Iqtisodiyot

Davlat qarzi 48 mlrd dollardan oshdi: kimlar qarz berdi, pullar nimalarga sarflandi?

Davlat qarzi 48 milliard dollardan oshdi: kimlar qarz berdi va pullar nimalarga sarflandi?

2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 48,3 milliard dollarga yetdi. Iqtisodiyot va moliya vazirligining tahliliga ko‘ra, bu ko‘rsatkich bir yil avvalgidan 4,8 milliard dollarga ko‘paygan.

Davlat qarzi mamlakat yalpi ichki mahsulotiga nisbatan 27 foizni tashkil etdi, bu bir yil oldingi 29,6 foizga nisbatan kamayishni ko‘rsatadi.

Tashqi va ichki qarzlar ulushi

O‘zbekiston hukumati tomonidan jalb qilingan kreditlarning 40,7 milliard dollari yoki 84 foizi tashqi qarzlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 7,6 milliard dollari ichki qarzlar bo‘lib, umumiy kreditlarning 16 foizini tashkil etgan.

Davlat qarzining asosiy o‘sishi tashqi qarzning ko‘payishi hisobiga yuz bergan – bir yilda 4,2 milliard dollarga ortgan. Ichki qarz esa 642 million dollarga o‘sgan.

Tashqi qarzning 21,7 milliard dollari (jami ko‘rsatkichning 45 foizi) qatʼiy belgilangan foiz stavkada, 18,7 milliard dollari (39 foizi) o‘zgaruvchan foiz stavkada olingan kreditlar hisoblanadi. Yana 266 million dollar foizsiz olingan qarzlar bo‘lgan.

Davlat qarzining valyuta tarkibi

Davlat tashqi qarzining eng yirik ulushi – 27,4 milliard dollari AQSH dollarida olingan. Yana 3,9 milliard dollar ekvivalentidagi kreditlar yevro, 2,7 milliard dollar yapon iyenasi, 2,1 milliard dollar o‘zbek so‘mida va 1,5 milliard dollari xitoy yuanida jalb etilgan. Davlat ichki qarzining 5 milliard dollari o‘zbek so‘mida, 2,4 milliard dollari AQSH dollarida olingan.

Kimlar qarz berdi?

Tashqi qarzlarning 22,5 milliard dollarini (jami qiymatning 55 foizi) xalqaro moliya institutlari bergan. Ular orasida Jahon banki O‘zbekistonga eng ko‘p kreditlar ajratgan – 9,1 milliard dollar. Keyingi o‘rinda Osiyo taraqqiyot bankidan olingan kreditlar ulushi nisbatan yuqori – 8,2 milliard dollar. Islom taraqqiyot banki 1,2 milliard dollar, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki 2,3 milliard dollar ajratgan.

Respublikaga xorijiy hukumatlarning moliya tashkilotlari bergan qarzlar miqdori 11,45 milliard dollarga yetgan. Shundan 3,9 milliard dollari Xitoy banklari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yana 3,1 milliard dollar Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqalardan jalb qilingan. Fransiya taraqqiyot agentligi va boshqalar esa 1,3 milliard dollar bergan.

O‘z navbatida xalqaro investorlardan olingan qarzlar qoldig‘i 6,8 milliard dollarga yetgan. Bu bir yil oldingidan 1 milliard dollarga ko‘p.

Qarzlar nimalarga sarflandi?

Vazirlik tashqi qarzning teng yarmi (20,5 milliard dollar) davlat byudjetidagi taqchillikni qoplashga sarflanganini ma’lum qilgan. Yonilg‘i-energetikaga 5,5 milliard dollar, transportga 3 milliard dollar, qishloq va suv xo‘jaligiga 3,3 milliard dollar yo‘naltirilgan.

Uy-joy kommunal xo‘jaligiga 3,4 milliard dollar, sog‘liqni saqlash, taʼlim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari hamda boshqa sektorlarga 3,7 milliard dollar ajratilgan. Biznesni qo‘llab-quvvatlashga 624 million dollar, kimyo sanoatiga 605 million dollar berilgan.

Davlat qarzining o‘sish dinamikasi

2019-yilda O‘zbekistonning davlat qarzi 17,8 milliard dollar bo‘lgan. 2020-yilda bu raqam 23,36 milliard dollarga, 2021-yilda 26,3 milliard dollarga yetgan. 2022-yilga kelib, kreditlar ulushi 29,2 milliard dollar, 2023-yilda 34,9 milliard dollar bo‘lgan.

Hukumat qarzlari 2024-yilda 40,2 milliard dollarni, 2025-yil yakunida 46,85 milliard dollarni tashkil etdi. Davlat qarzining eng yirik miqdorda o‘sishi 2025-yilda yuz berdi – 6,6 milliard dollar.

2026-yil I choragi yakunida davlat va mamlakatdagi tadbirkorlik subyektlarining umumiy tashqi qarzi 82,2 milliard dollarga yetgandi. Shundan 40,5 milliard dollar kreditlar davlat tashqi qarzi, 41,7 milliard dollari esa korporativ tashqi qarzlar ekani ma’lum qilingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.