Biz kichkintoyimiz va chaqalogʻimizning pensiya jamgʻarmasiga oyiga 100 funt sterling tejab qoʻymoqdamiz – buning sababi mana bunda
Bolalari uchun pensiya jamgʻarmalarini ochayotgan ota-onalar soni tobora ortib bormoqda.

Biz kichkitoy va chaqalogʻimizning pensiyasi uchun oyiga 100 funt sterling ajratyapmiz — mana nima uchun
Richard Breynning aytishicha, yosh bolalari uchun pensiya jamgʻamasini ochish hozir moliyaviy jihatdan bir oz tejamkorlik qilishni anglatadi.
Richard va Keytlin Breynning ikki farzandi bor-yoʻgʻi 20 oylik va besh oylik, ammo ota-ona ular uchun allaqachon pensiya hisobvaraqlarini ochib boʻlishgan.
Uels janubidagi Suonsi shahrida yashovchi er-xotin har bir bolaning hisobiga oyiga 50 funt sterling toʻlashadi. Buyuk Britaniyaning xususiy pensiya jamgʻarmalarining amaldagi qoidalariga koʻra, bu mablagʻlardan ular 57 yoshga toʻlgunlariga qadar foydalana olmaydilar.
Bu degani, toʻngʻich farzand 2082 yilgacha, kenjasi esa 2083 yilgacha kutishi kerak boʻladi.
Hatto shuncha uzoq kutish kerak boʻlsa ham, 30 yoshli Richard va 28 yoshli Keytlin toʻgʻri ish qilayotganlariga aminlar.
«Ularning pensiyasiga pul toʻlash orqali biz oʻz umrimizdan ancha keyingi kelajagida ham ishtirok eta olamiz. Pulning oʻsishi uchun esa oʻnlab yillar bor».
Richardning moliyaviy bilimlari investitsiya kompaniyasidagi faoliyati bilan bogʻliq. Keytlin hozirda mahalliy kengashdagi ishidan bola parvarishi boʻyicha taʼtilda.
U yiliga 90 000 funt sterlingdan kamroq maosh oladi, rafiqasi esa haftasiga 194 funt sterling miqdoridagi qonuniy dekret puli tugaganidan keyin hali ishga qaytmagani sababli hozirda daromadga ega emas.
Bolalar pensiyasi bilan bir qatorda, Richard va Keytlin ular uchun Junior ISA (bolalar uchun individual jamgʻama hisobvaragʻi) omonatlarini ham ochishgan va har bir bola uchun oyiga 60 funt sterling toʻlashadi — bu puldan bolalar 18 yoshda foydalanishlari mumkin.
Er-xotinning aytishicha, bu ularga ikkala imkoniyatdan ham unumli foydalanish imkonini beradi: ISA omonatlari universitet xarajatlari, biznes boshlash yoki uy sotib olish uchun boshlangʻich toʻlovga yordam berishi mumkin, pensiya esa hayotning ancha keyingi bosqichida moliyaviy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan.
Bolalar jamgʻarmalariga oyiga jami 220 funt sterling, shuningdek, oʻzlarining xususiy pensiyalari va omonatlariga 200 funt sterling yoʻnaltirayotgan er-xotin endi avvalgidan koʻra tejamkorroq yashashlari kerakligini aytishadi.
«Biz qashshoqlik chegarasida emasmiz, lekin bu pulni investitsiya qilish baʼzi narsalardan voz kechishni anglatadi», deydi Richard. «Biz avvalgidek tez-tez restoranlarga bormaymiz, bu shirin taomlarni yaxshi koʻradiganlar uchun bir oz qiyin.
Bolalar uchun hamma narsani muhayyo qila olishimiz uchun tugʻilgan kunlar va Rojdestvo bayramlarida bir-birimizga katta sovgʻalar bermay qoʻydik».
Bolalar uchun pensiyalar, shuningdek, Junior SIPP (bolalar uchun mustaqil boshqariladigan shaxsiy pensiyalar) sifatida ham tanilgan boʻlib, Buyuk Britaniyada 2001 yilda joriy etilgan. Yillik maksimal badal 2 880 funt sterlingni tashkil etadi, hukumat esa bunga 720 funt sterling soliq imtiyozini qoʻshib, jami 3 600 funt sterlingga yetkazadi.
Soha koʻrsatkichlari Junior SIPP ommalashib borayotganini koʻrsatmoqda.
Hargreaves Lansdown kompaniyasining maʼlum qilishicha, 2026 yilning apreligacha boʻlgan 12 oy ichida ochilgan hisobvaraqlar soni ikki yarim baravarga koʻpaygan.
