Bukingem saroyi shahzoda Garri va Megan Marklning Buyuk Britaniyaga qaytganlaridan keyingi maqomini belgiladi

Bukingem saroyi shahzoda Garri va Megan Marklning Buyuk Britaniyaga qaytganidan keyingi maqomini belgiladi
Shahzoda Garri va Megan Markl Buyuk Britaniyada yashash davomida xususiy shaxs boʻlib qoladilar va qirollik oilasi aʼzolari vazifalarini bajarishga qaytmaydilar. Qirol Karl III ning koʻrsatmasiga binoan tayyorlangan Bukingem saroyining pozitsiyasi tushuntirilgan rasmiy xatni qirollik devoni rahbari eʼlon qildi.
Bu monarx va uning devonining juftlik Birlashgan Qirollikka qaytganidan keyingi ilk ommaviy bayonoti boʻldi. Sassekslar olti yil oldin qirollik oilasining katta aʼzolari maqomidan voz kechib, Kaliforniyaga koʻchib oʻtishgan edi.
Er-xotin tijorat va xayriya manfaatlariga ega boʻlgan xususiy fuqarolar maqomini saqlab qoladilar. «Uning Qirollik Oliylari» unvonlaridan foydalanish hamon toʻxtatib turilgan.
Bundan tashqari, Garri va Megan moliyaviy mustaqillikni saqlab qoladilar va oʻz xavfsizliklarini mustaqil ravishda taʼminlashda davom etadilar. Ular davlat tomonidan moliyalashtirilmaydi va soliq toʻlovchilar hisobidan avtomatik ravishda qoʻriqlanmaydi.
Juftlikning barcha xayriya va tijorat faoliyati ularning shaxsiy ishi deb tan olingan.
Manbalarning xabar berishicha, Garri, Megan va ularning farzandlari — Archi va Lilibet 26 avgust kuni Buyuk Britaniyaga yetib kelishgan. Oila mamlakatda uzoq muddat qolishni rejalashtirmoqda, bolalar esa mahalliy maktabda oʻqishni davom ettiradilar. Oilaning aniq yashash joyi va taʼlim muassasasi oshkor etilmayapti.
2020 yilda AQShga koʻchib oʻtgandan soʻng, juftlik tijorat medialoyihalari bilan faol shugʻullandi, jumladan, Netflix striming servisi bilan 2022 yildagi «Garri va Megan» hujjatli serialini, shuningdek, Meganning hayot tarzi haqidagi «Muhabbat ila, Megan» shousini ishlab chiqarish boʻyicha shartnoma imzoladi.

