Boburiylar izidan: Pokistonning boy tarixi va turizm imkoniyatlari
Pokiston deganda ko‘pchilikning ko‘z oldiga baland tog‘lar, Islomobod yoki gavjum shaharlar keladi. Ammo mamlakatni yaqindan

**Boburiylar izidan: Pokistonning boy tarixi va turizm imkoniyatlari**
Pokiston deyilganda ko‘pchilikning xayoliga baland tog‘lar, Islomobod yoki gavjum shaharlar keladi. Biroq mamlakatni yaqindan ko‘rganimizda, uning sayyohlik salohiyati bundan ancha keng ekaniga amin bo‘ldik. Ayniqsa, Lahor — tarix ixlosmandlari uchun alohida bir dunyo.
Pokistonga safarimiz davomida Islomoboddan so‘ng Lahorda ham bo‘ldik. Bu shaharga kirishingiz bilan muhit darhol o‘zgaradi. Islomobod zamonaviy va tartibli shahar sifatida taassurot qoldirsa, Lahorda tarix har qadamda sezilib turadi.
Bu bejiz emas. Asrlar davomida Lahor mintaqaning muhim siyosiy va madaniy markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Ayniqsa, Boburiylar davri shahar tarixida chuqur iz qoldirgan.
### Eski Lahor — ochiq osmon ostidagi tarix
Safarimiz chog‘ida Lahorning Eski shahar qismiga ham bordik. Tor ko‘chalar, bir-biriga deyarli tutashib ketgan eski uylar, yog‘och derazalar, qadimiy eshiklar, bozorlar... Bu yerda tarix muzey vitrinasida emas. U hanuz odamlar hayoti bilan yonma-yon yashab kelmoqda.
Lahorning devor bilan o‘ralgan qadimiy qismi Boburiylar davrida ayniqsa rivojlangan. Akbar davrida shahar devorlari mustahkamlanib, darvozalar qurilgan. Keyingi Boburiy hukmdorlar davrida esa masjidlar, saroylar, bog‘lar va boshqa me’moriy inshootlar bunyod etilgan.
Bugun ana shu tarix Lahorning eng katta sayyohlik boyliklaridan biri hisoblanadi.
### Devoni aam — podshohning xalqni qabul qilish zali
Lahor qal’asidagi Devoni aam Boburiylar davrida podshohning ochiq qabul marosimlari o‘tkaziladigan joy bo‘lgan. Inshoot Shoh Jahon davrida, 1631–1633 yillarda qurilgan. U 40 ustunli katta zal bo‘lib, bu yerda hukmdor xalq va amaldorlar bilan uchrashgan, murojaatlarni tinglagan.
### Mumtoz Mahal yetib kelolmagan saroy
Lahor qal’asidagi eng qiziqarli inshootlardan yana biri — Shish Mahal, ya’ni Oynalar saroyi.
Bu binoning tarixi muhabbat va ayriliq haqidagi hikoya bilan bog‘liq.
Shoh Jahon uni sevimli rafiqasi Mumtoz Mahal uchun qurdirgani aytiladi. Saroy devorlari mayda oynalar, naqshlar va bezaklar bilan ishlangan. Mahalliy manbalarda hatto bir sham yoqilsa, uning nuri ko‘plab oynalarda aks etib, butun xonani yoritgani haqida hikoya qilinadi.
Ammo Mumtoz Mahal bu saroyda yashashga ulgurmagan. U 1631-yilda vafot etgan. Shish Mahal esa Shoh Jahon davrida barpo etilgan eng nafis saroy inshootlaridan biri bo‘lib qolgan.
Mumtoz Mahal nomi keyinchalik dunyodagi eng mashhur binolardan biri — Agradagi Toj Mahal bilan bog‘landi.
Lahordagi Shish Mahal esa ana shu tarixning yana bir sahifasini saqlab turibdi.
### Naulakha — saroydagi nafis pavilon
Shish Mahal hovlisida e’tiborimizni tortgan yana bir inshoot — Naulakha paviloni bo‘ldi.
Oq marmardan qurilgan bu kichik, ammo juda nafis bino Shoh Jahon davrida, XVII asrning 30-yillarida barpo etilgan. Uning nomi ham qiziq: rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qurilishga o‘sha davrda to‘qqiz lakh rupiy sarflangani uchun «Naulakha» deb atalgan. Pavilon qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan.
Naulakha Shish Mahal hovlisining g‘arbiy qismida joylashgan. Bir qarashda uning egri shakldagi tomi va oq marmar bezaklari boshqa binolardan ajralib turadi.
Pavilon oldidagi hovli ham o‘ziga xos. Uning markazida sayoz hovuz va marmar maydoncha bor.
Tarixiy majmua haqidagi rasmiy ma’lumotlarda bu hovuzda to‘rtta favvora va unga suv olib kelgan to‘rtta ariq bo‘lgani qayd etiladi.
Biz borganimizda hovuzdagi qora toshdan ishlangan yuraksimon bezaklar ham diqqatimizni tortdi. Oq marmar fonidagi bu qora naqshlar hovliga alohida ko‘rk bag‘ishlab turadi.
Bizga berilgan tushuntirishlarga ko‘ra, hovuz markazidagi marmar maydoncha saroydagi tomoshalar, jumladan, raqqoslar chiqishi uchun ham ishlatilgan. Hukmdor va saroy ahli esa atrofda o‘tirib, musiqa va raqslarni tomosha qilgan.
Shu yerda turib, bir necha asr avval bu hovlida favvoralar ishlaganini, musiqa yangraganini va saroy ahli uchun turli tomoshalar o‘tkazilganini tasavvur qilish qiyin emas. Bugun esa bu joy Lahor qal’asining eng go‘zal va sayyohlarni o‘ziga tortadigan nuqtalaridan biriga aylangan.
