Bolalarining merosini sarflayotgan pensionerlar bilan tanishing: «Bu pullarni taʼtilga sarflashni afzal koʻraman»
Bu fenomen pensionerlarning oʻz hayotidan toʻlaqonli zavqlanish uchun bor pullarini sarflashlarini nazarda tutadi.

Minglarcha pulni taʼtilga sarflashni afzal koʻraman: Bolalarining merosini sovurayotgan pensionerlar bilan tanishing
Sara va Jeff Murxaus qizi Poppining roziligi bilan bor pullarini sarflashmoqda
Baxtli nafaqaxoʻr Sara Murxausning aytishicha, u xususiy pensiyasidan «xohlagan paytda sayohat qilish va yaxshi ishlar bilan shugʻullanish» uchun foydalanmoqda.
Oylik pensiya daromadi yaxshi boʻlgan boshqa nafaqaxoʻrlar farzandlari uchun meros qoldirishni afzal koʻrishi mumkin boʻlsa-da, 64 yoshli Sara va uning turmush oʻrtogʻi Jeff pullarini hayotdan maksimal darajada zavqlanib yashashga sarflashni tanlamoqdalar.
«Biz Shotlandiyaga borishni yaxshi koʻramiz», deydi nafaqadagi maktab maʼmuri Sara. «Biz Kembrijshirga bordik, u yer juda goʻzal ekan. Leyk-Distriktdagi taʼtil uyiga muntazam ravishda borib turamiz va Norfolkka borishni rejalashtiryapmiz».
Yorkshir-Deylsda yashovchi bu juftlik yiliga toʻrt-besh marta taʼtilga chiqishadi va har safar yuzlab funt sterling sarflashadi, chunki Saraning fikricha, «hayot sizga faqat bir marta beriladi».
Yaqinda ular oʻzlarining eski Sunbeam Alpine sport avtomobilini sotishdi, lekin bu faqat uni zamonaviyroq, ikki oʻrindiqli sport kabrioleti — Mazda MX-5 ga almashtirish uchun edi.
«Men doʻstlarim va tanishlarimning dafn marosimlariga boradigan yoshdaman va oʻylaymanki, hayot juda qimmatli neʼmat boʻlgani uchun, imkon borida undan zavqlanib yashash kerak», deydi Sara.
Sara va Jeff global shaxsiy moliyaviy trendning bir qismi boʻlib, u «skiing» (bolalarning merosini sovurish) deb ataladi. Bu aktivlar avtomatik ravishda keyingi avlodga oʻtishi kerak degan tushunchaga shubha tugʻdirmoqda.
Sara va Jeffning ikki nafar voyaga yetgan qizi bor. Ulardan biri, Poppi, BBC’ga ota-onasining vaqtini chogʻ oʻtkazib, hayotdan zavqlanayotganidan juda xursand ekanini aytadi.
U opasi va oʻzi meros kutishi kerak degan fikrni qatʼiyan rad etadi. «Men uchun bu aqldan ozganlik. Otam va onam vafot etganida menga pul qolishi hech qachon xayolimga ham kelmagan. Ular oʻzlari xohlagan narsani qilishlarini juda ham istardim».
Standard Life kompaniyasining nafaqa va jamgʻarmalar boʻyicha direktori Mayk Amberining aytishicha, Buyuk Britaniyada «skiing» trendining ommalashishiga umrbod oylik toʻlovlarni kafolatlaydigan yakuniy ish haqiga asoslangan pensiyalarning kamayishi sabab boʻlgan.
Buning oʻrniga, hozirda Buyuk Britaniyada koʻproq odamlar tugab qolishi mumkin boʻlgan jamgʻarib boriladigan pensiya jamgʻarmalariga ega. Amberining taʼkidlashicha, agar nafaqadagi daromadingiz sizga kerak boʻlguncha yetishini bilsangiz, meros borasida saxiy boʻlish osonroq kechadi.
U, shuningdek, bir umrlik mehnatdan keyin shunchaki hordiq chiqarmoqchi boʻlgan pensionerlarni ham tilga oladi.
