Dehlida bino qulashi oqibatida oʻnlab odamlar vayronalar ostida qolgani taxmin qilinmoqda
Besh qavatli yotoqxona qulab tushgan vaqtda uning ichida 50 ga yaqin odam boʻlgan deb taxmin qilinmoqda.

Dehlida bino qulashi oqibatida oʻnlab odamlar vayronalar ostida qolganidan xavotir bildirilmoqda
Hindiston poytaxti Dehlida turar-joy binosi qulab tushdi, oʻnlab talabalar vayronalar ostida qolib ketganidan xavotirlanilmoqda.
Guvohlarning mahalliy OAVga maʼlum qilishicha, yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan taxminan 13:30 da (Grinvich boʻyicha 08:00) Dehli janubi-gʻarbidagi Satya Niketan hududida joylashgan besh qavatli bino qulagan paytda uning ichida 50 nafargacha odam boʻlgan.
NDTV telekanali mahalliy politsiyaga tayanib xabar berishicha, kamida bir kishi halok boʻlgan va yana ikki kishi ogʻir ahvolda. Maʼlumotlarga koʻra, hozirgacha olti kishi qutqarib olingan.
Dehli universiteti kampusidan uncha uzoq boʻlmagan joyda joylashgan «Hostel Daze» binosining yertoʻlasida qurilish ishlari olib borilayotgan edi.
Yakshanba kuni darslar boʻlmagani sababli, u yerda yashovchi koʻplab talabalar bino qulagan vaqtda oʻz xonalarida boʻlgan deb taxmin qilinmoqda.
Qonunchilik assambleyasi aʼzosi voqea joyida vayronalar ostida qolib ketgan ayrim talabalar ichkaridan qoʻngʻiroq qilishayotganini aytdi.
Guvohlar mahalliy OAVga yotoqxona yonidagi boshqa bir bino ham qulab tushganini maʼlum qilishdi.
Dehli bosh vaziri Rekxa Gupta «ehtiyot chorasi sifatida» qoʻshni bino evakuatsiya qilinganini aytdi.
«Vayronalar ostida qolganlarni xavfsiz qutqarib olish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda», — deya qoʻshimcha qildi u.
Dehli politsiyasining maʼlum qilishicha, bino atigi 40 yoki 50 yillik boʻlgan.
Yaqin atrofdagi doʻkon egasi ANI axborot agentligiga bino 100 yillik ijarada boʻlganini va ijarachi daromadni oshirish maqsadida yertoʻlada qazish ishlarini olib borganini aytdi.
«Ular binoning yuqori qismini mustahkamlashgan, ammo pastki ustunlar zaif edi», — dedi u va qurilish ishchilari ham vayronalar ostida qolganini qoʻshimcha qildi.
Hindiston Milliy talabalar ittifoqi hukumatni qulash sabablarini tekshirishga va bunga masʼul boʻlgan har qanday shaxsni javobgarlikka tortishga chaqirdi.
«Talabalar va oddiy odamlar xavfsizligiga beparvolik bilan qaralishiga hech qanday holatda yoʻl qoʻyilmaydi», — deyiladi bayonotda.
«Times of India» nashrining xabar berishicha, politsiya bino egasini qidirmoqda.

