Bolalikda tushunilmagan haqiqatlar: ulg‘aygach boshqacha ko‘ringan multfilm qahramonlari

Bolalikda anglanmagan haqiqatlar: ulg‘aygach boshqacha ko‘ringan multfilm qahramonlari
Bolaligimizda multfilm qahramonlarini shunchaki sevimli personajlar sifatida qabul qilardik. Ammo ulg‘ayganimizda, ularning hikoyalarida bolalikda tushunish qiyin bo‘lgan tanish hayotiy vaziyatlarni, murakkab taqdirlarni va xatti-harakatlarni payqay boshladik.
**Karl Fredriksen, “Tepaga”**
Bolaligida ko‘pchilik Karlni vaysaqi chol deb bilardi, biroq yoshi ulg‘aygan sari uning tarixi butunlay boshqacha namoyon bo‘ladi. Havo sharlarida osmonga ko‘tarilgan uy Karl uchun Elli va birgalikdagi hayotlari bilan aloqani saqlab qolish vositasiga aylanadi — u go‘yo o‘tmishni o‘zi bilan olib ketishga urinadi. Jannat sharsharasiga sayohat esa unga yaqin insoni haqidagi xotirani saqlash o‘tmishda abadiy qolib ketishni anglatmasligini tushunishga yordam beradi. Karl o‘tmishni qo‘yib yuborishni, boshqalarga g‘amxo‘rlik qilishni va haqiqiy sarguzasht endigina boshlanayotganini anglagan holda yangi hayot boshlashni o‘rganadi.
**Skvidvard Tentakls, “Gubka Bob”**
Skvidvard — bosh qahramonning hamisha hamma narsadan norozi bo‘lib, boshqalarning kayfiyatini buzadigan badqovoq sakkizoyoq qo‘shnisi. Ammo katta avlod vakillari unga butunlay boshqa nigoh bilan qaraydi: klarnetchi bo‘lishni orzu qilgan, biroq yoqtirmagan ishida, ya’ni fastfudda qolib ketgan iste’dodli musiqachi. Qolaversa, g‘ayrat-shijoati faqat g‘ashga tegishi mumkin bo‘lgan sho‘x qo‘shnisi bilan birga ishlashga mahkum.
**Gryu, “Yaxshi bo‘lish osonmi?”**
Avvaliga Gryu minionlar armiyasiga ega va Oyni o‘g‘irlashdek aqldan ozgan reja tuzgan shunchaki bir kulgili superyovuzdek tuyuladi. Ammo bu komediya hikoyasi ortida ancha jiddiy mavzu yashirin: bolaligidanoq uning orzu-umidlari va yutuqlarini nazarga ilmagan ona hamda hissiy jihatdan yopiq bo‘lib o‘sgan va mehr ko‘rsatishni bilmaydigan bola. Uch nafar asrandi qiz bilan uchrashuv Gryuni asta-sekin o‘zgartiradi: u boshqalarga g‘amxo‘rlik qilishi va ularga bolaligida o‘zi juda muhtoj bo‘lgan mehrni berishi kerak bo‘ladi.
**Bob Parr, “Superoila”**
Bolalikda biz superqahramonlar haqidagi yorqin hikoyani ko‘ramiz. Ulg‘aygach esa unda butunlay boshqa narsani — o‘rta yosh inqirozini, turmush tashvishlarini va ushalmagan umidlarning og‘irligini seza boshlaymiz. Bob Parr bir paytlar superqahramon edi, endi esa zerikarli idorada ishlaydi, boshlig‘ining dakki-dashnomlariga chidaydi va o‘zini haqiqatan ham kerakli his qilgan damlarni qo‘msaydi. Bolaligimizda u shunchaki kostyumi tor kelib qolgan superqahramon bo‘lsa, ulg‘aygach esa o‘z qadr-qimmatini qayta his qilishga jon-jahdi bilan urinayotgan odamdir.
**Tay Lung, “Kung-fu panda”**
Multfilmda tomoshabinlarga Tay Lung sirli xatni qo‘lga kiritish uchun qamoqxonadan qochgan yovuz qor qoploni sifatida tanishtiriladi. Ammo kattalar uning hikoyasida butunlay boshqa dramani ko‘rishlari mumkin: Shifu tarbiyalagan, o‘qitgan va o‘z farzandidek sevgan, bolaligidan bir kun kelib Ajdarho jangchisi bo‘lishiga ishontirilgan asrandi o‘g‘il. Tay Lungga bu unvon berilmaganida u ishongan va hayotini bag‘ishlagan barcha narsa barbod bo‘ladi. Uning g‘azabi nafaqat hokimiyatga tashnalik, balki butun umri davomida o‘zi uchun eng muhim bo‘lgan insonning e’tirofiga erishishga intilgan kishining dardi bo‘lib chiqadi. Hatto haqiqiy yovuzga aylangan bo‘lsa-da, Tay Lung fojiaviy qahramonligicha qoladi, chunki uning shafqatsizligi ortida ro‘yobga chiqmagan umidlar, hafsala pir bo‘lishi va chuqur alam yotadi.
**Antuan Ego, “Ratatuy”**
Avvaliga u shunchaki jahldor va ko‘ngilni aynitadigan darajada injiq restoran tanqidchisi. Ammo uning film yakunida mukammal yozilgan taqrizidan to‘satdan butunlay boshqa ma’no anglashiladi: bir paytlar taomni samimiy va bolalarcha sevgan, keyin esa yillar davomida bu muhabbat professional bepisandlikka aylangan. Bir likopcha ratatuy unga unutilgan bolalik tuyg‘usini qaytarganida Ego bir lahzaga qattiqqo‘l tanqidchi bo‘lishdan to‘xtab, taomni samimiy yaxshi ko‘radigan odamga aylanadi.
**Marlin, “Nemoni izlab”**
Bolaligimizda dunyodagi hamma narsadan qo‘rqadigan va o‘g‘lining xursandchiligiga xalaqit beradigan haddan tashqari g‘amxo‘r masxaraboz baliq otani ko‘ramiz. Kattalarga, ayniqsa, ota-onalarga bu xavotir qayerdan paydo bo‘lgani birdan tushunarli bo‘lib qoladi. Marlin bir kechada rafiqasi Koralni va deyarli barcha uvildiriqlarini yo‘qotgan, Nemo esa undan qolgan yagona yodgorlik edi. Shundan so‘ng o‘g‘lini har qanday xavf-xatardan himoya qilish istagi unchalik ortiqcha tuyulmay qoladi. Uning haddan ziyod g‘amxo‘rligi endi g‘ashga tegmaydi, aksincha, tanishligi bilan kishini qo‘rqita boshlaydi: axir har bir ota-ona ertami-kechmi, farzandini katta va kutilmagan hodisalarga to‘la dunyoga qo‘yib yuborish qo‘rquviga duch keladi.

