Bojxona boji boʻyicha muddatsiz imtiyozlar 2029-yilgacha amal qiladi
Prezident farmoniga binoan, bojxona boji boʻyicha muddatsiz berilgan imtiyozlarning amal qilish muddati 2029-yil 1-yanvar deb belgilanishi kutilmoqda – uch oy ichida tegishli qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Muddati belgilangan imtiyozlar esa amal qilish muddati tugaguniga qadar saqlab qolinadi.

Prezidentning bojxona maʼmurchiligiga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etishga qaratilgan farmoni eʼlon qilindi. Unga koʻra, bojxona boji boʻyicha muddatsiz imtiyozlar 2029-yilgacha amal qiladi.
Farmonda belgilanishicha, 2027-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi oʻzgarishlar kuchga kiradi:
* Amaldagi bojxona bojidan ozod etish va nol stavkani qoʻllash boʻyicha berilgan imtiyozlar oʻz amal qilish muddati tugaguniga qadar saqlanib qoladi.
* Bojxona boji boʻyicha muddatsiz taqdim etilgan imtiyozlarning amal qilish muddati 2029-yil 1-yanvar etib belgilanadi.
Shu bilan birga, Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik boʻyicha idoralararo komissiyaning tashqi savdodagi tarif choralarini Jahon savdo tashkiloti talablari asosida vaqtincha tartibga solish vakolatlari 2028-yil 1-yanvargacha oʻz kuchini saqlab qoladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 3 oy muddat ichida tegishli qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.

