«BYD. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan»: Jizzaxdagi zavod qanday ishlamoqda. (Foto, video)
BYD Uzbekistan Factory va BYD Astana Motors Uzbekistan brend distribyutori BYD Central Asia koʻmagida «BYD. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan» loyihasi doirasida mijozlar va OAV vakillari uchun BYD’ning Jizzaxdagi zavodiga ekskursiya tashkil etdi. Uning davomida muhandislik maktabi, avtomobillar ishlab chiqarish jarayoni va dilerlik markazlari faoliyati namoyish etildi. Jizzax viloyatidagi BYD Uzbekistan Factory zavodida elektromobillar ishlab chiqarilmoqda […]

«BYD. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan»: Jizzaxdagi zavod qanday tuzilgan. (Foto, video)
BYD Uzbekistan Factory va BYD Astana Motors Uzbekistan kompaniyalari BYD Central Asia brendi distribyutori koʻmagida «BYD. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan» loyihasi doirasida mijozlar va OAV vakillari uchun BYD’ning Jizzaxdagi zavodiga ekskursiya tashkil etdi. Ishtirokchilarga muhandislik maktabi, avtomobilsozlik ishlab chiqarishi va dilerlik markazlari faoliyati koʻrsatildi.
Jizzax viloyatidagi BYD Uzbekistan Factory korxonasida robotlashtirilgan uskunalar va koʻp bosqichli sifat nazoratini qoʻllagan holda elektromobillar va gibrid avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. Zavod 27 gektar maydonni egallagan, uning quvvati yiliga 50 ming dona avtomobilga yetadi, investitsiyalar hajmi esa 160 million dollarni tashkil etdi.
BYD Uzbekistan Factory — bu «Oʻzavtosanoat» va Xitoyning BYD kompaniyasi oʻrtasidagi qoʻshma korxonadir. Unda Oʻzbekiston tomoni 51%, Xitoy tomoni esa 49% ulushga ega.
Hozirda zavodda uchta model — Song Plus, Chazor va Yuan Up ishlab chiqarilmoqda. 2024 yilda korxona 4 004 dona avtomobil ishlab chiqardi, 2025 yilda esa — 20 mingdan ortiq. 2026 yilda ishlab chiqarishni 40 ming dona avtomobilgacha oshirish rejalashtirilgan.
Kadrlar qayerda tayyorlanadi?
Zavod bilan tanishuv Toshkent politexnika universiteti bazasida tashkil etilgan oʻquv markaziga tashrifdan boshlandi. Bu yerda barcha xohlovchilar, jumladan, kelajakda zavodda ishlashni istagan talabalar tahsil olmoqda.
Bundan tashqari, bu yerda boshqa mutaxassislar ham tayyorgarlikdan oʻtib, keyinchalik xorijdagi zavodlarga yuborilmoqda. Nazariy kurs avtomobil va elektromobil tuzilishi, post-injiniring, revers-injiniring, industrial injiniring, ishlab chiqarishni IT-dasturlash, shuningdek, sifat menejmentini oʻz ichiga oladi.
Bu yerda, shuningdek, robototexnika boʻyicha mutaxassislar, CATIA boʻyicha muhandislar, santexniklar va boshqa kasb vakillari tayyorlanmoqda.
Oʻqish muddati mutaxassislikka qarab ikki oydan uch oygachani tashkil etadi. Oʻquv markazi zamonaviy uskunalar, jumladan, robot-simulyatorlar bilan jihozlangan.
Kuzovni payvandlashdan tayyor avtomobilgacha
Ishlab chiqarish jarayoni toʻrtta asosiy bosqichdan iborat: kuzovni payvandlash, boʻyash, yigʻish va yakuniy sifat nazorati.
Payvandlash tsexida yiliga 50 mingtagacha kuzov ishlab chiqarish mumkin. Bu yerda 4 528 ta payvandlash nuqtasi bajariladi, 61 ta KUKA roboti, 200 ta payvandlash konduktori va 297 ta zamonaviy payvandlash apparatidan foydalaniladi.
