“Bolgarka işlatiş uçun uzaytirgiç ulamoqçi bölişgan” - Parkwood'dagi transformatorda nima bölgan?
27-oktabr kuni Toşkentdagi Parkwood turar joy majmuasida transformator punktiga kirgan ikki kişi kuyiş jarohatini oldi, ulardan biri jonlantiriş bölimiga yotqizilgan. Kun.uz bilan suhbatlaşgan “Toşkent şahar elektr tarmoqlari” mutaxassisiga köra, ular TP kalitini qorovuldan olişgan, ammo kalit masʼul şaxsda saqlanişi kerak. Maʼlum bölişiça, köplab yangi uylarda TPlar HETK balansiga ötkazilmagan.

“Bolgarka ishlatish uchun uzaytirgich ulamoqchi bo‘lishgan” - Parkwooddagi transformator punktida nima bo‘lgan?
27-oktabr kuni Toshkentda bir odam yonayotgani va atrofdagilar uni o‘chirishga urinayotgani aks etgan video tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, hodisa Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Parkwood turar joy majmuasida, majmuaga qarashli transformator punktida yuz bergan.
Hodisa oqibatida ikki kishi shifoxonaga yotqizilgan. Ular RShTYoIMga olib kelingan. Shifoxonaga borgan Kun.uz muxbirining aniqlashicha, bemorlardan biriga yordam ko‘rsatilib uyiga javob berilgan, ikkinchisi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
Hodisa yuz bergan transformator punkti “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” korxonasi balansida turmaydi. Kompaniya dastlabki axborotida yong‘in chiqishiga “transformatorda ta’mirlash ishlari olib borilayotgan vaqtda yuz bergan fazalararo qisqa tutashuv” sabab bo‘lganini bildirgan edi. Ammo kompaniya mutaxassisi Aziz To‘ychiyev keyinroq Kun.uz’ga bergan intervyusida boshqa sababni tilga oldi.
“O‘sha yerdagi quruvchilar qorovuldan TP kalitini olib, bolgarka ishlatish uchun uzaytirgich (udlinitel) ulamoqchi bo‘lishgan paytda elektr yoyidan jarohatlanishgan. Aslida kalit qorovulda emas, mas’ul shaxsda bo‘lishi kerak”, - dedi To‘ychiyev.
Kun.uz yangi qurilgan ko‘p qavatli uylardagi elektr xavfsizligi uchun kim javobgar bo‘lishi haqida so‘radi. HETK vakiliga ko‘ra, TPni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha mas’ul shaxs belgilangan bo‘lishi, u tegishli bilim va malakaga ega bo‘lishi, ishlarni esa xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda bajarishi kerak.
“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” mutaxassisining tushuntirishicha, qurilish kompaniyasiga tegishli transformator punktini ishga tushirishda belgilangan tartibda ruxsat olinishi, mas’ul shaxslar haqidagi hujjatlar rasmiylashtirilishi kerak.
Korxonada energetik xodim bo‘lmasa, transformator punktiga xizmat ko‘rsatish uchun ixtisoslashgan tashkilot bilan shartnoma tuzilishi mumkin. Har qanday holatda ham, transformator punktidagi ishlar uchun mas’ul shaxs belgilanishi va elektr xavfsizligi talablariga amal qilinishi lozim.
Transformator punkti “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” balansiga o‘tkazilganidan keyin esa kalitlarni saqlash va ularni olib-qaytarish tartibi jamiyat tizimi orqali nazorat qilinadi.
Aziz To‘ychiyev poytaxtdagi yangi ko‘p qavatli uylarning qanchasi elektr tarmoqlari korxonasi balansiga o‘tkazilgani bo‘yicha aniq raqam keltira olmasligini aytdi. Uning taxminiga ko‘ra, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning 30–40 foizida TPlar HETK balansiga o‘tkazilgan. Qolganlarida qurilish kompaniyasi yoki boshqa tashkilotlar balansida bo‘lishi mumkin.
Kun.uz Parkwood turar joy majmuasidagi hodisa bo‘yicha izoh olish uchun boshqaruv kompaniyasi vakillari bilan ham suhbatlashishga harakat qildi, ammo ular savollarga javob bermadi.

