Braziliyada bitta o‘yinda 53 ta qizil kartochka ko‘rsatildi
Bu rekord natija bo‘lib, oldingi rekord 36 ta qizil kartochkadan iborat edi.

Braziliyada bir o‘yinda 53 ta qizil kartochka ko‘rsatildi
Braziliyaning Minas-Jerays shtatida 2-divizion chempionatining yarim finalida "Uberlandiya" va "Mamore" jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvda 53 ta qizil kartochka berildi va bu jahon rekordi bo‘ldi.
O‘yinning 54-daqiqasida "Mamore" futbolchisi Davi gol urgach, "Uberlandiya" o‘yinchilariga nisbatan provokatsion imo-ishoralar qildi va raqiblarni haqorat qildi, shundan so‘ng ommaviy mushtlashuv kelib chiqdi.
Voqeadan keyin hakam Fernando Patrik "Mamore"ning 21 nafar, "Uberlandiya"ning esa 22 nafar o‘yinchisini maydondan chetlatdi. Bundan tashqari, har ikki tomondan sakkiztadan murabbiy va ikkita menejer ham qizil kartochka oldi — jami 53 kishi.
Shundan so‘ng hakam "Mamore" foydasiga 3:1 hisobida o‘yinni to‘xtatishga qaror qildi. Hisobot varaqasida u uchrashuv endi davom ettirilmasligini qayd etgan. Patrik, shuningdek, "Uberlandiya" menejeri tomonidan unga nisbatan tahdidlar bo‘yicha politsiyaga ariza berilganini aytdi.
Bu uchrashuv jahon futbolida eng ko‘p qizil kartochka ko‘rsatilgan o‘yin sifatida rekord o‘rnatdi. Oldingi rekord 36 ta qizil kartochkadan iborat edi. Bu natija 2011-yil 27-fevralda Argentina ligasining beshinchi divizionida "Atletiko Kleypol" va "Viktoriya Arenas" o‘rtasidagi o‘yinda qayd etilgan.

