Mahalliy

“Bu jarayonda o‘qituvchilarga bosim qilish noto‘g‘ri”. O‘zbekistonda inklyuziv ta’lim muhokamasi

Maktab yoshidagi nogironligi bo‘lgan bolalarning 6801 nafari inklyuziv ta’limga jalb qilingan. Ammo maktablardagi infratuzilma, o‘qituvchilar tayyorgarligi kabi muammolar saqlanib qolmoqda. 'Pedagoglarga bosim qilish orqali inklyuziyani targ‘ib qilish noto‘g‘ri', — deydi tadqiqotchi Dilmurod Yusupov. Batafsil.

“Bu jarayonda o‘qituvchilarga bosim qilish noto‘g‘ri”. O‘zbekistonda inklyuziv ta’lim muhokamasi

O‘zbekistonda 132 mingdan ziyod maktab yoshidagi nogironligi bo‘lgan bolalar mavjud. Tahlillarga ko‘ra, 2610 ta umumta’lim maktabida 6801 nafar bola inklyuziv ta’limga jalb qilingan, 17 056 nafar bola esa uyda ta’lim oladi.

UNICEF qarashiga ko‘ra, inklyuziv ta’lim tor va keng ma’noda ikki xil tushunchani anglatadi. Tor ma’noda bu nogironligi bo‘lgan yoki muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotgan o‘quvchilarni ta’lim jarayoniga qo‘shishdir. Keng ma’noda esa nogironligi bor-yo‘qligidan qat’i nazar, turli ehtiyoj va imkoniyatlarga ega barcha bolalarni ta’lim jarayoniga teng jalb qilishni bildiradi.

Men buni ko‘pincha oddiy bir misol orqali tushuntirishga harakat qilaman. Balki har biringizning beshinchi sinf paytingizda bo‘g‘inlab o‘qiydigan sinfdoshingiz bo‘lgandir. Yoki siz algebra masalalarini yechayotgan vaqtda, karra jadvalini hali yaxshi bilmaydigan sinfdoshingiz ham bo‘lgan. Ammo aksariyat hollarda bunday bolaga uning imkoniyatidan kelib chiqib yondashilmagan. Masalan, o‘qish ko‘nikmasi hali yetarli darajada shakllanmagan bo‘lsa ham, unga beshinchi sinf dasturi asosida murakkab asarlar berilgan, ya’ni bolaning ehtiyojiga moslashish o‘rniga, undan dastur talablariga moslashish kutilgan.

Inklyuziv ta’lim esa har bir bolaning imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqib, uning ta’lim jarayonidagi samaradorligini maksimal darajada oshirishni nazarda tutadi. Shu ma’noda inklyuziv ta’lim — samarali va sifatli ta’limdir.

Hozir jamiyatimizda inklyuziya deganda ko‘pincha faqat nogironlik tushuniladi. Aslida esa bu ancha keng tushuncha. “Inklyuziya” so‘zi fransuz tilidan kirib kelgan bo‘lib, jamiyatga qo‘shish, birlashtirish degan ma’noni anglatadi.

Bunda insonning holatidan qat’i nazar, unga teng imkoniyat va sharoit yaratish nazarda tutiladi. Nogironligi bo‘lgan bola ham, kam ta’minlangan oila farzandi ham, olis hududda yashaydigan o‘g‘il-qizlar ham — barchasi ta’lim jarayonida teng imkoniyatga ega bo‘lishi kerak. Bizda esa “inklyuziv” deganda hatto “inklyuzivligi bor bolalar” kabi noto‘g‘ri iboralar ishlatiladi. Aslida inklyuziya bolada emas, jamiyatda va maktabda bo‘lishi kerak.

Albatta, nogironligi bo‘lgan bolalarni birinchi navbatda ta’lim jarayoniga to‘liq qo‘shishimiz, ularning ehtiyojidan kelib chiqib maktab muhitini moslashtirishimiz zarur. Lekin inklyuziyani faqat shu bilan cheklab qo‘yish noto‘g‘ri. Bu — ancha keng tushuncha.

