ChatGPT hali ham yetakchi, ammo Gemini va Claude unga yaqinlashmoqda
2026-yil sentabr oyida ChatGPT saytiga qariyb 5,9 milliard marta tashrif buyurilgan. U chat-botlar saytlari orasida yetakchiligini saqlab qolgan boʻlsa-da, Google Gemini va Anthropic Claude oʻz ulushini oshirmoqda. Ikki raqib birgalikda tahlil qilingan chat-botlar saytlari trafigining uchdan biridan koʻprogʻini toʻplagan.

ChatGPT hanuz yetakchi bo‘lib qolmoqda, biroq Gemini va Claude unga tobora yaqinlashmoqda. Reyting kompyuter va mobil qurilmalar brauzerlari orqali saytlarga qilingan tashriflarni hisobga oladi; ilovalar, API va boshqa mahsulotlarga o‘rnatilgan sun’iy intellekt funksiyalari bu hisob-kitobga kiritilmagan.
Shuningdek, ko‘rsatkichlar alohida foydalanuvchilar sonini emas, balki tashriflar sonini bildiradi: bir odam saytga bir necha bor kirishi mumkin.
Sentabr oyida Gemini saytiga 2,6 milliard marta tashrif buyurilgan. Uchinchi o‘rindagi Claude esa qariyb bir milliard tashrif qayd etgan. Bu DeepSeek, Grok, Copilot va Perplexity saytlarining jami ko‘rsatkichidan ham yuqori.
ChatGPT va Gemini birgalikda chat-botlar saytlariga qilingan tashriflarning asosiy qismini egallagan. Qolgan platformalar hissasiga umumiy trafikning beshdan biridan ham kamrog‘i to‘g‘ri kelgan.
2025-yil oktabridan 2026-yil sentabrigacha bo‘lgan davrda Gemini va Claude tahlildagi yirik chat-botlar orasida o‘z ulushini oshirgan yagona platformalar bo‘lgan. Manbada Gemini’ning o‘sishi Google’ning keng foydalanuvchilar bazasi bilan, Claude’ning o‘sishi esa dasturlash va axborot bilan ishlash imkoniyatlari hamda ommaviy tanilishining ortishi bilan izohlangan.
Claude 2025-yil oktabrida beshinchi o‘rinda turgan bo‘lsa, endi uchinchi pog‘onaga ko‘tarilgan. Shu davrda DeepSeek, Grok, Copilot va Perplexity’ning umumiy ulushi 11,4 foizdan 8,1 foizga tushgan.
Microsoft Copilot 1,5 foizlik ulush bilan oltinchi o‘rinni egallagan. Biroq bu ko‘rsatkich uning Windows va Microsoft Office tarkibida ishlatilishini qamrab olmaydi. Shu sababli reyting chat-botlarning barcha platformalardagi umumiy ommabopligini emas, aynan veb-saytlariga tashriflarni aks ettiradi.

