Dadamning bir gaplari...
G‘arazli yolg‘on yangi qorilgan xamirga o‘xshaydi - hash-pash deguncha ko‘pchiydi, tog‘oradan oshib chiqadi va... oshirilgan

**Dadamning bir gaplari...**
**Boshqa**
Bir do‘stimiz har oyda bir-ikki marta gazeta tahririyatiga o‘zi olgan suratlar bilan birga maqola olib kelardi. Biz maqolani ikki-uch marta qayta yozib, tuzatib-to‘ldirib bo‘lsa ham chop etardik. Bunga majbur edik, chunki do‘stimiz suratga olishda juda mohir edi.
Men unga ko‘p marta: "Sen maqola yozma, faqat suratga olaver, aytmoqchi bo‘lgan gapingni suratlaring aytib turibdi-ku", deganman. Shunga qaramay, u "Ushbu suratda siz ko‘rib turgan yosh paxtakor (pillakor, chorvador) uzoq yillardan beri yillik rejani hamisha oshirib bajaradi", deb maqola yozishdan, biz esa uning avra-astarini ag‘darib, tahrir qilishdan charchamadik. U o‘zini jurnalist deb hisoblar, suratga olishni esa shunchaki havaskorlik deb bilardi.
Do‘stimiz pensiya yoshiga yetganida fotosuratlar tanlovida g‘olib bo‘lib, umrida birinchi marta mukofot oldi. Qo‘li pul ko‘rdi. Jo‘ralaridan biri: "Suratkashlik – sening yozug‘ing, boshqa ishlarga aralashmay, shu kasbning orqasidan quvganingda bundan ham katta mukofot olgan bo‘larding", dedi. Afsuski, u jo‘rasining bu kuyinishini tushunmadi.
Bu yorug‘ olamda bir umr boshqa kasbda, boshqa martabada, boshqa kasb va qiyofada yurgan odamlar oz emas.
**Ildiz**
Ildizi yo‘q ko‘chat faqat o‘tinga yaraydi. Bog‘bon uni bir chetga surib qo‘yadi, ko‘karadigan, barg yozib, meva tugadiganlari atrofida parvona bo‘ladi. Murabbiylar xayoli butunlay boshqa narsalar bilan band "ildizsiz" shogirdlarga ham boshqalar qatori saboq berishadi, bir nimalarni tushuntirishadi. Bu harakatlarining behudaligini bilib turishsa ham, bog‘bon kabi ularni bir chetga surib qo‘ymaydi.
**Tesha tegmagan gap**
"Tesha tegmagan gap" degani yangi, favqulodda muhim gap emas, negadir uni biz shu ma’noda tushunamiz. Aslida, pishmagan, xom, g‘adir-budir, ko‘ngilni kirlab qo‘yadigan teshatalab gap u. Hayotda bunday gaplar shu qadar ko‘pki, hammamiz boshqa ishlarni qo‘yib, nuqul tesha tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘lganimizda ham bu muammoni hal qila olmaymiz.
**Yog‘**
Dadamning bir gaplari hech yodimdan chiqmaydi: "Etikdan: "Hoy etik, qachon yirtilasan?" deb so‘rashsa, u "Yog‘ biladi", deb javob qaytargan ekan. Dunyoda etik ko‘p, yog‘ esa oz..."
**She’r**
Bir ota tahririyatga qizini yetaklab olib keldi. "Kenjatoyimiz, shoira, har kuni kamida uchta-to‘rtta she’r yozadi. Uchta kitobni chiqardik. To‘rtinchisi tayyor. Mukofotga qo‘ymoqchimiz. Gazetada chiqsa, qanaqa xizmat bo‘lsa tayyormiz", deya menga viqor bilan qaradi. Bir dasta she’rni ikki-uch bor o‘qib, arang bittasini tanladim. "Mayli, ovora bo‘lib kelibsizlar, tahrir qilib, shu bittasini chiqarishga harakat qilamiz", dedim.
Bu gap ota uchun tomdan tushgan tarashadek bo‘ldi. Lekin o‘zini yo‘qotmadi. Xayrlashayotganimizda shoira qizining ko‘nglini ko‘tardi:
– Mayli, qizim, xafa bo‘lma, gazetaga o‘tmasa, kitobga o‘tadi. Kitob sho‘rlikka rahmim kelib ketdi.
**Oshirilgan yolg‘on**
G‘arazli yolg‘on yangi qorilgan xamirga o‘xshaydi - hash-pash deguncha ko‘pchiydi, tog‘oradan oshib chiqadi va... oshirilgan yolg‘onga aylanadi.
**Iltifot**
"Kutilmagan mehmon – yo‘nilmagan tayoq" degan gap bor. Kutilmagan iltifot haqida shu choqqacha birov bir nima deganmi-yo‘qmi – bilmay turibman. Balkim men o‘qimagan kitoblarda bordir. Bilganim shuki, kutilmagan iltifotning kam deganda uchta xavfli panjasi bor - og‘izni moylaydi, ko‘zni boylaydi, ko‘ngilni loylaydi.
Ahmadjon Meliboyev

