Mahalliy

Butunjahon oʻqituvchilar kuni

Butunjahon oʻqituvchilar kuni 1994 yildan buyon har yili 5 oktyabrda nishonlanadi. U XMT/YUNESKOning 1966 yildagi Oʻqituvchilarning maqomi toʻgʻrisidagi Tavsiyanomasi qabul qilinganligining yilligi munosabati bilan nishonlanadi. Mazkur hujjat oʻqituvchilarning huquq va majburiyatlariga oid mezonlarni, shuningdek, ularning boshlangʻich tayyorgarligi va malakasini oshirish, ishga joylashishi, oʻqitish va taʼlim olish sharoitlari standartlarini belgilaydi. Hujjat 13 ta boʻlimdagi 146 ta banddan iborat boʻlib, u tayyorgarlikni qamrab oladi […]

Butunjahon oʻqituvchilar kuni

Butunjahon oʻqituvchilar kuni 1994 yildan buyon har yili 5 oktyabrda nishonlanadi. Bu sana Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)/YUNESKOning 1966 yildagi Oʻqituvchilarning maqomi toʻgʻrisidagi tavsiyanomasi qabul qilingan kunga toʻgʻri keladi. Ushbu hujjat pedagoglarning huquq va majburiyatlari mezonlarini, shuningdek, ularning boshlangʻich tayyorgarligi va malakasini oshirish, ishga joylashishi, oʻqitish va taʼlim olish sharoitlari standartlarini belgilaydi.

Hujjat 13 ta boʻlimga birlashtirilgan 146 ta bandni oʻz ichiga oladi. Unda pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish, ishga qabul qilish va karyera, huquq va majburiyatlar, mehnat sharoitlari, ish haqi, ijtimoiy taʼminot hamda oʻqituvchilar yetishmovchiligini bartaraf etish chora-tadbirlari koʻrib chiqiladi. Tavsiyanomaning qoʻllanilishini nazorat qilish YUNESKO Ijroiya kengashi zimmasiga yuklangan.

— oʻqituvchining «maqomi» deganda kasbga boʻlgan hurmat ham, boshqa kasbiy guruhlar bilan solishtirganda mehnat sharoitlari, ish haqi va imtiyozlar ham tushuniladi;

— oʻqituvchilik — maxsus bilim va doimiy oʻqishni talab qiladigan kasb va ijtimoiy xizmat shaklidir;

— kasb egalari oʻz vazifalarini bajarishda akademik erkinlikdan foydalanadilar;

— ish haqi va mehnat sharoitlari oʻqituvchilar tashkilotlari va ish beruvchilar oʻrtasidagi muzokaralar orqali belgilanadi, ish haqi kasbning ahamiyatini aks ettirishi va oʻxshash malaka talab qiladigan boshqa mashgʻulotlar bilan raqobatbardosh boʻlishi kerak;

— oʻqituvchilar yetishmovchiligiga qarshi eng yaxshi chora — ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashdir.

Oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilar tarkibining maqomi toʻgʻrisidagi tavsiyanoma 1966 yildagi Tavsiyanomani toʻldirish va uning amal qilishini oliy taʼlim muassasalari oʻqituvchilar tarkibiga tatbiq etish maqsadida 1997 yilda qabul qilingan.

Bu kun nafaqat oʻqituvchilarni tabriklash va ularning taʼlim sohasini qanday oʻzgartirayotganini eʼtirof etish uchun bahona, balki ularning isteʼdodi va kasbiy mahoratini toʻliq namoyon etishlari uchun zarur boʻlgan qoʻllab-quvvatlashni qanday taʼminlash haqida oʻylash, shuningdek, global miqyosda kasbning kelgusi rivojlanish yoʻllarini qayta mushohada qilish imkoniyatidir.

Butunjahon oʻqituvchilar kuni Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), YUNISEF va Taʼlim internatsionali bilan hamkorlikda oʻtkaziladi.

