Mahalliy

Chikagodagi o‘zbek huquqshunosi: iste’mol kreditlari va qarzdorlik nizolarida AQSh tajribasi O‘zbekistonga nima beradi?

Hozirda Chikagodagi Mandarich Law Group firmasida iste’mol moliyasi va kreditorlar huquqlari bo‘yicha sud ishlarida faoliyat

Chikagodagi o‘zbek huquqshunosi: iste’mol kreditlari va qarzdorlik nizolarida AQSh tajribasi O‘zbekistonga nima beradi?

Xorazmlik huquqshunos Dinora Shermatova Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan. «El-yurt umidi» Prezident stipendiyasi sohibi sifatida AQShning Illinoys universiteti yuridik fakultetida magistraturani (LL.M.) yakunlagan. Hozir u Chikagodagi Mandarich Law Group firmasida iste’mol moliyasi va kreditorlar huquqlari bo‘yicha sud ishlarida ishlaydi. Uning shu yo‘nalishdagi ilmiy maqolalari xalqaro jurnallarda chop etilgan.

Siz Chikagoda har kuni iste’mol moliyasi va kreditorlar huquqlari bo‘yicha sud ishlari bilan shug‘ullanasiz.

– AQShda qarz bo‘yicha nizo odatda kreditor yoki qarzni sotib olgan kompaniyaning shtat sudiga da’vo arizasi berishidan boshlanadi. Shundan so‘ng qarzdorga hujjatlar rasmiy tartibda topshiriladi. Qarzdor belgilangan muddatda javob bermasa, kreditor sirtdan hal qiluv qarori (default judgment) chiqarishni so‘raydi. Mening ishlarimning katta qismi aynan shu bosqichga to‘g‘ri keladi. Kaliforniya shtatining turli okruglaridagi oliy sudlar uchun sirtdan hal qiluv qarori paketlarini tayyorlayman, sud rad etgan hujjatlarni tahlil qilib qayta tuzaman. Qaror chiqqach, ijro bosqichi boshlanadi: ish haqidan ushlab qolish, bank hisobvaraqlarini xatlash va hokazo. Har bir bosqichda qat’iy protsessual qoidalar mavjud. Bitta sana yoki summadagi xato ham sudning hujjatni rad etishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli bu ishda aniqlik eng muhim mezon hisoblanadi. Hozir yangi xodimlarni hal qiluv qarorlarini tizimga kiritishga o‘qitish ham mening vazifalarimdan biri.

– Eng katta farq tizimning ixtisoslashuvida. AQShda iste’mol qarzlari bo‘yicha nizolar alohida amaliyot yo‘nalishiga aylangan. Buning uchun maxsus qonunlar, nazorat organlari, sud amaliyoti va shu sohaga ixtisoslashgan huquqshunoslar bor. O‘zbekistonda esa bunday nizolar umumiy fuqarolik ishlari doirasida ko‘riladi. Ikkinchi farq qarzdorni himoya qilish mexanizmlarida. AQShda kreditor sudga murojaat qilganda qarzning kelib chiqishini, qarz kimdan kimga o‘tganini hujjat bilan isbotlashi shart. Ayniqsa qarz sotilgan bo‘lsa, bu talab qat’iy qo‘llanadi.

– To‘lanmagan iste’mol kreditlarini ko‘pincha uni bergan bank undirmaydi. Qarz sotiladi, keyin yana qayta sotiladi va natijada butun bir «talablar zanjiri» yuzaga keladi. Maqolamda shu zanjirdagi bir bo‘g‘inni bir tomonlama bekor qilish mumkinmi, degan savolni AQSh huquqi hamda Sharqiy Yevropa va Yevropa Ittifoqi fuqarolik huquqi misolida tahlil qildim. Xulosam shuki, har ikki tizimda ham qarzni o‘tkazish amalga oshgach, uni bir tomonlama bekor qilib bo‘lmaydi. Asosiy farq boshqa joyda: zanjir qarzdor va sud uchun qanchalik shaffof ekanida. AQShda qarz sotuvchilar ko‘pincha ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmaydi. Qarzni qaytarib olish bo‘yicha kelishuvlar esa faqat tijorat tomonlari o‘rtasida qoladi, iste’molchi ham, sud ham ulardan bexabar bo‘ladi. Yevropa Ittifoqi esa 2021/2167-sonli Direktiva bilan qarz sotuvchiga axborot berish majburiyatini yukladi, iste’molchiga esa qarz o‘tkazilgani haqida xabardor bo‘lish va dastlabki kreditorga qarshi barcha e’tirozlarini yangi egaga nisbatan ham bildirish huquqini berdi. Men buni O‘zbekiston uchun ham muhim saboq deb hisoblayman. Qarz bozori rivojlangan sari qarzdor o‘z qarzi kimning qo‘lida ekanini aniq bilishi kerak.

