Bortida 6 kishi boʻlgan tibbiy samolyot Massachusets qirgʻoqlari yaqinida gʻoyib boʻldi
Parvoz maʼlumotlariga koʻra, samolyot balandlikni sezilarli darajada yoʻqotganidan keyin parvoz nazoratchilari bilan aloqani yoʻqotgan.

Bortida 6 kishi boʻlgan tibbiy samolyot Massachusets qirgʻoqlari yaqinida gʻoyib boʻldi
AQSh rasmiylari shanba kuni ertalab Massachusets shtatining Boston shahriga yoʻl olgan tibbiy samolyot gʻoyib boʻlganidan keyin olti kishini qidirmoqda.
Federal aviatsiya boshqarmasi BBC'ga Gulfstream G-100 samolyoti bilan aloqa yoʻqolganini maʼlum qildi va mahalliy vaqt bilan soat 1:00 dan (Grinvich boʻyicha 6:00) keyin qidiruv-qutqaruv ishlari haqida eʼlon berdi.
AQSh Sohil xavfsizlik xizmatining Shimoli-sharqiy okrugi maʼlumotlariga koʻra, Massachusets oroli boʻlgan Nantaket qirgʻoqlari yaqinida havo va suvda qidiruv ishlari olib borilmoqda.
FlightAware parvoz maʼlumotlari shuni koʻrsatadiki, samolyot Bermud orollaridagi L.F. Wade xalqaro aeroportidan mahalliy vaqt bilan soat 23:40 da havoga koʻtarilgan va Bostonning Logan xalqaro aeroportiga Sharqiy kunduzgi vaqt bilan soat 1:30 da (Grinvich boʻyicha 6:30) qoʻnishi kerak edi.
Sohil xavfsizlik xizmati tomonidan eʼlon qilingan bort raqamiga koʻra, samolyot uyiga qaytayotgan bemorlar uchun xalqaro tibbiy parvozlarni amalga oshiruvchi Latitude Air Ambulances kompaniyasiga tegishli boʻlgan.
FlightAware kuzatuv tizimi samolyot bilan aloqa yoʻqolishidan oldin uning balandligi keskin pasayganini, yaʼni taxminan 7 300 metrdan (24 000 fut) 3 300 metrgacha (11 000 fut) tushib ketganini koʻrsatmoqda.