### Badshohiy masjidi — nafaqat me’morchilik, balki akustika mo‘jizasi
Lahordagi eng ta’sirli manzillardan biri — Badshohiy masjidi. U Boburiy hukmdor Avrangzeb davrida 1671–1673 yillarda qurilgan. Qizil qumtosh, oq marmar, ulkan gumbaz va minoralar masjidga o‘ziga xos salobat beradi.
Ammo bizni bu yerda faqat binoning ko‘rinishi emas, uning akustikasi ham hayratga soldi.
Hozir katta masjidlarda ovoz kuchaytirgichlar odatiy hol. XVII asrda esa mikrofon ham, elektr ham bo‘lmagan. Shunga qaramay, Badshohiy masjidining namoz zali shunday hisob-kitob bilan qurilganki, imomning ovozi keng hududga aniq tarqalgan. Gumbazlar, ravoqlar va devorlarning shakli tovushni yo‘naltirishga xizmat qilgan. Tadqiqotlarda ham masjidning markaziy zalida ovoz tarqalishining o‘ziga xos xususiyati borligi qayd etilgan.
Bu yerda tashrif buyuruvchilarga qiziq tajriba ham ko‘rsatiladi: bir nuqtada past ovozda aytilgan gap zalning boshqa qismida ham eshitilishi mumkin. Sayohatchilar haqidagi hisobotlarda gidlar gumbazli shiftlar orqali tovush qanday tarqalishini amalda namoyish qilishi qayd etilgan.
Buning siri oddiy «aks-sado»da emas. Binoning o‘lchami, gumbazlar tuzilishi va ichki me’moriy yechimlar tovushning yo‘qolib ketmasdan tarqalishiga yordam beradi. Shu bois yuzlab yillar oldin ham imomning qiroati va xutbasini katta jamoat eshita olgan.
Badshohiy masjidida turganda Boburiylar me’morchiligi faqat chiroy uchun yaratilmaganini his qilasiz. Har bir gumbaz, ravoq va devorda amaliy hisob-kitob ham bor. Masjidning akustikasi esa buning eng qiziq misollaridan biri.
### Iqbol qabri ziyorati
Badshohiy masjidi yaqinida Pokiston tarixida alohida o‘rin tutgan shoir va mutafakkir Muhammad Iqbolning qabri joylashgan.
Biz ham u yerni ziyorat qildik.
Pokistonliklar Iqbolni katta hurmat bilan tilga oladi. Uni «Sharq shoiri» va «Pokiston mutafakkiri» deb atashadi. Iqbol 1938-yil 21-aprelda Lahorda vafot etgan. Uning maqbarasi Badshohiy masjidi soyasida, Hazuriy bog‘i hududida joylashgan.
Iqbol ijodining yana bir jihati bizga yaqin: uning she’riyatida Sharq tarixi, islom falsafasi va Jaloliddin Rumiyga bo‘lgan ehtirom muhim o‘rin tutadi.
Shu bois Iqbol qabri ziyorati biz uchun oddiy turistik manzil emas, balki Pokiston ma’naviy hayotini anglashga xizmat qilgan bir manzil bo‘ldi.
### Pokiston turizm uchun nimani taklif qila oladi?
Pokistonning turistik imkoniyatlari faqat tarixiy shaharlar bilan cheklanmaydi.
Mamlakatning shimolida Karakorum tog‘lari, janubida Hind daryosi deltasi, turli vodiylar va tabiiy hududlar bor. Treking, alpinizm va tog‘ turizmi Pokiston turizmining muhim yo‘nalishlaridan sanaladi. Rasmiy turizm tashkiloti ham mamlakatning tabiiy va madaniy merosini turizmni rivojlantirishda asosiy resurs sifatida ko‘radi.
Bundan tashqari, Taksila va Harappa kabi qadimiy arxeologik yodgorliklar, so‘fiylik ziyoratgohlari, tarixiy masjidlar va Boburiylar merosi ham xorijiy sayyohlar uchun katta qiziqish uyg‘otishi mumkin.
Lahor qal’asi va Shalimar bog‘lari esa YuNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Bu ikki obyekt Boburiylar me’morchiligining eng muhim namunalaridan hisoblanadi.
### O‘zbekistonlik sayyoh uchun tanish tarix
Lahorda yurganda yana bir narsani his qilasiz: bu tarix biz uchun mutlaqo begona emas.
Bobur Farg‘onada tug‘ilgan. U asos solgan sulola keyinchalik Hindiston yarimorolida ulkan davlat barpo etdi. Uning avlodlari qurdirgan saroylar, masjidlar va bog‘lar bugun Pokiston va Hindistonning eng mashhur tarixiy obidalari qatorida turadi.
Shu ma’noda Pokistonga kelgan o‘zbekistonlik sayyoh faqat boshqa mamlakat tarixi bilan tanishmaydi. U ma’lum ma’noda Markaziy Osiyodan boshlangan tarixning davomini ham ko‘radi.
Lahorda bu bog‘liqlik ayniqsa yaqqol seziladi.
Eski shahar ko‘chalari, Lahor qal’asi, Shish Mahal, Badshohiy masjidi va boshqa yodgorliklar birgalikda katta bir tarixiy manzarani hosil qiladi.
Pokiston uchun esa ana shu merosni yaxshi saqlash, uni xorijda kengroq tanitish va sayyoh uchun qulay yo‘nalishlarga aylantirish katta imkoniyatdir.
Chunki Lahorda tarixni faqat o‘qib emas, uning ichida yurib his qilish mumkin.