– AQShda asosiy hujjat Qarzlarni undirishda adolatli amaliyotlar to‘g‘risidagi federal qonun (FDCPA) va unga asoslangan F Regulyasiyasi hisoblanadi. Ular qarz undiruvchining qarzdor bilan qachon va qanday bog‘lanishini, qanday ma’lumot berishi shartligini qat’iy belgilaydi. Tahdid qilish, aldash, qarzdorning ish joyiga yoki qarindoshlariga bosim o‘tkazish taqiqlanadi. Qarzdor qarzning asosliligiga e’tiroz bildirish huquqiga ega va bunday holatda undiruvchi qarzni isbotlamaguncha undirishni to‘xtatishi shart. Buzilish uchun qarzdor sudga murojaat qilib, kompensatsiya undirishi mumkin. O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda islohotlar boshlangan, ammo ixtisoslashgan, batafsil va amaliyotda sinalgan tartib hali shakllanish bosqichida. Shu bois AQSh tajribasini o‘rganish foydali deb o‘ylayman.

Sirtdan chiqarilgan hal qiluv qarorlari AQShda qarz undirishning katta qismini tashkil etadi.

– Ko‘plab qarzdorlar sudga umuman javob bermaydi, shuning uchun sirtdan qaror chiqarish keng tarqalgan. Ammo bu «avtomatik» qaror degani emas. Sud kreditordan qarz summasini tasdiqlovchi hujjatlar, notarial tasdiqlangan bayonotlar, qarzdorga hujjatlar to‘g‘ri topshirilganligi haqida dalil va qarz sotilgan bo‘lsa egalik zanjirini talab qiladi. Kaliforniyada bu talablar ayniqsa qat’iy. Shuning uchun men har kuni sud rad etgan hujjatlar bilan ishlayman. O‘zbekiston uchun asosiy saboq shuki, tez va samarali undirish bilan qarzdor huquqlarini himoya qilish bir-biriga zid emas. Aniq dalil standartlari ikkalasini ham ta’minlaydi.

Kreditlash va qarz undirish ilovalar va messenjerlarga ko‘chmoqda.

– Bu hozirgi kunning eng dolzarb masalalaridan biri. Raqamli kreditlashda qarzdorning shaxsiy ma’lumotlari, telefon kontaktlari, joylashuvi kompaniyalar qo‘lida bo‘ladi. Agar bu ma’lumotlardan undirish jarayonida nazoratsiz foydalanilsa, masalan, qarzdorning tanishlariga xabar yuborilsa yoki ijtimoiy tarmoqlarda bosim o‘tkazilsa, bu shaxsiy hayot daxlsizligining jiddiy buzilishi hisoblanadi. Hozir AQSh qarz undirish qonunchiligini zamonaviy ma’lumotlarni himoya qilish talablari bilan uyg‘unlashtirish masalasi bo‘yicha maqola ustida ishlayapman.

– F Regulyasiyasi elektron aloqani ruxsat etadi, ammo qat’iy shartlar bilan. Qarzdorga aloqani to‘xtatish imkoniyati berilishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar ochiq, boshqalarga ko‘rinadigan tarzda yuborilmasligi lozim. Qo‘ng‘iroqlar soni va vaqti ham cheklangan. O‘zbekistonda bo‘lib to‘lash xizmatlari va onlayn mikroqarzlar tez rivojlanmoqda. Qoidalarni bozor kengaymasdan oldin aniq belgilash keyinchalik paydo bo‘ladigan muammolarni bartaraf etishdan ancha oson.

