Chinozda “Sharmandali” deb topilgan mahalla salkam bir oyda “Eng namunali”ga aylandi

Chinoz tumanidagi "Birlik" mahallasi, avgust oyi boshida tuman hokimi tomonidan "Sharmandali mahalla" deb e'lon qilinganidan salkam bir oy o'tib, viloyat miqyosida o'tkazilgan "Eng namunali mahalla" ko'rik-tanlovida birinchi o'rinni qo'lga kiritdi.
Dastlab, mahalladagi obodonlashtirish va sanitariya holati qoniqarsizligi, gul va rayhon ekilmagani, o'tlar o'rilmagani yoki o'rilgan o'tlarning olib chiqilmagani, shuningdek, aholi murojaatlari bilan ishlash va belgilangan vazifalar ijrosi talab darajasida emasligi sababli "Sharmandali mahalla" deb topilgan edi.
Tuman hokimligi matbuot xizmatining "Daryo"ga ma'lum qilishicha, "Birlik" mahallasi "Dolzarb 40 kunlik" doirasida amalga oshirilgan keng ko'lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlaridagi faolligi bilan alohida e'tirof etilgan. Hokimlik izohida bu yutuq mahalla ahli va faollarining hamjihatligi, tashabbuskorligi hamda o'z hududini obod qilishga bo'lgan intilishining munosib e'tirofi ekanligi ta'kidlangan. G'olib mahallaga rag'bat sifatida 500 million so'mlik vaucher taqdim etildi.
Chinoz tumani hokimi Sherzod Solihov "Sharmandali mahalla" voqeasi yuzasidan "Daryo"ga bergan izohida, bunday tartib hech qayerda joriy etilmaganini, "Sharmandali mahalla" degan banner yopishtirilib, yana o'sha zahoti ko'chirib olinganini ma'lum qilgan edi. Hokimning so'zlariga ko'ra, bu uning shaxsiy tashabbusi bo'lib, yig'ilish oxirida vazifalar bajarilmasa, shunday qilinishi aytilgan. Biroq, banner faqat ijtimoiy tarmoqqa chiqarish uchun videoga olingan va birorta xonadonga yoki mahallaga osilmagan. "Shunaqa bo'ladi degan maqsadda ilib, ko'rsatib, yana qaytarib olib qo'yganmiz", — degan edi hokim.