Shu bilan birga, payvandlash operatsiyalarining 69 foizi qoʻlda, 31 foizi esa avtomatik tarzda bajariladi. Song Plus kuzovining yon tomonlari va tomi yuqori aniqlikdagi lazerli payvandlash yordamida birlashtiriladi. Payvand choklarining sifati ultratovush usuli bilan tekshiriladi. Taʼkidlash joizki, BYD’ning barcha modellari kuzovlari ruxlangan (otsinkovanniye).
Yon tomonlarni payvandlash boʻyicha alohida uchastka 4 ming kvadrat metr maydonni egallaydi. Uning quvvati yiliga 50 ming toʻplam panelni tashkil etadi. Uni jihozlashga 8 million dollar sarmoya kiritilgan.
Payvandlashdan soʻng kuzovning geometriyasi tekshiriladi. Oʻlchov laboratoriyasida Hexagon koordinata-oʻlchov mashinasi qoʻllaniladi, u 2 mingdan ortiq nazorat nuqtalarini 20 mikrongacha aniqlikda tekshiradi.
Bundan tashqari, Hexagon lazerli 3D-skaneri FANUC roboti bilan birgalikda bir soat ichida kuzov detallarining 90 ta turini skanerlash va ularni uch oʻlchamli model bilan solishtirish imkonini beradi.
Boʻyash va yigʻish
Maydoni 7 800 kvadrat metr boʻlgan boʻyoqlash tsexi yiliga 50 mingta kuzovga moʻljallangan. Loyiha qiymati 29 million dollarni tashkil etdi.
Bu yerda kuzov bir necha ishlov berish bosqichlaridan oʻtadi: korroziyaga qarshi himoya, germetizatsiya, grunt surtish, asosiy rang va ikki komponentli lak qoplamasini surtish. Tsexda 10 ta ABB roboti oʻrnatilgan.
Boʻyalgandan soʻng kuzovlar 16 ming kvadrat metr maydonga ega yigʻish liniyasiga kelib tushadi. Uning ishlab chiqarish quvvati ham yiliga 50 ming dona avtomobilni tashkil etadi.
Yigʻish uchta asosiy bosqichga boʻlingan — Trim, Chassis va Final. Ishlab chiqarish surʼati — taxminan har besh daqiqada bitta avtomobil.
Harakatlanish uchun 21 ta AGV avtomatik tizimi, robotlar va manipulyatorlardan foydalaniladi. Boʻyalgan kuzovlar 70 tagacha kuzov sigʻimiga ega boʻlgan avtomatlashtirilgan ikki darajali omborda saqlanadi. Bu zaxira boʻyoqlash tsexi vaqtincha toʻxtab qolgan taqdirda ham yigʻish liniyasining ishini taxminan olti soat davomida taʼminlash uchun yetarli hisoblanadi.
Tayyor avtomobillar qanday tekshiriladi
Yigʻilgandan soʻng avtomobil yakuniy nazoratdan oʻtadi. Mutaxassislar gʻildiraklar geometriyasini, tormoz tizimini, faralarni sozlashni va ADAS tizimlarining ishlashini tekshiradilar.
Soʻngra avtomobil yomgʻir kamerasiga yuboriladi, u yerda kuzov besh daqiqa davomida yuqori bosim ostida suv taʼsiriga duchor qilinadi. Bu germetiklikni tekshirish imkonini beradi.
Shundan soʻng avtomobillar turli yoʻl sharoitlarida sinov trassasida sinovdan oʻtkaziladi.
Lokalizatsiya: butlovchi qismlardan tortib yangi ishlab chiqarishlarcha
Zavodni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlaridan biri — mahalliy butlovchi qismlar ulushini oshirishdir.