Inklyuziya deganda nogironligi bo‘lgan bolalarni tushunish stereotipini o‘zimiz shakllantirib boryapmiz. Amaldorlar yoki davlat xizmatchilari yig‘ilish va muhokamalarda “inklyuziya” deganda doim shu masalaga urg‘u bergani uchun jamiyatda ham shunday tushuncha paydo bo‘lgan.

Aslida inklyuzivlik — tenglik. Bir tomondan, “tenglik” deyapmiz, ikkinchi tomondan esa nogironligi bo‘lgan bolalarni doim alohida ta’kidlab, o‘zimiz ularni ajratib qo‘yyapmiz. Shuning uchun bu yondashuvdan asta-sekin voz kechib borishimiz kerak.

Inklyuzivlikni kundalik hayotimizdagi ko‘plab holatlarda ko‘rishimiz mumkin. Masalan, umumta’lim maktablarida turli tillarda ta’lim olayotgan bolalarning bitta tizimda o‘qishi ham inklyuziyaning bir ko‘rinishi. Qizlar va o‘g‘il bolalarga teng imkoniyat yaratilishi ham shunday. Yoki olis qishloqdagi bola shahar markazidagi maktab o‘quvchisi bilan bir xil sifatli ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Bu ham inklyuzivlik.

Hozir biz “inklyuziv ta’lim” degan atamani shartli ravishda ishlatyapmiz. Men ishonamanki, besh yoki o‘n yildan keyin bu oddiy holatga aylanadi. Xorij tajribasiga qarasak, masalan, Yevropa davlatlarida “inklyuziya” deganda ko‘proq migrantlar farzandlari, boshqa millat va din vakillarining jamiyatga moslashuvi tushuniladi. Nogironligi bo‘lgan insonlarning ta’lim olishi va jamiyatda teng huquqli shaxs sifatida ishtirok etishi esa allaqachon oddiy holatga aylangan.

Bola bog‘chadan boshlab nogironligi bo‘lgan tengdoshi bilan birga o‘ssa, uni ko‘rish, eshitish yoki harakatlanishidagi farqni kamsitish uchun sabab deb bilmaydi. Uni shunchaki inson, tengdoshi sifatida qabul qiladi. Bizda esa hali ham bunday stereotiplar bor. Shuning uchun inklyuziv ta’limni rivojlantirish bilan birga, jamiyatning bu boradagi qarashlarini ham o‘zgartirishimiz kerak.

Nazarimda, biz hali yo‘lning eng boshida turibmiz. Chunki inklyuziv ta’lim rivojlangan mamlakatlarda asrlar davomida shakllangan jarayon. Har bir davlatning bu borada o‘z rivojlanish yo‘nalishi va an’analari bor. Masalan, AQShdagi inklyuziv ta’limning rivojlanish tarixi Yevropa mamlakatlarinikidan farq qiladi.

Bizda esa bu yo‘nalish avvallari asosan loyihalar doirasida amalga oshirilardi. Men maxsus pedagogika yo‘nalishida talaba bo‘lgan paytimda ham shunday loyihalar bo‘lar, ko‘ngilli sifatida maktablarga borib, bolalarga yordam berishda ishtirok etardik. Bu jarayonda o‘qituvchilarimiz ham bizga ko‘maklashardi. Ammo loyiha tugashi bilan ishlar ham to‘xtardi. Odatda bunday loyihalar uch-to‘rt yil davom etib, keyin yakunlanardi.

Hozir esa vaziyat boshqacha. Inklyuziv ta’lim qonunchilikda, jumladan, Konstitutsiya va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunda o‘z aksini topgan. Shuning uchun bu jarayonni endi tizimli islohot sifatida ko‘rish mumkin. Lekin hali besh yillar atrofidagina vaqt o‘tganini hisobga olsak, biz shakllanish bosqichidamiz. Shu ma’noda, hali yo‘lning boshida turibmiz.

