Buxorolik turoperatorlar Surxondaryo salohiyatini oʻrgandilar
Buxoro viloyati turoperatorlari Surxondaryoga tashrif buyurib, u yerdagi turistik obʼyektlarni oʻrgandilar hamda hamkorlikdagi yoʻnalishlar va turpaketlarni muhokama qildilar.

Buxorolik turoperatorlar Surxondaryoning turistik salohiyati bilan tanishdilar
Buxoro viloyatining yetakchi turoperatorlari uchun Surxondaryo viloyati boʻylab axborot turi tashkil etildi. Ushbu tashabbus hududning turistik salohiyatini targʻib qilish va hududlararo hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Sayohat davomida Buxoro turizm biznesi vakillari Surxondaryoning tarixiy-madaniy meros obʼyektlari, qadimiy ziyoratgohlari, tabiiy va ekoturistik diqqatga sazovor joylari, shuningdek, viloyatning turistik infratuzilmasi bilan tanishdilar.
Infotur ishtirokchilariga amaldagi turistik yoʻnalishlar, mavjud imkoniyatlar va hududda sohani rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari haqida maʼlumotlar taqdim etildi.
Safar doirasida Buxoro va Surxondaryo viloyatlari turoperatorlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Tomonlar qoʻshma turistik paketlarni ishlab chiqish, turistik mahsulotlarni oʻzaro targʻib qilish va hududlar oʻrtasida sayyohlar oqimini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunlariga koʻra, ishtirokchilar yangi turistik yoʻnalishlarni yoʻlga qoʻyish va ikki viloyat turoperatorlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishni taklif qildilar. Buxoro viloyatidan Surxondaryoga boruvchi sayyohlar sonini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, infoturning oʻtkazilishi Buxoro va Surxondaryoning turistik imkoniyatlarini oʻzaro targʻib qilish, turizm biznesi vakillari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va ichki turizm yoʻnalishlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