2025 yilda Song Plus uchun 72 turdagi butlovchi qismlar mahalliylashtirildi. Ular orasida oʻrindiqlar, plastik yonilgʻi baklari, shassi detallari, oynalar, bamperlar, interyer va eksteryer elementlari, shovqin va tebranishdan himoyalovchi qoplamalar, pol va tom qoplamalari mavjud.
Дастурда еттита маҳаллий корхона иштирок этмоқда: Uz Tong Heong, YAPP, Uz Auto Austem, Avtooyna, Uz Koram, Uz Dong Yang ва Uz Hanwoo.
2025 yil davomida konveyerga 50 milliard soʻmdan ortiq mahalliy butlovchi qismlar yetkazib berildi. Buning evaziga import tarkibiy qismi bitta avtomobil uchun taxminan 3 044 dollarga, tannarx esa 1 040 dollarga kamaydi.
Yiliga 20 ming dona avtomobil ishlab chiqarilganda, import oʻrnini bosish salohiyati taxminan 60 million dollarga baholanmoqda.
Jizzaxda Xitoyning JinTing Automobile Electric kompaniyasi korxonasi ham ish boshladi. Bu yerda Song Plus uchun 24 turdagi simlar dastasi (jguti provodov) ishlab chiqarilmoqda. 100 dan ortiq ish oʻrni yaratildi, importning kutilayotgan yillik qisqarishi esa taxminan 7 million dollarga baholanmoqda.
2026 yilda BYD Uzbekistan Factory yana 100 turdagi butlovchi qismlarni mahalliylashtirishni rejalashtirmoqda: 40 tasi Song Plus uchun, 22 tasi Chazor uchun va 38 tasi Yuan Up uchun. Loyihaning ikkinchi bosqichida Yuan Up uchun qoʻshimcha ravishda yana 70 ta butlovchi qismni mahalliylashtirish rejalashtirilgan.
Xitoyda oʻqitishdan muhandislar tayyorlashgacha
Zavodda qariyb 1 600 kishi mehnat qilmoqda. Shu bilan birga, xitoylik mutaxassislar soni bosqichma-bosqich kamayib bormoqda: agar boshlangʻich bosqichda ular 150 dan ortiq boʻlgan boʻlsa, hozirda — 50 ga yaqin.
Mahalliy xodimlar Xitoyda malaka oshirmoqdalar. 2024 yilda 40 kishi shunday tayyorgarlikdan oʻtdi, 2025 yilda esa — 51 kishi. 2026 yilda yana 60 nafar xodimni oʻqishga yuborish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, BYD Uzbekistan Factory Jizzax politexnika instituti huzuridagi «Sanoat injiniringi» Oliy muhandislik maktabi infratuzilmasini yaratishga 10 milliard soʻm sarmoya kiritdi. Loyiha zamonaviy sanoat texnologiyalari bilan ishlashga qodir mutaxassislarni tayyorlashni nazarda tutadi.
CKD va SKD texnologiyalari boʻyicha ishlab chiqarish
Song Plus Champion DM-i va Chazor DM-i toʻliq tsiklli CKD texnologiyasi boʻyicha ishlab chiqarilmoqda.
Yuan Up gibrid va toʻliq elektrli versiyalarida yirik uzelli yigʻish (SKD) usuli bilan ishlab chiqarilmoqda.
Korxonada sifatni boshqarishning xalqaro standartlari ham joriy etilmoqda. BYD Uzbekistan Factory ISO 9001:2015 sertifikatiga ega boʻldi va Xitoydan tashqarida Three-Star Factory sertifikatini olgan birinchi BYD zavodiga aylandi.
Shu tariqa, Jizzaxdagi zavod nafaqat avtomobillar ishlab chiqarishni, balki butlovchi qismlar ishlab chiqarishning mahalliy zanjirini, mutaxassislar tayyorlashni va zamonaviy sanoat texnologiyalarini joriy etishni ham bosqichma-bosqich rivojlantirmoqda.

