BMT Rossiyaning xorijliklarni uruşga yollaşini odam savdosi sifatida tan oldi
BMT komissiyasi Rossiya armiyasiga xorijliklarni yollaşda odam savdosi usullaridan foydalanilgani haqida işonçli dalillar borligini bildirdi. Hisobotda 29 ta mamlakat fuqarolari aldaş yoki majburlaş orqali harbiy xizmatga jalb qilingani qayd etilgan.

BMT Rossiyaning xorijliklarni urushga yollashini odam savdosi deb tan oldi
BMT Bosh Assambleyasining Ukrainadagi urush davrida sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish bo‘yicha mustaqil komissiyasi Rossiyani insoniyatga qarshi jinoyatlarda aybladi.
Xalqaro diplomatlar va huquq himoyachilarining ochiq ma’ruzasida xorijliklarni Rossiya armiyasi hamda unga aloqador tuzilmalarga yollash usullari odam savdosi sifatida baholangan.
«Komissiya Rossiya hukumati dunyoning turli mintaqalarida faoliyat yurituvchi agent va agentliklar bilan til biriktirib, 29 ta mamlakat fuqarolarini Rossiya qurolli kuchlariga yollash maqsadida aldov yoki majburlash yo‘li bilan odam savdosiga qo‘l urgani haqida ishonchli dalillarni aniqladi», - deyiladi hisobotda.
BMT komissiyasi Rossiya qo‘shinlariga 48 ta davlat fuqarolari jalb qilingani aniqlanganini ko‘rsatib o‘tdi. Biroq ulardan kamida 29 tasining fuqarolari aynan aldash yoki majburlash yo‘li bilan yollangani o‘z isbotini topgan. Bular qatorida nafaqat sobiq SSSR respublikalari, balki Afrika, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari ham bor. Ular orasidan Braziliya, Hindiston, Turkiya, JAR hamda Ukrainada urush boshlanganidan keyin Moskva bilan hamkorlik aloqalarini saqlab qolishga urinayotgan boshqa bir qator davlatlar joy olgan.
Hisobot mualliflari turli mamlakatlarda odamlarni yollashda muntazam takrorlanadigan bir necha qonuniyatlarni ajratib ko‘rsatdi. Yollovchilar aholining eng nochor va himoyasiz qatlamlari orasida ish olib borgan. Ular yollanuvchilarga Rossiyada tinch kasblarda ishlashni va’da qilgan, ba’zi hollarda esa urushga jo‘natilmasliklariga alohida «kafolat berilgan».
Ammo amalda xorijliklar Rossiyaga yetib borgach, o‘zlari tushunmaydigan rus tilida Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majburlangan. Xorijliklarning pasport va telefonlari tortib olinib, yetarli harbiy tayyorgarliksiz frontning xavfli nuqtalariga jo‘natilgan. Bunday askarlarning ko‘pchiligi oldingi chiziqqa tushgan dastlabki kunlaridayoq halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.
Dunyoning bir qator davlatlari o‘z hududlarida Rossiya armiyasiga noqonuniy yollash muammosi borligini allaqachon tan oldi va yollovchi tarmoqlarga qarshi kurashni boshladi. Shu bilan birga, BMT komissiyasi butun dunyo bo‘ylab Kreml manfaatlarini ko‘zlab harakat qilayotgan agentlar ham o‘zaro, ham Rossiya hukumati bilan yuqori darajada muvofiqlashgan holda ishlayotganini qayd etdi.
Urush cho‘zilgani sari, yollovchi tarmoqlarga kerakli miqdordagi jangchilarni topish qiyinlashib bormoqda. Ammo hozircha ular yangi hududlarga ko‘chib o‘tishning uddasidan chiqishyapti. Xususan, Afrikada birvarakayiga bir necha davlat (Botsvana, Keniya, JAR) o‘z fuqarolarini begona urushga noqonuniy yollash muammosini tan olganidan so‘ng, rossiyaparast agentlarning e’tibori rahbariyati moyilroq bo‘lgan mamlakatlarga qaratildi: masalan, Burundi, Madagaskar, Zimbabve yoki Kongo Demokratik Respublikasi shular jumlasidandir.