Fidelity kompaniyasining bildirishicha, ularda ochilgan hisobvaraqlar soni 2023 yil dekabridan beri uch baravardan koʻproq oshgan.
Bolalarga pensiya jamgʻarishni erta boshlash baʼzi ota-onalar uchun kuchli ragʻbat boʻlsa-da, bolalarning oʻzlari ehtimoliy 50 yil yoki undan koʻproq vaqt davomida pulga tegina olmasliklariga qanday munosabatda boʻlishadi?
Manchesterlik 15 yoshli Hugo Tompson bundan xavotirda emasligini bildirdi. Moliya sohasida ishlaydigan ota-onasi oxirgi 10 yil davomida uning Junior SIPP hisobiga maksimal miqdorda pul toʻlab kelishmoqda.
«Investitsiya qilingan pullar ulgʻayganimda menga ustunlik berishi mumkin», deydi u. «Shuning uchun men oʻz pulimdan unchalik koʻp ajratishim shart boʻlmaydi! Men davlat pensiya yoshidan oldinroq nafaqaga chiqmoqchiman, shuning uchun bularning bari yordam beradi».
Hugoning onasi Annabel ham moliya sohasida ishlaydi va u ham oʻgʻli uchun Junior ISA hisobiga pul jamgʻaradi, lekin u oʻz pensiyasi va omonatlariga ham investitsiya qilishda davom etayotganini aytadi. «Men uchun Junior SIPP faqat oʻzingizda yetarlicha pul borligini his qilganingizdan keyingina koʻrib chiqilishi kerak», deydi u.
Hugo Tompson pensiya jamgʻarmasidan foydalanish uchun kamida 57 yoshga toʻlguncha kutishdan mamnun.
Bunga qurbi yetadigan ota-onalar uchun, bola undan foydalanishi mumkin boʻlgan vaqtgacha pul sezilarli darajada oʻsishi mumkin, deydi Fidelity kompaniyasining pensiya boʻyicha mutaxassisi Jemma Slingo.
«Tugʻilganidan boshlab oyiga 50 funt sterling toʻlansa, soliq imtiyozlarini hisobga olgan holda, oila 18 yil davomida 10 800 funt sterling hissa qoʻshadi. Nafaqaga chiqish vaqtiga kelib bu mablagʻ taxminan 135 000 funt sterlinggacha oʻsishi mumkin. Erta boshlashning haqiqiy kuchi mana shunda — nisbatan kam miqdordagi mablagʻlar murakkab foizlar hisobiga oʻsishi uchun juda uzoq vaqtga ega boʻladi».
Farzandlari uchun uzoq muddatli investitsiyalarni faqat britaniyalik ota-onalar ochmayapti.
Shu yilning iyul oyida AQSh Prezidenti Donald Tramp bolalar uchun «Trump Accounts» (Tramp hisobvaraqlari) deb nomlangan yangi pensiya investitsiya dasturini ishga tushirdi.
Oilalar, doʻstlar va ish beruvchilar har bir bola uchun yiliga 5 000 dollargacha (3 800 funt sterling) hissa qoʻshishlari mumkin. Buyuk Britaniyadan farqi shundaki, bolalar bu mablagʻlardan 18 yoshdan boshlab foydalanishlari mumkin, garchi 59 yarim yoshga toʻlmasdan oldin pul yechib olinsa, soliqlar va ehtimoliy 10 foizlik jarima qoʻllaniladi.
Tennessi shtatidagi Smirna oʻrta maktabining shaxsiy moliya oʻqituvchisi Uolli Lakidu toʻrt va uch yoshli ikki farzandi uchun «Trump Accounts» hisobvaraqlarini ochgan.
Uolli Lakidu farzandlariga «moliyaviy boshlangʻich ustunlik» berayotganini aytadi.
«Otam men juda yosh boʻlganimda vafot etgan va onam bizni boqish uchun qoʻlidan kelgan hamma narsani qilgan, koʻpincha eng kam mablagʻ bilan kun kechirganmiz», deydi Uolli.
«Katta yoshli hayotimning aksariyat qismida, ayniqsa, talabalik krediti boʻyicha katta qarzim tufayli, moliyaviy jihatdan boshqalarga yetib olishga harakat qilayotgandek his qilganman.
Men buni albatta bolalarimning nafaqasi uchun pul jamgʻarish deb hisoblamayman. Men buni ularga boshlangʻich imkoniyat berish va oilamizning moliyaviy yoʻnalishini oʻzgartirishga yordam berish deb bilaman».