«Bu shunchaki hayotdan zavqlanish uchun ozgina erkalik qilishdir. Tan olaylik, ish hayoti baʼzi odamlar uchun juda ogʻir boʻlishi mumkin».
Albatta, hamma nafaqaxoʻrlar ham oʻziga toʻq emas. Joseph Rowntree Foundation xayriya tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Buyuk Britaniyada pensionerlarning 16 foizi qashshoqlikda yashaydi.
Yaqinda eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, AQShda bu koʻrsatkich 15,4 foizni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Fiskal tadqiqotlar instituti (IFS) tahlil markazi maʼlumotlariga koʻra, Buyuk Britaniyada pensionerlarning uy-joy xarajatlaridan tashqari ixtiyoridagi daromadi soʻnggi uch oʻn yillikda nafaqaxoʻr boʻlmaganlarga qaraganda koʻproq oshgan.
Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, Buyuk Britaniyadagi nafaqaxoʻrlarning qariyb 69 foizi davlat pensiyasidan tashqari xususiy pensiyaga ham ega.
AQShda esa pensionerlarning 56 foizi.
60 yoshli Karen Grin farzandlari bilan juda ochiq gaplashganini aytadi. «Men ularga meros qolishi ehtimoli juda kamligini aniq aytdim, chunki hammasini sarflashni rejalashtiryapman».
Karen Grin farzandlariga ular meros qilib olishlari uchun hech qanday pul qolmasligi mumkinligini aytgan
Asli Berkshirdan boʻlgan Karen soʻnggi 11 yil davomida Frantsiya janubidagi Provans viloyatida yashab kelmoqda va taʼtillarga yiliga 10 000 funt sterlingdan ortiq pul sarflaydi.
«Bu yil men yoga mashgʻulotlariga boryapman. Mart oyida Marokashda boʻldim», deydi u. «Keyin oktyabrdan noyabrgacha Vyetnam va Laosga kichik sayohat uyushtirmoqchiman».
U oʻzini yarim nafaqada deb taʼriflaydi, chunki u ilgari toʻliq stavkada ishlagan biznes-konsalting sohasida hali ham ozroq ishlab, xususiy pensiyasini toʻldirib boradi.
Har oyda qancha puli borligi haqida gapirganda, u daromadi toʻliq kunlik ishlagan paytdagi bilan bir xil ekanini aytadi. Pensiyasi va yarim stavkadagi ishidan tashqari, u mablagʻlarining 40 foizini mulkni ijaraga berishdan oladi.
Biroq Karen pulni «aqlsizlarcha sovurmasligini» va «foydali kelishuvlarni» yaxshi koʻrishini taʼkidlaydi.
Sara Murxaus kabi, u ham 67 yoshga toʻlguniga qadar Buyuk Britaniya davlat pensiyasini olmaydi. Hozirda bu 2016 yil aprelidan keyin davlat pensiya yoshiga yetgan odamlar uchun yiliga standart 12 547,60 funt sterlingni tashkil etadi, ammo kelasi yili u oshishi kutilmoqda.
Taqqoslash uchun, AQShdagi nafaqaxoʻrlar ijtimoiy taʼminot nafaqalari deb ataladigan davlat toʻlovlarini olishadi.
67 yoshli «toʻliq nafaqa yoshi»dan boshlanadigan maksimal yillik miqdor 49 824 dollarni (36 993 funt sterling) tashkil etadi.
Biroq, odamlar 62 yoshdan boshlab kamroq toʻlov olishni tanlashlari ham mumkin.
Ogayo shtatida joylashgan Northwestern Mutual kompaniyasi vitse-prezidenti Mettyu Lavlessning aytishicha, nafaqaxoʻrlar oʻzlarining voyaga yetgan farzandlari bilan ochiq boʻlishlari kerak, chunki ularning baʼzilari oʻzlari suyanishni rejalashtirgan merosni kutayotgan boʻlishi mumkin.
Yorkshirga qaytgan Sara navbatdagi taʼtilini rejalashtirmoqda. «Men butun umrim davomida qattiq mehnat qildim va oʻylaymanki, bir oz boʻsh vaqtga ega boʻlishga va yaxshi ishlar bilan shugʻullanishga loyiqman».

