Dunyo

Dengiz ustidan 29,2 kilometr: Xitoyda ulkan temiryoʻl koʻprigi qurilishi muhim bosqichga yetdi

Xitoyning Xanchjou qoʻltigʻida qurilayotgan 29,2 kilometrlik yuqori tezlikdagi temiryoʻl koʻprigida janubiy kema qatnovi prolyotining poʻlat konstruksiyasi tutashtirildi. Bu loyihadagi uchta kema oʻtish qismi orasida mazkur bosqich yakunlangan birinchi inshoot boʻldi.

Dengiz ustidan 29,2 kilometr: Xitoyda ulkan temiryoʻl koʻprigi qurilishi muhim bosqichga chiqdi

Global Times xabariga koʻra, ishlar Nantun - Ninbo yuqori tezlikdagi temiryoʻlining asosiy uchastkalaridan birida amalga oshirilgan. Xanchjou qoʻltigʻi orqali oʻtadigan majmua dunyodagi eng uzun dengiz ustidan oʻtuvchi yuqori tezlikdagi temiryoʻl koʻprigi boʻlishi rejalashtirilgan.

Loyiha shimoliy, markaziy va janubiy kema qatnovi kanallari ustidan quriladigan uchta koʻprikni, shuningdek, ochiq suv va sayozliklardagi tutashuv qismlarini oʻz ichiga oladi.

Poʻlat prolyoti tutashtirilgan janubiy koʻprikning umumiy uzunligi 814,5 metr, asosiy prolyoti esa 364 metrni tashkil etadi. Uning ostidan dedveyti - yuk, yonilgʻi va boshqa zaxiralarining jami ogʻirligi - 3000 tonnagacha boʻlgan kemalar oʻta oladi.

Qurilish murakkab tabiiy sharoitlarda olib borilmoqda. Xanchjou qoʻltigʻida suvning koʻtarilish va qaytish paytidagi sath farqi qariyb toʻqqiz metrga yetadi. Kuchli oqimlar va shamollar sabab dengizda ishlash uchun qulay vaqt cheklangan.

Yuqori namlik, shoʻr muhit hamda yuvilish va choʻkindi toʻplanishi tufayli dengiz tubi relyefining oʻzgarib turishi ham muhandislarga qoʻshimcha qiyinchilik tugʻdiradi.

Prolyotni birlashtirish uchun poʻlat konstruksiyalarni ikki tomondan bir-biriga qarab surish texnologiyasi qoʻllanilgan. Elementlarni aniq tutashtirishda BeiDou sunʼiy yoʻldosh navigatsiyasi va raqamli monitoring vositalaridan foydalanilgan.

Tayanchlar, poʻlat konstruksiyalar va vaqtinchalik ushlab turuvchi qismlarga oʻrnatilgan datchiklar metalldagi zoʻriqish, vantalardagi kuchlanish va elementlar siljishi haqida har bir necha millisekundda maʼlumot uzatgan. Maxsus cheklagich va moslamalar shamol taʼsirini kamaytirish hamda konstruksiyalar holatini ish jarayonida toʻgʻrilashga yordam bergan.

Tutashtirish ishlari ataylab tunda bajarilgan. Bu paytda harorat nisbatan barqaror boʻlgani uchun metallning issiqlik taʼsirida kengayishi yoki qisqarishi kamroq xalaqit bergan.

Quruvchilar xavfli ob-havo va suv sharoitlari haqida oldindan ogohlantiruvchi tizim ham yaratgan. Ish jadvali joriy vaziyatga qarab oʻzgartirib borilgan.

Endi vantalardagi kuchlanishni bosqichma-bosqich sozlash, tutashuv uchastkalarini betonlash, qolgan vantalarni oʻrnatish va taranglash hamda doimiy tayanch qismlarini montaj qilish ishlari bajariladi. Shundan soʻng koʻprik konstruksiyasi doimiy ishlash sxemasiga oʻtkaziladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.