Braziliyada kuchli tornado aeroport tomini uchirib ketdi, shaharni suv bosdi (video)
Santa Katarina shtatidagi maktablarda darslar bekor qilindi. Aholiga xavfsizlik uchun uyda qolish tavsiya qilinmoqda.

Braziliyada kuchli tornado aeroport tomini uchirib ketdi, shaharni suv bosdi (video)
Braziliyaning Santa Katarina shtatiga yopirilgan tornado mahalliy aeroportga katta zarar yetkazdi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Shapeko aeroportida kuchli bo‘ron angarlar va asosiy terminal joylashgan hududdagi binolar tomining bir qismini uchirib ketdi. Ma’muriyat aeroport faoliyatini noma’lum muddatga to‘xtatdi. Hozir mutaxassislar infratuzilmani to‘liq tekshirmoqda. Aeroport ishini imkon qadar tezroq tiklash rejalashtirilgan.
Yo‘lovchilarga aeroportga kelmaslik va o‘z reyslari bo‘yicha dolzarb ma’lumot olish uchun aviakompaniyalar bilan bevosita bog‘lanish tavsiya etildi. Ijtimoiy tarmoqlarda voqea joyidan olingan videolar tarqaldi.
Noqulay ob-havo sabab butun shtat o‘ta yuqori xavf hududi deb e’lon qilindi. Tornado oqibatida binolarning tomlari shikastlanib, hududlarni suv bosdi. Santa Katarina hukumati 4 va 5-noyabr kunlari barcha davlat maktablarida darslarni bekor qildi. Shtat ma’muriyati aholini o‘z xavfsizligi uchun uyda qolishga chaqirdi.
Tabiiy ofat boshqa munitsipalitetlarda ham jiddiy oqibatlarga olib keldi. Rio-du-Sul shahrida o‘t o‘chiruvchilar maktabda qolib ketgan 30 kishini, jumladan bolalar va kattalarni qutqardi. Binoning kirish qismlarini suv bosgani sababli qutqaruvchilar shishiriladigan qayiq va arqonlardan foydalanishga majbur bo‘ldi.
Pousu Redondu munitsipalitetida bo‘ron 13 ta uyning tomini uchirib yubordi. O‘t o‘chiruvchilar yo‘llar va garajlarga qulab tushgan daraxtlarni olib tashladi. Jabrlangan aholiga shikastlangan binolarni vaqtincha yopib turish uchun maxsus himoya brezentlari tarqatilmoqda.

