Bolaligida sportchi bo‘lishni orzu qilgan, hayoti ham kinoga o‘xshaydigan, Bollivud tarixidagi ilk milliarder Shohrux Xon 61 yoshda (foto, video)
Bir paytlar ota-onasidan ayrilib, hayotini qaytadan qurishga majbur bo‘lgan, kino olamiga deyarli hech qanday aloqasi bo‘lmagan oiladan chiqqan yigit bugun dunyoning eng taniqli kino yulduzlaridan biri, yirik biznes egasi va milliardlab muxlislarga ega shaxsga aylandi.

Bolaligida sportchi bo‘lishni orzu qilgan, hayoti kinoga o‘xshab ketadigan, Bollivud tarixidagi ilk milliarder Shohrux Xon 61 yoshda (foto, video)
1965-yil 2-noyabr kuni Dehlida tug‘ilgan Shohrux Xon bugun 61 yoshini nishonlamoqda. U oddiygina hind filmlarining mashhur aktyori emas. Bir vaqtlar ota-onasidan ayrilib, hayotini qaytadan boshlashga majbur bo‘lgan, kino olamiga deyarli aloqasi bo‘lmagan oiladan chiqqan bu yigit bugun dunyoning eng taniqli kino yulduzlaridan biri, yirik biznes egasi va milliardlab muxlislarga ega shaxsga aylangan.
Uning hayotida romantik filmlardagidek muhabbat, ayriliq, yo‘qotish, muvaffaqiyat va kutilmagan burilishlar ko‘p. Gauri bilan 35 yildan beri davom etayotgan muhabbati, ota-onasidan erta ayrilgani, salbiy qahramon rollari orqali mashhurlikka erishgani, bir necha yil kinodan uzoqlashib, yana katta muvaffaqiyat bilan qaytgani — bularning barchasi Shohrux Xon hayotining turli sahifalaridir.
### Sportchi bo‘lishni orzu qilgan bolakay
Shohrux Xon Dehlida oddiy, ammo ziyoli musulmon oilada tug‘ilgan. Uning otasi Mir Toj Muhammad Xon Peshovardan bo‘lib, Hindiston mustaqilligi uchun kurashgan siyosiy faollardan biri edi. Onasi Latif Fotima esa sud tizimida ishlagan. Aktyorning kelib chiqishi haqida so‘z borganda, ko‘pincha uning otasi tomonidan pushtunlar avlodiga mansubligi tilga olinadi. Shohruxning o‘zi ham otasining ildizlari Peshovarga borib taqalishini ko‘p bora ta’kidlagan.
U bolaligidan faol, kirishimli va turli mashg‘ulotlarga qiziquvchan bo‘lgan. Dehlidagi St. Kolumba maktabida o‘qigan Shohrux nafaqat darslarda, balki sport va teatrda ham o‘zini ko‘rsatgan.
Yoshligida u sportga, ayniqsa xokkey va futbolga qiziqqan. Biroq aktyorlikka bo‘lgan qiziqishi ham asta-sekin kuchayib borgan. U maktab sahnalarida chiqish qilgan, turli spektakllarda qatnashgan va o‘zini san’at olamida sinab ko‘rgan.
Maktabdan keyin Hansraj kollejida iqtisodiyot yo‘nalishida tahsil oldi. 1985–1988-yillarda olgan ta’limi davomida ham teatr bilan shug‘ullanishni to‘xtatmadi. Keyinchalik Jamia Millia Islamia universitetida ommaviy kommunikatsiyalar yo‘nalishida magistratura bosqichini boshladi, ammo aktyorlik faoliyatiga sho‘ng‘ib ketgani sababli o‘qishni yakunlamadi.
Shohrux hayotidagi eng katta sinovlardan biri ota-onasidan erta ayrilgani bo‘ldi. Otasi 1981-yilda saraton kasalligidan vafot etdi. Oradan o‘n yil o‘tib, 1991-yilda onasi ham hayotdan ko‘z yumdi. Aktyor keyinchalik turli intervyularida ota-onasining yo‘qotilishi uning dunyoqarashi va hayotga munosabatini tubdan o‘zgartirganini aytgan.
U uchun onasi alohida o‘rin tutgan. Shohrux muvaffaqiyatga erishganidan keyin ham onasi uning yonida bo‘lishini, filmlarini ko‘rishini va yutuqlaridan faxrlanishini juda istaganini yashirmagan. Aktyor ko‘pincha o‘zining eng katta armonlaridan biri — bugungi muvaffaqiyatlarini ota-onasiga ko‘rsata olmaganida ekanini ta’kidlaydi.
