«Boysun doʻppisi» nomi huquqiy muhofazaga olindi
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida qadimdan tayyorlab kelinadigan «Boysun doʻppisi» geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Bu uning nomi va hudud bilan bogʻliq oʻziga xos xususiyatlarini huquqiy muhofaza qilish imkonini beradi.

«Boysun doʻppisi» nomi huquqiy himoyaga olindi
«Boysun doʻppisi» geografik koʻrsatkich sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi
U Boysun tumani hududida qadimdan tikib kelinadigan milliy bosh kiyimlardan biri sanaladi. Doʻppi dumaloq shaklda boʻlib, piltadoʻzi uslubidagi kashtalar bilan bezatiladi.
«Boysun doʻppisi» boshqa milliy bosh kiyimlardan oʻziga xos piltadoʻzi kashta uslubi, geometrik naqshlari, yorqin ranglar uygʻunligi va anʼanaviy tikish usullari bilan farqlanadi.
Uni bezashda chilxol, chayongul, qoʻchqorshoxi, archa va koʻzacha kabi anʼanaviy naqshlardan foydalaniladi.
Doʻppining geografik koʻrsatkich sifatida roʻyxatdan oʻtkazilishi mahsulotning aynan Boysun hududi bilan bogʻliq jihatlarini huquqiy jihatdan muhofaza qilishga xizmat qiladi.
Shuningdek, «Boysun doʻppisi» nomining huquqiy himoyasi taʼminlanib, uning anʼanaviy xususiyatlari va ishlab chiqarish usullarini asrab qolish uchun qoʻshimcha huquqiy asos yaratiladi.
Bu Boysun hunarmandchiligi mahsulotini Oʻzbekiston va xalqaro bozorlarda targʻib etish imkoniyatlarini ham kengaytirishi kutilmoqda.
Maʼlumot uchun, geografik koʻrsatkich — mahsulotning muayyan sifati, obroʻsi yoki boshqa xususiyatlari maʼlum bir geografik hudud bilan bogʻliqligini bildiruvchi intellektual mulk obyekti hisoblanadi.

