Dunyo

Britaniyada immigrantlar uchun doimiy yashash huquqini olish qiyinlashadi

Buyuk Britaniya hukumati immigrantlar uchun yangi talablarni taklif qildi. Unga ko‘ra, doimiy yashash huquqini olish muddati 5 yildan 10 yilga, ayrim toifalar uchun esa 20–30 yilgacha uzaytirilishi mumkin.

Britaniyada immigrantlar uchun doimiy yashash huquqini olish yanada qiyinlashadi

Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud immigratsiya qonunchiligini isloh qilish rejasini e’lon qildi. Unga ko‘ra, endi aksariyat qonuniy immigrantlar mamlakatda doimiy yashash huquqini olish uchun kamida 10 yil kutishi kerak bo‘ladi. Noqonuniy immigrantlar va ayrim qochqinlar uchun esa bu muddat 20 yoki hatto 30 yilgacha cho‘zilishi mumkin, deb xabar berdi BBC.

Hozirga qadar Britaniyada immigrantlar odatda mamlakatda besh yil qonuniy yashagach, doimiy yashash huquqi (ILR) uchun ariza bera olardi. ILR maqomi chet elliklarga Britaniyada cheklanmagan muddat yashash, ishlash va o‘qish, shuningdek, davlat nafaqalari va ijtimoiy uy-joylardan foydalanish imkonini beradi.

Vazir parlamentda taqdim etgan rejaga ko‘ra, ILR olish uchun asosiy kutish muddati 10 yil etib belgilangan, biroq immigrantning daromadi, jamiyatga moslashuvi va mamlakatga qo‘shayotgan hissasiga qarab bu muddat qisqartirilishi yoki uzaytirilishi mumkin.

Yiliga 50 ming funtdan ortiq daromad oladiganlar 5 yildan keyin ariza topshirishi mumkin.

Yillik daromadi 125 ming funtdan oshadiganlar uchun bu muddat 3 yilgacha qisqartiriladi.

Ayrim davlat nafaqalarini olgan yoki viza qoidalarini buzgan immigrantlar 20 yil kutishi mumkin.

Britaniyaga dengiz orqali noqonuniy kelgan, ammo ishlayotgan yoki o‘qiyotgan shaxslar uchun ham 20 yillik muddat belgilangan.

Mamlakatga noqonuniy kirib, ishlamaydigan va o‘qimaydiganlar esa 30 yil kutishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, ILR olishni istagan shaxs sudlanmagan, davlat oldida qarzi bo‘lmagan va kamida so‘nggi uch yil davomida soliq to‘lagan bo‘lishi kerak. Shuningdek, ingliz tili hamda Britaniya qonunlari, tarixi va madaniyatiga oid imtihonlardan o‘tish talab etiladi.

Shabana Mahmudning aytishicha, yangi tartib hukumatga immigrantlar uchun ajratiladigan nafaqalar hisobidan milliardlab funtni tejash imkonini beradi.

Biroq siyosiy sharhlovchilar bu qarorning boshqa sababi ham borligini ta’kidlamoqda. Immigratsiyani cheklash hukmron Leyboristlar partiyasi uchun muhim siyosiy masalaga aylangan. Chunki immigratsiyaga qarshi keskin pozitsiyasi bilan tanilgan o‘ng populistik Reform UK partiyasi leyboristlarga jiddiy raqobat tug‘dirmoqda.

BBC’ning siyosiy sharhlovchisi Kris Meyson eslatishicha, Mahmud avvalroq 2021–2024-yillarda Britaniya aholisi immigratsiya hisobiga 2,6 million kishiga ko‘payganini aytgan. Uning fikricha, hukumat tezroq chora ko‘rmasa, yaqin yillarda yangi kelgan immigrantlarning katta qismi doimiy yashash huquqini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mahmud, ayniqsa, kam maosh oladigan va o‘zi bilan ishlamaydigan oila a’zolarini olib kelgan immigrantlar davlat byudjetiga katta xarajat yuklashi mumkinligini ta’kidlagan.

Takliflar Leyboristlar partiyasining ayrim taniqli vakillari tomonidan tanqid qilingan.

Jumladan, sobiq uy-joy vaziri Anjela Reyner Britaniyaga avvalgi qoidalar asosida kelgan immigrantlarga yangi talablarni tatbiq etish adolatsizlik bo‘lishini aytgan. Uning fikricha, bu “britancha qadriyatlarga mos kelmaydi”.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Britaniyada sof migratsiya 2023-yilda qariyb bir million kishiga yetib, eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Bunga sobiq bosh vazir Boris Jonson hukumati tomonidan Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi davlatlar fuqarolari uchun viza talablarining yengillashtirilgani ham sabab bo‘lgan.

Biroq so‘nggi yillarda vaziyat o‘zgardi. Britaniya Ichki ishlar vazirligi va Milliy statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda sof migratsiya 2024-yilga nisbatan ikki baravar kamayib, 117 ming kishini tashkil etgan.

Hozir Britaniya aholisi qariyb 70 million kishidan iborat. 2004-yildan buyon mamlakat aholisi, asosan, immigratsiya hisobiga qariyb 11 million kishiga ko‘paygan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.