### Avval salbiy qahramon, keyin romantik shahzoda
Shohrux Xonning aktyorlik yo‘li ko‘pchilik o‘ylagandek kinodan emas, televizordan boshlangan. 1988-yilda u “Fauji” serialida harbiy kursant Abhimanyu Ray rolini ijro etdi. Serial unga ilk mashhurlikni olib keldi. 1992-yilda esa “Devona” filmi orqali katta ekranda debyut qildi. Film tomoshabinlarga manzur bo‘ldi va yosh aktyorga ilk katta muvaffaqiyatni olib keldi.
Ammo Shohrux Xonning yulduzlik yo‘li romantik qahramon obrazidan boshlanmagan. 1993-yilda ekranlarga chiqqan “Firibgar” va “Qorquv” filmlarida u murakkab, ruhiy jihatdan beqaror va hatto xavfli qahramonlarni gavdalantirdi. Keyinchalik “Taqdir o‘yini” filmida ham salbiy obraz yaratdi.
O‘sha paytda ko‘plab aktyorlar tomoshabinlarning nafratiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan bunday rollardan qochardi. Shohrux esa aksincha, tavakkal qildi. Uning noodatiy tanlovi o‘zini oqladi: u oddiy romantik qahramonlardan farqli ravishda, murakkab xarakterlarni ham ishonarli ijro eta olishini namoyish etdi.
1995-yil aktyor hayotida burilish yasadi. Aditya Chopraning “O‘g‘irlanmagan kelin” filmida Kajol bilan birga bosh rolni ijro etdi. Raj va Simran obrazlari hind kinosidagi eng mashhur romantik juftliklardan biriga aylandi.
Filmning muvaffaqiyati oddiy xit darajasidan ancha yuqori bo‘ldi. U Hindiston kino tarixidagi eng uzoq vaqt namoyish etilgan filmlardan biriga aylandi. Mumbaydagi Maratha Mandir kinoteatrida 25 yil uzluksiz namoyish qilindi va Ginnessning rekordlar kitobiga kirdi.
Shundan keyin “Devona qalb”, “Hayotda hamma narsa bo‘ladi”, “Gohi shodlik, gohi g‘am”, “O‘tkinchi dunyo”, “Men borman-ku”, “Sevishganlar”, “Don” kabi filmlar Shohrux Xonni romantik janrning asosiy yulduziga aylantirdi. Uning qo‘llarini ikki tomonga yoyib, boshini biroz ko‘targan holda turishi esa butun dunyoga tanilgan imzo pozasiga aylandi.
Biroq aktyor faqat romantik filmlar bilan cheklanib qolmadi. “Devdas”da fojiali muhabbat qahramonini, “Vatanga qaytish”da vataniga qaytgan olimni, “Olg‘a, Hindiston”da ayollar xokkey jamoasi murabbiyini, “Mening ismim Xon”da esa autist erkak obrazini gavdalantirdi.
Aynan shu rollar uning aktyor sifatidagi imkoniyatlari bir janr bilan cheklanmasligini ko‘rsatdi. U ko‘plab Filmfare mukofotlarini qo‘lga kiritdi, 2023-yilda esa “Askar” filmidagi ijrosi uchun Hindistonning Milliy kino mukofotida eng yaxshi aktyor deb topildi.
### 18 yoshda boshlangan va 35 yil davom etayotgan munosabat
Shohrux Xon hayotidagi eng muhim insonlardan biri — rafiqasi Gauri Xon. Ularning muhabbat tarixi ham hind filmlaridagi romantik voqealardan qolishmaydi.
Ular 1984-yilda, Shohrux 18 yoshida, umumiy do‘stlarining bazmida tanishgan. Yosh yigit Gaurini birinchi ko‘rishdayoq yoqtirib qoladi. Ammo qizning yonida boshqa yigit bor deb o‘ylab, unga yaqinlashishga jur’at etmaydi. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Gauri aslida ukasini kutayotgan bo‘lgan.
Shohrux o‘zida jur’at topib, uni raqsga taklif qilganida esa Gauri rad javobini beradi. Shunga qaramay, yigit undan voz kechmaydi.
Biroq Shohruxning rashkchi tabiati munosabatlariga bir muddat salbiy ta’sir ko‘rsatadi. U Gaurining boshqa yigitlar bilan muloqot qilishini yoqtirmas, hatto uning tashqi ko‘rinishiga ham aralashardi. Oxir-oqibat Gauri bunday munosabatlardan charchab, Mumbayga ketishga qaror qiladi.
Sevgilisini yo‘qotishdan qo‘rqqan Shohrux uni izlab yo‘lga tushadi. Aktyor keyinchalik bir intervyusida Gaurini do‘stlari bilan butun shahar bo‘ylab qidirganini va nihoyat sohilda topganini eslagan. Ular uchrashganida his-tuyg‘ulariga erk berib, bir-birlarini quchoqlab yig‘lashadi. Shu voqeadan keyin munosabatlarini davom ettirishga qaror qilishadi.
