600 metrlik oraliq: Xitoyda rekordchi koʻprik qurildi
Xitoyning Guansi-Chjuan avtonom rayonidagi Tyane–Luntan koʻprigining asosiy oraligʻi 600 metrni tashkil etib, beton arkali koʻpriklar boʻyicha yangi jahon rekordi oʻrnatdi. Muhandislar konstruksiya ogʻirligini kamaytirish va beton sarfini qisqartirish orqali ilgari deyarli yetib boʻlmaydi deb hisoblangan chegaradan oʻtishga muvaffaq boʻlgan.

600 metrlik oraliq: Xitoyda rekord oʻrnatgan koʻprik qurildi
Tyane–Luntan koʻprigi Xitoyning Guansi-Chjuan avtonom rayoni, Xechi shahar okrugi Tyane uyezdidagi Xunshuy daryosi ustida barpo etilgan.
Koʻprikning asosiy arkali oraligʻi 600 metrni tashkil qiladi. Bu beton arkali koʻpriklar boʻyicha avvalgi 445 metrlik jahon rekordidan 155 metrga koʻp.
Inshootning umumiy uzunligi 2 488,55 metr boʻlib, u toʻrt tasmali avtomobil harakati uchun moʻljallangan — har ikki yoʻnalishda ikkitadan harakat qatnovi mavjud. Koʻprik 2024-yilda foydalanishga topshirilgan.
Global Times maʼlumotiga koʻra, Tyane–Luntan hozir asosiy oraligʻi uzunligi boʻyicha dunyodagi eng yirik poʻlat-temirbeton arkali koʻprik sifatida qayd etilmoqda.
Loyiha avgust oyi oxirida Guansi provinsiyasining fan va texnika sohasidagi yutuqlari uchun beriladigan eng yuqori mukofotga sazovor boʻlgan. Hakamlar hayʼati koʻprik qurilishida qoʻllangan muhandislik yechimlariga alohida eʼtibor qaratgan.
Mutaxassislar oʻnlab yillar davomida 600 metrga yaqin oraliqqa ega beton arkalar qurish imkoniyatini oʻrganib kelgan. Jumladan, Yaponiya, Xorvatiya va koʻpriksozlik boʻyicha katta tajribaga ega boshqa davlatlarda ham shunday loyihalar ustida ish olib borilgan. Biroq amalda qurilgan koʻpriklarning oraligʻi 390 metrdan oshmagan.
Bunday katta beton arka qurilishidagi eng jiddiy muammo konstruksiyaning oʻz ogʻirligi hisoblanadi. Maʼlumotlarga koʻra, Tyane–Luntan koʻprigida uning oʻz vazni umumiy yuklamalarning 90 foizidan ortigʻini tashkil etadi.
Bunda poʻlat karkasni oʻrab turgan betonning oʻzi konstruksiya massasining yarmidan koʻpini tashkil qilgan.
Shu sababli muhandislar arka konstruksiyasini qayta koʻrib chiqib, beton miqdorini kamaytirishga qaror qilgan. Asosiy arka ikkita yuk koʻtaruvchi qovurgʻaga boʻlingan, nisbatan kam yuk tushadigan qismlar esa konstruksiyadan chiqarib tashlangan.
Natijada arkaning kengligi 23 metrdan 13 metrgacha qisqartirilgan. Beton sarfi esa taxminan 40 ming kub metrdan 28 ming kub metrga tushirilgan.
Hisob-kitoblarga koʻra, yangi konstruksiya asosiy oraliqning har bir metriga nisbatan 400 metr atrofidagi oʻxshash koʻpriklarga qaraganda 22 foiz kam beton talab qiladi. Shu bilan birga, konstruksiyadagi kuchlanish darajasi oʻxshash koʻrsatkichda saqlab qolingan.
Quruvchilar beton quyishning yangi texnologiyalarini ham ishlab chiqishga majbur boʻlgan. Katta hajmdagi beton arkalarda yoriqlar paydo boʻlishini nazorat qilish muhim hisoblanadi, chunki beton qotishi jarayonidagi harorat oʻzgarishlari va ichki kuchlanishlar konstruksiyaga qoʻshimcha yuklama keltirib chiqarishi mumkin.