Dilmurod Yusupov:

Men ham Shahnozaning fikriga qo‘shilaman. Inklyuziv ta’limni joriy etish — juda uzoq davom etadigan jarayon. Uni qisqa muddatda tez qadamlar bilan yakunlab bo‘lmaydi. Masalan, AQShdagi hamkasblarimizdan inklyuziv ta’lim islohotiga qancha vaqt ketganini so‘raganimizda, kamida 70 yildan ortiq vaqt sarflanganini aytishgan. Yevropa davlatlarida ham bu jarayon hali tugagani yo‘q, davom etmoqda va turli muammolarga ega bolalar masalasi bor.

Bundan tashqari, inklyuziv ta’lim doimiy ravishda yangi masalalarni kun tartibiga olib chiqadi. Masalan, hozir sun’iy intellekt hayotimizga jadal kirib kelmoqda. U inklyuziv ta’limga qanday ta’sir qiladi, bolalar uchun qanday imkoniyatlar yaratadi, qanday texnologiyalardan foydalanish mumkin — bularning barchasi yangi muhokama qilinadigan masalalar.

O‘zbekistonda bu jarayonni 2020-yildan boshlangan, deb hisoblash mumkin. Chunki o‘sha davrda inklyuziv ta’lim konsepsiyasi qabul qilindi. Unda 2025-yilga qadar umumta’lim maktablarining 51 foizini inklyuziv ta’limga o‘tkazish kabi katta ko‘rsatkichlar belgilangan edi. Bu juda noreal deb o‘ylayman. Hozir inklyuziv ta’limni rivojlantirishga intilishimiz va harakatimiz juda yaxshi. Lekin shoshilish ham turli xatolarga olib kelishi mumkin. Masalan, faqat raqamlar ortidan quvib, islohotning eng muhim ishtirokchisi — bolaning o‘ziga zarar yetkazib qo‘yishimiz mumkin.

Shuning uchun islohot jarayonida doim bir savolni o‘zimizga berishimiz kerak: “Biz bu o‘zgarishlar bilan bolaga zarar yetkazmayapmizmi?”. Xorijiy tajribada ham asosiy tamoyillardan biri — hech kimga, birinchi navbatda esa bolaga ziyon yetkazmaslik. Inklyuziv ta’limdan asosiy manfaatdor tomon bola bo‘lishi kerak. Shu sababli men jarayonda biroz sur’atni pasaytirib, sifatga ko‘proq e’tibor qaratish kerak, deb hisoblayman. Bu islohotni tezroq amalga oshirishdan ko‘ra, uni bolalar manfaatiga zarar yetkazmagan holda to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhimroq.

Ro‘zibek To‘rayev:

Respublika bo‘yicha maktab yoshidagi nogironligi bo‘lgan 132 mingdan ortiq bola bor. Ular bir nechta shaklda ta’lim oladi.

Birinchisi — toifasiga qarab tashkil etilgan 90 ta ixtisoslashtirilgan maktab. Ikkinchisi — uyda ta’lim olish. Uchinchisi — umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim olish. Shuningdek, juda og‘ir va murakkab holatdagi bolalar uchun ham ta’lim shakllari mavjud bo‘lib, bu yo‘nalishda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi “Muruvvat” bolalar uylarida ham ishlar olib boriladi.

Respublika bo‘yicha 2610 ta umumta’lim maktabida inklyuziv ta’lim sinflari ochilgan.

Shularning qariyb 860 tasida bolalarning ehtiyojidan kelib chiqib, nisbatan to‘siqsiz muhit yaratilgan. O‘quv yili yakuniga ko‘ra, ana shu 2610 ta maktabda 6801 nafar bola inklyuziv ta’lim sharoitida o‘qimoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.