“Bu ayol vahshiy” – Qoʻshtepada katta hamshira qoʻl ostidagi 4 xodimni pichoqlab tashladi
7-sentabr kuni Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumani tibbiyot birlashmasi bolalarga birinchi yordam koʻrsatish boʻlimining katta hamshirasi Odina Imomova qoʻl ostida ishlovchi 4 nafar xodimini oʻz xonasiga olib kirib, eshikni ichkaridan qulflab olib, ularga pichoq bilan tashlanadi. Yurak qismidan pichoqlangan farrosh voqea joyida halok boʻlgan. Boshqa hamshiraning 5 joyiga pichoq sanchilgan, yana ikki hamshiraning tana aʼzolariga turli darajada jarohat yetkazilgan. Kun.uz hodisa tafsilotlarini oʻrgandi.

“Bu ayol vahshiy” – Qoʻshtepada katta hamshira qoʻl ostidagi 4 xodimga pichoq urdi
7-sentabr kuni Fargʻona viloyati Qoʻshtepa tumani tibbiyot birlashmasining bolalarga birinchi yordam koʻrsatish boʻlimi katta hamshirasi Odina Imomova qoʻl ostida ishlaydigan 4 nafar xodimni oʻz xonasiga chaqirib, eshikni ichkaridan qulflab olgancha ularga pichoq bilan tashlangan. Yurak qismidan pichoqlangan farrosh voqea joyida vafot etgan. Yana bir hamshiraning tanasiga 5 joyidan pichoq sanchilgan, qolgan ikki hamshira esa turli darajada tan jarohatlari olgan.
Bir kishi voqea joyida halok boʻlgan, uch xodim turli darajadagi tan jarohatlari bilan qolgan, ulardan birining ahvoli ogʻir.
Surishtiruvlarga koʻra, qotillikka qoʻl urgan katta hamshira Odina Imomova ikki turmushidan ham ajrashgan, keksa onasi va bir oʻgʻli boʻlgan. U voqea sodir boʻlishidan oldin ham boshqa bir fuqaroni pichoqlab qoʻyib, jazo muddatini oʻtab chiqqan va Qoʻshtepa tumani tibbiyot birlashmasiga qayta ishga tiklangan. Qotillik yuz berishidan avval esa uy olish uchun oʻz nomiga kredit rasmiylashtirib, pichoqlangan hamshiralarni kafillik shartnomasiga imzo chekishga majbur qilgan.
Oyligi tushishini bankomatda kutardi...
Turmush oʻrtogʻim Lolaxon Ismoilova besh joyidan pichoqlanib, reanimatsiyada yotibdi. Ikki marta jarrohlik amaliyotini oʻtkazdi. Qotillikka qoʻl urgan katta hamshira Odina Imomovaning qiliqlaridan ishxonadagilar bezib ketgan edi. Turmush oʻrtogʻimga qoʻngʻiroq qilsa, dam olish kuni boʻlishiga qaramay, qoʻrqqanidan qayerda boʻlishidan qatʼiy nazar yoniga darrov yetib borardi.
“Qayerdan kelyapsan” desam, “Odinaxon bilan u yoqqa bordik, bu yoqqa bordik, ish buyursa birga bormasam boʻlmaydi, bilasiz-ku muttahamligini, keyin tinch qoʻymaydi-da, bormasam boʻlmasdi-da”, deb koʻp gapirardi. U ishchilariga doim tazyiq oʻtkazib kelgan. Qizim ham oʻsha yerda ishlaydi. Qizimga ham doʻq-poʻpisa qilib yurgan. Oʻsha kuni qizimni ham oʻz xonasiga chaqirtirgan, bormagani uchun omon qoldi.
Katta hamshiraning bir oʻgʻli va keksa onasi bor. Oʻsha keksa onasiga ham qaragani borardi ayolim. Qarashga majburlardi-da... Xullas, hamma qoʻrqardi undan.
Oʻsha kuni “har biringga 200 dollardan pul beraman” deb hamshiralarni xonasiga olib kirib, eshikni ichkaridan qulflagan. Birinchi boʻlib turmush oʻrtogʻimning bosh qismiga pichoq urgan. Keyin boʻyniga solgan. Qochishga uringanda orqasidan yana bir marta urgan. Eshikni ochayotgan paytda orqa tomondan yana bir marta pichoq urgan. Qoʻli bilan qarshilik qilayotgan paytda qoʻliga ham urgan. Eshikni ochib qochib chiqib ketishga uringan boʻlgan-da turmush oʻrtogʻim.
Farrosh boʻlib ishlovchi Hayotxon Najmiddinovaning yuragiga pichoq urgan. U voqea joyida halok boʻlgan. Xonadan qochib chiqishga uringan hamshiralarning orqasidan quvlab borib pichoq sanchgan. Turmush oʻrtogʻim qonga belangan holda yuqori qavatga qarab chiqishga uringan...
Katta hamshira ishni qilib qoʻyib, qonga belangan qoʻlini yuvib, hech narsa boʻlmagandek “marshrutka”ga oʻtirib, voqea joyidan gʻoyib boʻlgan....
Katta hamshira Odina bu voqea boʻlishidan avval ham kimnidir pichoqlab qoʻyib, qamalib chiqqan edi. Bunday ruhiy nosogʻlom ayol qanday qilib tibbiyot sohasida ishlab yuribdi, hayronman...
