yerda allaqachon uy-joyi boʻlgan fuqarolar, shuningdek, yangi yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtmaganlar toʻlovlarni ola olmaydilar.

Agar dastur ishtirokchisi aslida yangi hududda yashamayotgani, u yerda besh yil davomida yashash va ishlash shartini bajarmayotgani, yaqin qarindoshidan yoki moʻljallangan aholi punktidan tashqarida uy-joy sotib olgani yoki soxta hujjatlar yoki yolgʻon maʼlumotlar taqdim etgani aniqlansa, olingan mablagʻlarni qaytarishga toʻgʻri keladi.

Buyruq 2027 yil 1 yanvardan kuchga kiradi. Moliyalashtirishga boʻlgan ehtiyojni shakllantirish va toʻlovlarni «Fuqarolar uchun hukumat» davlat korporatsiyasi orqali oʻtkazishni tartibga soluvchi alohida qoidalar 2027 yil 1 iyuldan kuchga kiradi.

Yangi buyruq 2023 yil iyun oyida tasdiqlangan ixtiyoriy koʻchib oʻtish qoidalarini va unga kiritilgan keyingi oʻzgartirishlarni almashtiradi. Qozogʻistonda bir necha yildan beri turli koʻchish dasturlari amal qilmoqda, ammo shu paytgacha ular muvaffaqiyatli deb hisoblanmagan.

Mehnat vazirligining oʻtgan yozdagi maʼlumotlariga koʻra, 2017 yildan beri 73,9 ming kishi ixtiyoriy koʻchib oʻtish dasturi ishtirokchisiga aylandi, ulardan 31 ming kishini doimiy ishga joylashtirishga muvaffaq boʻlindi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.