COP31: O‘zbekiston va BMT Taraqqiyot dasturi strategik iqlim hamkorligini mustahkamlamoqda
2026 yil 11 noyabr kuni BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi Tomonlarining 31-konferensiyasi (COP31) doirasida

**COP31: O‘zbekiston va BMT Taraqqiyot dasturi strategik iqlim hamkorligini yanada mustahkamlamoqda**
2026 yil 11 noyabr kuni BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi Tomonlarining 31-konferensiyasi (COP31) doirasida Turkiyaning Antaliya shahridagi O‘zbekiston milliy pavilonida “O‘zbekiston va BMT Taraqqiyot dasturining strategik iqlim hamkorligi: majburiyatlardan investitsiyalar va barqarorlikni oshirish sari” mavzusida tematik tadbir o‘tkaziladi.
Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) o‘rtasidagi iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, milliy iqlim majburiyatlarini bajarish, iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda barqarorlikni kuchaytirishga yo‘naltirilgan loyihalarga investitsiyalar jalb etish bo‘yicha hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlanadi.
Ayniqsa, Parij bitimi doirasida O‘zbekistonning uchinchi Milliy miqyosda belgilanadigan hissasi (NDC 3.0)ni amaliyotga joriy etish, institutsional salohiyatni mustahkamlash, iqlim moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish hamda investitsiyalarni jalb etish uchun jozibador loyihalarni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Muhokamalarning asosiy mavzularidan biri O‘zbekistonning Yo‘qotishlar va zararlarni qoplash jamg‘armasi (Fund for Responding to Loss and Damage — FRLD) bilan hamkorlik qilish tashabbusini ilgari surish bo‘ladi. Shuningdek, mamlakatning BMTTD ko‘magida amalga oshirilayotgan "Climate BRIDGE" tashabbusidagi dastlabki pilot davlatlardan biri sifatidagi ishtiroki ham ko‘rib chiqiladi. Ushbu tashabbus NDC 3.0 doirasida belgilangan iqlim majburiyatlarini aniq investitsiya loyihalariga aylantirish va tegishli loyihalar portfelini shakllantirishga ko‘maklashishga qaratilgan.
Muhokamalarning yana bir muhim yo‘nalishi iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha Milliy rejalarni ishlab chiqish, shuningdek, iqlim o‘zgarishi ta’siriga eng zaif hududlar va aholi jamoalari, jumladan, Orolbo‘yi mintaqasining barqarorligini oshirish bo‘yicha hamkorlikka bag‘ishlanadi.
Tadbirda O‘zbekiston davlat organlari, BMTTD, xalqaro moliya institutlari, hamkor tashkilotlar hamda boshqa manfaatdor tomonlar vakillari qatnashadi. Tematik sessiya doirasida O‘zbekiston va BMTTD o‘rtasidagi strategik iqlim hamkorligining natijalari va ustuvor yo‘nalishlari taqdim etiladi. Shuningdek, FRLD orqali moliyalashtirish mablag‘larini jalb etish istiqbollari hamda Climate BRIDGE tashabbusining milliy iqlim ustuvorliklarini ilgari surish va investitsiya loyihalarini tayyorlashdagi imkoniyatlari muhokama qilinadi.
Yakunda hamkorlikni yanada rivojlantirish, iqlim moliyalashtirish mablag‘larini safarbar etish va mamlakatning iqlim o‘zgarishiga nisbatan barqarorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi amaliy qadamlarni belgilash ko‘zda tutilgan.