Oʻsha qotil ayol kreditga uy olish uchun turmush oʻrtogʻim va yana oʻsha yerda ishlovchi uch-toʻrt nafar hamshirani kafil boʻlishga majburlagan. Turmush oʻrtogʻim kafil boʻlgani uchun oyligi tushadigan kuni bezovta boʻlib, plastikdan pulimni yechib olmasin deb kunni bankomatda oʻtkazardi. Tazyiqda, qoʻrquvda ishlab yurganda turmush oʻrtogʻim.
Oʻsha ayol telefon qilsa, turmush oʻrtogʻimning toʻsatdan rangi oʻzgarib, qoʻrqib ketardi. “Kim u senga? Nega qoʻrqasan?” desam, “Nima boʻlgandayam boshligʻimiz-da”, derdi. Eng dahshatlisi, yuragiga pichoq sanchib oʻldirgan farrosh Hayotxonni dam olish kuni boʻlishiga qaramay uyidan xonasiga chaqirtirib olgan. Qizim ham aynan oʻsha boʻlimda ishlaydi. Oʻsha kuni qizimni ham chaqirtirgan ekan. Qaynonasi rozi boʻlmagani uchun bormagan. Qizim bir oʻlimdan qutulib qoldi”, deydi reanimatsiyada qolayotgan hamshira Lolaxon Ismoilovaning turmush oʻrtogʻi Valijon Mamadaliyev.
Valijon Mamadaliyevning kelini ham qotillik yuz bergan boʻlimda hamshira boʻlib ishlagani, Odina Imomova qoʻl ostidagi xodimlarini toʻplab, oktabr oyida pensiyaga chiqib ketishi, ishdan ketishdan oldin boʻlimni “quritib”, keyin ketishi haqida tez-tez gapirib kelganini bildirdi.
Hamshira ruhiy kasalliklar boʻlimida roʻyxatda turmagan
“Qotillikni amalga oshirgan hamshira shifoxonamizda salkam 30 yildan beri ishlardi. Avval u ayol bilan bogʻliq koʻngilsiz holatlar kuzatilmagan. Xodimlarni bir yilda bir marta tibbiy koʻrikdan oʻtkazamiz. Tekshiruv natijasiga koʻra, hamma kadrlar sogʻlom deb xulosa berilgan. Katta hamshira ruhiy kasalliklar boʻyicha shugʻullanadigan shifokorimizda ham roʻyxatda turmagan.
Oʻsha kuni voqeani eshitib boʻlimga kirganimda xonalar ochiq holatda edi. Jabrlanganlarni olib chiqib ketishayotgan ekan. Qotillikni sodir etgan hamshira tashqariga qochib chiqib ketgan ekan. Darhol ushlab kelishdi”, deydi Qoʻshtepa tumani tibbiyot birlashmasi boshligʻining davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosari Xurshid Teshaboyev.
Qoʻshtepa tumani koʻp tarmoqli poliklinikasi psixiatri Baxtiyor Abbosovga koʻra, katta hamshira Odina Imomovada ruhiy xastalik holati boʻlmagan. U biror marta sogʻligidan shikoyat qilib murojaat qilmagan.
Hamshiralardan biri jonlantirish boʻlimida, ikki hamshiraning holati qoniqarli...
“7-sentabr kuni soat 16:30 lar chamasida boʻlimimizga oʻtkir buyumdan jarohat olgan uch nafar bemor keldi. Ikki bemorning holati qoniqarli, oʻrta ogʻir holatda edi. Bemorlarga birinchi yordam koʻrsatilgan, birlamchi jarrohlik amaliyoti oʻtkazilib, jarrohlik boʻlimiga oʻtkazildi.
Bemorlarimizdan biri tezkor davoga muhtojligi sababli operatsiya xonasiga olindi. Operatsiyadan keyin bemorni reanimatsiya boʻlimiga oʻtkazdik. Hozirda bemorning ahvoli qoniqarli, oʻrta ogʻirlikda, yaʼni oʻtkazilgan operatsiyaga, tashxis ogʻirligiga mos.
Holati qoniqarli ikki hamshira masalasiga kelsak, pichoq hamshiralardan birining chap koʻkrak beziga tekkan, lekin koʻkrak qafasini teshib oʻtmagan. Ikkinchisi, chap koʻkragining orqa qismiga yetkazilgan tan jarohat, oʻtkir buyumdan yetkazilgan tan jarohat. U ham koʻkrak qafasiga teshib oʻtmagan tan jarohat. Birlamchi jarrohlik amaliyotini oʻtkazdik, hozirda bemorlar antibiotiklarni, kerakli muolajalarni olyapti. Reanimatsiyada yotgan bemor chap koʻkrak qafasining orqa qismidan va chap belning pastki qismidan jarohat olgan. Operativ davo oʻtkazilgan. Operatsiyadan keyingi holatlari oʻtkazilgan tashxis ogʻirligiga mos”, deydi Qoʻshtepa tumani tibbiyot birlashmasi xirurgiya boʻlimi boshligʻi Ikromjon Mamatov.
Holat yuzasidan Qoʻshtepa tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish) ikkinchi qismi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Odina Imomova ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