2026 yilda ushbu kun XMT/YUNESKOning 1966 yildagi Oʻqituvchilarning maqomi toʻgʻrisidagi tavsiyanomasi qabul qilinganining 60 yilligini nishonlaydi. Oradan olti oʻn yillik oʻtib, Tavsiyanoma qayta koʻrib chiqilayotgan bir paytda, kasb oldida yangi muammolar paydo boʻlmoqda — raqamli texnologiyalar va iqlim oʻzgarishidan tortib inklyuzivlik, migratsiya va aholining koʻchishi masalalarigacha. Bu muammolar oʻqituvchilar maqomining bir nechta jihatlariga daxl qiladi: ularning ijtimoiy obroʻsi — loyiq darajada eʼtirof etilmaslik va hurmat qilinmaslik; ularning kasbiy maqomi — avtonomiyaning cheklanishi, davlat siyosatini ishlab chiqishda qoʻllab-quvvatlashning yetishmasligi yoki ovoz berish huquqining yoʻqligi; shuningdek, ularning past ish haqi, haddan tashqari ish yuklamasi va ogʻir mehnat sharoitlari tufayli yomonlashib borayotgan moddiy ahvoli, bu esa ularga oʻz vazifalarini toʻliq bajarishga imkon bermaydi.

Bu yilgi Butunjahon oʻqituvchilar kunining mavzusi — « Oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlash: kasbni himoya qilish, uning maqomini oshirish va umumiy kelajagimizni shakllantirishning 60 yilligi ». 2026 yildagi tadbirlar oʻqituvchilar maqomi bilan bogʻliq joriy muammolarni tahlil qilish va ularni hal etish yoʻllarini izlashga bagʻishlanadi. Ushbu tadbirlarning asosiy maqsadi — jamiyat va hokimiyat vakillarini kasb maqomini himoya qilish, qoʻllab-quvvatlash va oshirishga chaqirishdir.

YUNESKO qarorgohida tashkil etiladigan global tadbir doirasida oʻqituvchilik kasbini himoya qilish va uning maqomini oshirishga bagʻishlangan yuqori darajadagi munozaralar, shuningdek, oʻqituvchilar faoliyati samaradorligini oshirish sohasidagi alohida xizmatlari uchun toʻqqizinchi YUNESKO-Hamdan mukofotini topshirish marosimi boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekistonda Oʻqituvchi va murabbiylar kuni 1997 yildan buyon milliy bayram va dam olish kuni sifatida nishonlanib kelinmoqda. Mamlakatda taʼlim tizimini izchil takomillashtirish, pedagogning konstitutsiyaviy darajada mustahkamlangan roli va maqomini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga yoʻllagan tabrigida taʼkidlanganidek, «Maktab — goʻyo kelajak bogʻi boʻlsa, oʻqituvchi — umid nihollarini mahorat bilan parvarishlaydigan bogʻbon, ezgulik va gʻamxoʻrlik bulogʻi, maʼrifat mashʼalidir. Shu bois biz bunday masʼuliyatli soha xodimlari mehnatini ulugʻlash va qadrlashdan hech qachon charchamaymiz». Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ilgʻor pedagoglarni ragʻbatlantirish maqsadida Abdulla Avloniy nomidagi Davlat mukofoti taʼsis etilmoqda.

Taʼkidlash joizki, Yangi Oʻzbekistonda maktab taʼlimini professional va oliy taʼlim bilan, oliy taʼlimni esa ilm-fan bilan uzviy integratsiya qilish masalalariga katta eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi oʻn yil ichida oliy taʼlim muassasalari sonining 77 tadan 205 taga yetgani, oliy taʼlim bilan qamrov darajasi 45 foizga yetgani eng muhim ijobiy natijalardan boʻldi. Respublika oliy taʼlim muassasalarida 185 ta taʼlim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan oʻtdi, xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 441 ta qoʻshma taʼlim dasturi joriy etildi.

Mamlakatda zamonaviy talablar asosida uzluksiz taʼlim, tarbiya va ilm-fan tizimini tashkil etish, inson kapitali rivojini yangi bosqichga olib chiqish, taʼlimning barcha turlari oʻrtasidagi uzviylikni taʼminlash maqsadida yangi Taʼlim va fan vazirligi tashkil etildi, u endilikda maktabgacha, oʻrta, professional va oliy taʼlim, ilmiy kadrlarni tayyorlash sohalarida yagona davlat siyosatini, rivojlanishni va tartibga solishni amalga oshiradi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.