Centrum Air’ning Istanbul—Toshkent reysi 3 soat 20 daqiqaga kechikdi: yo‘lovchilar norozi

Centrum Air’ning Istanbul—Toshkent reysi 3 soat 20 daqiqaga kechikdi: yo‘lovchilar norozi
17-sentyabr kuni Istanbuldan Toshkentga uchishi lozim bo‘lgan Centrum Air’ning C6302 reysi 3 soat 20 daqiqaga kechikdi. Kechikishdan norozi bo‘lgan ayrim yo‘lovchilar ijtimoiy tarmoqlarda aviakompaniya faoliyatini tanqid qildi, kompaniya esa reysning kechikishini operatsion sabablar bilan izohlab, yo‘lovchilardan uzr so‘radi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, farzandining mazasi qochgani uchun zudlik bilan uchishga majbur bo‘lgan. Bloger video davomida aeroport xodimlari bolaning parvoz vaqtida ahvoli yomonlashishi mumkinligini sabab qilib, avvaliga uni samolyotga qabul qila olmasligini aytganini bildirgan.
Uning ta’kidlashicha, keyinroq shifokor xulosasi taqdim etilgan va shifokor bolaning parvoziga mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Shundan keyin ham reysning kechikishi davom etgan. Sayohatchi Abu o‘z videosida Centrum Air faoliyatidan juda norozi ekanini aytgan.
Videoga yozilgan izohlarda ham ayrim foydalanuvchilar reyslarning kechikishi, kompaniya tomonidan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish va xabardor qilish masalalaridan norozi ekanini yozgan. Jumladan, ayrim izohlarda reyslar tez-tez kechikayotgani, boshqa reysga o‘tish imkoniyati hamda chiptalar uchun pulni qaytarish masalalari ko‘tarilgan.
Boshqa foydalanuvchilar esa kechikishlar sabab aeroportda uzoq vaqt kutishga to‘g‘ri kelayotganini bildirgan. Ayrim izohlarda 1–2 soatlik kechikishlar odatiy holga aylanayotgani, yo‘lovchilarga bu haqda oldindan yetarlicha ma’lumot berilmayotgani haqidagi fikrlar bildirilgan.
Keyinchalik Centrum Air axborot xizmati reysdagi kechikish yuzasidan qo‘shimcha izoh berdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, 17-sentyabr kuni Istanbul—Toshkent yo‘nalishidagi C6302 reysi operatsion sabablar tufayli 3 soat 20 daqiqaga kechiktirilgan.
“Yo‘lovchilar va ekipaj xavfsizligi aviakompaniyaning ustuvor vazifasi bo‘lib qoladi”, deyiladi kompaniya bayonotida.
Centrum Air yo‘lovchilardan yuzaga kelgan noqulaylik uchun uzr so‘rab, ularning sabri va tushunganlari uchun minnatdorlik bildirgan.