Siz O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Oliy sudiga taklif kiritgansiz.

– Taklifim AQSh tajribasi asosida O‘zbekistonda iste’mol moliyasi nizolari va kreditorlar huquqlari bo‘yicha ixtisoslashgan amaliyotni rivojlantirishga qaratilgan. Unda qarz undirish jarayonida qarzdorlarni himoya qilish standartlari, sudlarda kreditor talablarini isbotlash bo‘yicha aniq dalil talablari va qarzni uchinchi shaxslarga o‘tkazishda shaffoflikni ta’minlash masalalari ko‘rib chiqilgan. Xursandchilik bilan aytishim mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Markaziy banki taklifimni ko‘rib chiqdi va undan kelgusidagi islohotlar va rivojlanish ishlarida foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu men uchun katta mas’uliyat va AQShda orttirgan bilimlarimni Vatanim manfaati yo‘lida qo‘llash imkoniyatidir.

– Barchasi. Qarzdorlar o‘z huquqlarini aniq biladi va asossiz yoki noqonuniy undirishdan himoyalanadi. Banklar va moliya tashkilotlari uchun aniq, oldindan bilinadigan qoidalar xavfni kamaytiradi va bozorga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Sudlar uchun esa standartlashtirilgan dalil talablari ishlarni tezroq va sifatliroq ko‘rish imkonini beradi. Oxir-oqibat bu investitsiya muhiti va moliya tizimining barqarorligiga ham ijobiy ta’sir qiladi.

– Ilmiy faoliyatim to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliy ishimdan kelib chiqadi. Birinchidan, iste’mol kreditlari bo‘yicha talablar zanjirini bir tomonlama bekor qilish masalasini AQSh va Sharqiy Yevropa fuqarolik huquqi misolida qiyosiy tahlil qilgan maqolam chop etildi. Ikkinchidan, AQSh Yagona tijorat kodeksining 9-moddasida belgilangan ta’minlangan bitimlar doktrinasining transchegaraviy iste’mol moliyasi shartnomalariga qo‘llanilishi haqidagi maqolam ham nashr etildi. Uchinchidan, AQSh shtat sudlarida kreditorlar huquqlarini ta’minlash tartibini qiyosiy-protsessual tahlil qilish ustida ishlayapman. Bu tadqiqot AQSh va O‘zbekiston sud amaliyotini taqqoslashga qaratilgan.

– Fuqarolik va tijorat sud ishlari sohasida, xususan, AQShda iste’mol moliyasi va kreditorlar huquqlari amaliyoti bo‘yicha ixtisoslashuvni davom ettirmoqchiman. Amaliyotchi huquqshunos sifatida ham AQShda, ham O‘zbekistonda advokatlik litsenziyasini olishni maqsad qilganman. Shu bilan birga, ilmiy-tadqiqot faoliyatimni davom ettiraman. Maqsadim ikki mamlakat o‘rtasida ko‘prik bo‘lish: AQShning iste’mol moliyasi va kreditorlar huquqlari sohasidagi ilg‘or tajribasini O‘zbekistonga olib kirish, xalqaro ilmiy muhitda esa O‘zbekiston huquqiy tizimini tanitish.

– Umumiy «xorijiy huquq» emas, aniq bir yo‘nalishni tanlang va unda chuqurlashing. Iste’mol moliyasi, fintex va qarz undirish huquqi kelajagi katta sohalar. Fuqarolik protsessiga alohida e’tibor bering, chunki amaliyotda aynan protsessual bilim hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Ilmiy maqola yozishdan qo‘rqmang: amaliy tajribangiz asosida yozilgan tadqiqot xalqaro hamjamiyatda yuqori baholanadi. Eng muhimi, o‘qib-o‘rganishdan qo‘rqmaslik, olgan bilimingizni soha rivojiga qanday hissa qo‘shishini mumkinligini chuqur tahlil qilib, barcha uchun foyda keltirishini maqsad qiling!

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.