Ularning sevgisidagi eng katta to‘siqlardan biri din va oilalarning qarashlari edi. Gauri hind oilasida voyaga yetgan, Shohrux esa musulmon edi. Bundan tashqari, o‘sha paytda Shohrux hali mashhur aktyor emas, kelajagi noaniq yosh yigit bo‘lgan. Gaurining ota-onasi qizining aktyor bo‘lishni istayotgan boshqa din vakiliga turmushga chiqishiga dastlab qarshilik ko‘rsatgan.
Qizig‘i, Gauri keyinchalik bir intervyusida ota-onasini tinchlantirish maqsadida Shohruxning ismini hazil tariqasida Abhinavga o‘zgartirishganini aytgan. Bu urinish jiddiy yechim bo‘lmagan, albatta, ammo yosh juftlik o‘z sevgisini saqlab qolish uchun qanday yo‘llarni izlaganini ko‘rsatadi.
Nihoyat, 1991-yil 25-oktyabrda Shohrux va Gauri turmush qurdi. Ularning nikohi hind va musulmon an’analarini o‘zida mujassam etgan marosimlar bilan nishonlandi.
Bugun ularning oilasi uch nafar farzanddan iborat: 1997-yilda tug‘ilgan Aryan, 2000-yilda dunyoga kelgan Suhana va 2013-yilda tug‘ilgan AbRam. Gauri Xon esa nafaqat mashhur aktyorning rafiqasi, balki taniqli interyer dizayneri, tadbirkor va prodyuser sifatida ham o‘z o‘rniga ega.
Ularning oilasida ikki din an’analariga hurmat bilan qaraladi. Shohruxning aytishicha, farzandlariga din borasida tanlovni majburan yuklashni istamagan. U bir safar bolalarining dini haqida so‘rashganida, ularni avvalo hindistonlik deb bilishini aytgan.
Shohrux Xon omma oldida qanchalik ochiqko‘ngil va hazilkash ko‘rinsa, oilaviy hayotida shunchalik ehtiyotkor. U farzandlarining mashhurlik soyasida qolib ketmasligi va o‘z yo‘lini mustaqil tanlashini istaydi.
### Besh yillik tanaffus va kutilmagan qaytish
Shohrux Xon faoliyatida muvaffaqiyatsizliklar ham bo‘lgan. 2010-yillarning ikkinchi yarmida uning ayrim filmlari kutilgan natijani bermadi. “Muxlis”, “Garri Sejalni uchratganda” va “Zero” kabi loyihalar aktyorning avvalgi kassabop filmlari darajasiga chiqa olmadi.
2018-yilda “Zero” filmi namoyish etilganidan keyin u bir muddat bosh rollardan uzoqlashdi. Bu davrda aktyor o‘z oilasiga, biznesiga va yangi loyihalarni tanlashga ko‘proq vaqt ajratdi. Aynan shu davrda, 2022-yilda aktyor umra amallarini ham ado etdi.
Muxlislar uning katta ekranga qaytishini uzoq kutdi. Nihoyat, 2023-yilda “Pathan” filmi bilan Shohrux Xon yana kinoteatrlarni zabt etdi. Undan keyin namoyish etilgan “Askar” ham katta tijoriy muvaffaqiyatga erishdi. Yil oxirida Rajkumar Hiranining “Dunki” filmi ekranlarga chiqdi.
Ayniqsa, “Pathan” va “Askar” filmlari aktyorning hanuz katta auditoriyani kinoteatrlarga jalb qila olishini isbotladi. Ular nafaqat Hindistonda, balki xalqaro bozorda ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Shohrux Xonning 2026-yildagi eng katta loyihasi — “Qirol” filmi. Rejissyor Siddharth Anand suratga olayotgan ushbu kartina aktyorning katta ekranlarga qaytishidagi navbatdagi muhim bosqich bo‘lishi kutilmoqda.
Filmda Shohrux Xon bilan birga uning qizi Suhana Xon, Dipika Padukone, Abhishek Bachchan va Rani Mukerji ham ishtirok etadi. Bu loyiha, ayniqsa, ota-qizning birinchi katta ekran hamkorligi sifatida qiziqish uyg‘otmoqda.
Filmning rasmiy namoyish sanasi 2026-yil 24-dekabr etib belgilangan. Shu tariqa “King” hali ekranlarga chiqmasidan turib, yilning eng ko‘p kutilayotgan hind filmlaridan biriga aylandi.
Bir paytlar Dehlidagi teatr sahnasida o‘zini sinab ko‘rgan yigit endi jahon kinosining eng taniqli yulduzlaridan biri. Uning filmlari turli mamlakatlarda, turli tillarda va turli avlod vakillari tomonidan tomosha qilinadi. Raj va Simranning muhabbati, Rizvan Xonning taqdiri, Kabir Xonning qat’iyati yoki “Askar”dagi qahramonligi — bularning barchasi aktyor ijodining turli qirralarini namoyon etadi.

