Britaniya Ukrainaga 5 mingta raketa yetkazib berishni tezlashtiradi
Buyuk Britaniya Ukrainaga avval kelishilgan harbiy yordam paketi doirasida raketalar yetkazib berishni tezlashtirishini tasdiqladi. Kiyevga kelgusi toʻrt yil davomida 5 mingta yengil koʻp maqsadli raketa - LMM yetkazilishi koʻzda tutilgan.

Britaniya Ukrainaga 5 mingta raketa yetkazib berishni tezlashtiradi
DW nashri Politico’ga tayanib xabar berishicha, bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning 14-oktabr kuni Londonga tashrifi chog‘ida ma’lum qilingan.
Raketalarni yetkazib berish uchun 1,6 milliard funt sterling, ya’ni qariyb 1,89 milliard yevro ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu yangi buyurtma emas, balki avval kelishilgan yordam paketini tezroq yetkazish masalasidir.
Nashrga ko‘ra, LMM raketalari Ukraina Qurolli kuchlariga Rossiya Ukraina shaharlariga yo‘llayotgan reaktiv dronlarni urib tushirishda yordam beradi.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Byornem mamlakat Ukraina armiyasi uchun yangi harbiy yechimlar ishlab chiqishda davom etishini bildirgan. Jumladan, Britaniya texnologiyalarini boshqa ittifoqchilar Ukrainaga bergan qurollarga moslashtirish rejalashtirilmoqda.
London, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun 45 million funt sterlinglik — 53,2 million yevrolik raketalar paketini e’lon qilgan. Politico ma’lumotiga ko‘ra, Britaniya hukumati qo‘shimcha moliyaviy va harbiy yordam paketlari hamda Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni tayyorlamoqda.
Bundan tashqari, Chernobil atom elektr stansiyasidagi himoya inshootini ta’mirlash uchun 17 million funt sterling — qariyb 20 million yevro ajratiladi. Inshoot 2025-yilda Rossiya droni hujumi oqibatida shikastlangan.
Britaniya hukumati zarur ta’mirlash ishlari bajarilmasa, korroziya ko‘p yillik xalqaro sarmoyalar natijasiga putur yetkazishi va atrof-muhit uchun uzoq muddatli xavflar tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlagan.
Zelenskiyning Londonga tashrifi Kiyev va Vashington munosabatlaridagi taranglik fonida o‘tgan. Avvalroq Donald Tramp Ukraina Oq uyning so‘rovlariga qaramay, Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berishda davom etayotganini tanqid qilgan va mamlakatda yangi prezidentlik saylovlari o‘tkazishga chaqirgan edi.
Oktabrda Tramp Moskva bilan Rossiya yonilg‘isiga nisbatan sanksiya cheklovlarini vaqtincha yumshatuvchi «dizel kelishuvi»ni ham e’lon qilgan.
AQSH prezidenti Rossiya va Ukraina o‘rtasida «energetik sulh» haqida gapirgan bo‘lsa-da, DW ma’lumotiga ko‘ra, Moskva ham, Kiyev ham bunday kelishuv tuzilganini tasdiqlamagan. Rossiya qo‘shinlari esa Ukraina energetika obyektlariga ballistik raketalar bilan zarbalar berishda davom etgan.

