«Bolalik kutib turmaydi». Saida Mirziyoyeva Qarshidagi «halokatli ahvoldagi» bogʻcha, maktab va narkodispanserda boʻldi
Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi. U bir qator yangi loyihalar hamda taʼmirtalab ahvoldagi «avariya» holatidagi bogʻcha, maktab va narkologiya dispanseri kabi baʼzi ijtimoiy muassasalardagi sharoitlar bilan tanishdi.

«Bolalik kutib turmaydi». Saida Mirziyoyeva Qarshidagi «avariya holatidagi» bogʻcha, maktab va narkodispanserda boʻldi
Viloyat hokimi Murotjon Azimov bir qancha loyihalarni, jumladan, suv taʼminotini yaxshilash, turizmni rivojlantirish, shuningdek, sogʻliqni saqlash va taʼlim sohalariga oid tashabbuslarni taqdim etdi.
Xususan, Qarshining eski shahar qismida, qadimiy «Nasaf» qalʼasi hududida sayyohlar uchun infratuzilmani modernizatsiya qilish rejalashtirilmoqda.
Sogʻliqni saqlash sohasida 2027 yilda viloyatda 10 ta obʼyektni rekonstruktsiya qilish va 1 ta yangisini qurish koʻzda tutilgan.
Yaqin orada Qarshida Chap tarmoq kanalini betonlash va uning qirgʻoqlarini obodonlashtirish ishlari boshlanadi. Bu 1400 gektar yerni va mahalliy aholini suv bilan taʼminlash imkonini beradi.
Kanal boʻylab hordiq chiqarish hududlari va piyodalar yoʻlakchalari paydo boʻladi, ular atrofdagi toʻrtta mahallaning 25 ming aholisi uchun oʻziga tortuvchi maskanga aylanadi, deb xabar berdi Saida Mirziyoyeva.
Qarshida u 43-maktab va 1-bogʻchaga tashrif buyurdi. «Bogʻchaning avariya holatida ekanini, maktab sinfxonalari sovuq va eski partalar turganini koʻrish ogʻir boʻldi. Biroq bolalik kutib turmaydi va biz bu muammolarni kechiktirmasdan hal qilishga majburmiz», — deb yozdi Prezident administratsiyasi rahbari Telegram’da.
Eski bogʻcha oʻrnida 360 oʻrinli yangisini qurishga qaror qilindi. Maktab binosi toʻliq taʼmirlanadi va «ilgʻor laboratoriyalar, faol ijodiy toʻgaraklar va, eng muhimi, alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv muhitga ega zamonaviy oʻquv maskani»ga aylantiriladi.
Shundan soʻng Saida Mirziyoyeva yangi Qashqadaryo ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi oʻquvchilari va jamoasi bilan muloqot qildi.
«Asosiy maqsadimiz — bogʻchadagi ilk qadamlardan tortib to katta hayotga qadam qoʻygunga qadar barcha bolalarimiz chin kamnosida munosib sharoitlarda oʻsib-ungishi va taʼlim olishini taʼminlashdir», — deya taʼkidladi u.
Prezident administratsiyasi rahbari, shuningdek, «vaziyatni ichkaridan koʻrish va eng muammoli joylarda oʻzgarishlarni joriy etishni boshlash uchun» viloyat narkologiya muassasasida ham boʻldi.
«Davolashning asosiy sharoitlari va shifokorlarning professionalligi bilan bir qatorda, boshiga ogʻir kun tushgan insonga oddiy insoniy mehr-oqibat kuch bagʻishlashi mumkin. Baʼzan birgina samimiy hamdardlik umidni va mustahkam ishonchni qaytaradi. Hech kim yordam soʻrashdan qoʻrqmasligi va oʻz dard-alami bilan yolgʻiz qolmasligi kerak», — deb yozdi u.
«Biz profilaktika, davolash va reabilitatsiya yagona koʻp tarmoqli jamoa qoʻlida aniq ishlaydigan mexanizm sifatida faoliyat yuritadigan yagona tizimni yaratishni maqsad qildik», — deya qoʻshimcha qildi Saida Mirziyoyeva.
Mahalliy va xalqaro ekspertlar bilan birgalikda sohani tubdan transformatsiya qilish boʻyicha maxsus dastur ishlab chiqilmoqda. «Bu ishning markazida hamisha inson, uning qadr-qimmati va sogʻlom hayotga qaytish yoʻlidagi har taraflama qoʻllab-quvvatlash turadi», — dedi u.

