Biz — koʻpmiz, biz — qoʻshinmiz
2100 yilga borib Markaziy Osiyo aholisining yarmini oʻzbekistonliklar tashkil etadi

Biz — son-mingmiz, biz — qoʻshinmiz
BMTning Aholishunoslik boʻlimi ekspertlari dunyoning 2100 yilgacha boʻlgan demografik rivojlanish prognozini yangiladilar. Hujjatda bir nechta stsenariylar taqdim etilgan. Markaziy Osiyo mamlakatlari koʻrsatkichlarini tahlil qilishda biz faqat voqealar rivojining tayanch variantiga tayandik. U pandemiya kabi keskin sakrashlarni nazarda tutmaydi, balki amaldagi tendentsiyalar va omillar saqlanib qolgan taqdirdagi kelajakdagi qiymatlarni aks ettiradi.
BMT mutaxassislarining hisob-kitoblariga koʻra, Markaziy Osiyo mintaqasi aholisining umumiy soni 2020 yildan 2100 yilgacha deyarli ikki baravarga — 75 mln kishidan 149,9 mln kishigacha oʻsadi. Eng yuqori oʻsish surʼatlari aynan birinchi oʻn yillikda kutilmoqda: 2030 yilga kelib aholi soni 21,5% ga koʻpayadi. Keyinchalik, keyingi har bir oʻn yillikda 10 yil ichidagi oʻsish kamayib boradi va 2100 yilga kelib 2,8% ni tashkil etadi.
Manbada keltirilgan mamlakatlar boʻyicha maʼlumotlar shunday xulosa qilishga imkon beradi: Oʻzbekiston mintaqaning demografik jihatdan eng yirik davlati boʻlib qoladi. Agar 2020 yilda OʻzR aholisining MO aholisi umumiy sonidagi amaldagi ulushi 43,9% ni tashkil etgan boʻlsa, 2100 yilga kelib u 49,6% ga yetadi. Bunda ushbu uzoq muddatli dinamikada Oʻzbekiston fuqarolari soni 2,3 baravarga oshishi kutilmoqda — 2020 yildagi 33 mln kishiga nisbatan 74,4 mln kishigacha. Eng yuqori oʻsish surʼatlari ham 2040 yilgacha kuzatiladi — 10 yil ichida 24% gacha, soʻng bir nechta oʻn yilliklar davomida mamlakatning demografik rivojlanishi moʻʼtadil surʼatlarda kechadi — 10 yil ichida 5%–7%, 2100 yilga kelib esa koʻrsatkich 10 yil ichida 4,3% gacha pasayadi.
Qozogʻiston, Tojikiston va Qirgʻiziston ham aholi sonining ijobiy dinamikasini koʻrsatadi, garchi bu mamlakatlarda oʻsish surʼatlari pastroq boʻlsa-da. 2100 yilga kelib koʻrsatkichlar tegishlicha 33,7 mln, 20,2 mln va 11,7 mln kishi darajasida prognoz qilinmoqda. Qozogʻistonda fuqarolarning umumiy soni 2020 yilga nisbatan 75,3% ga, Qirgʻizistonda — 72,4% ga, Turkmanistonda — 53,2% ga, Tojikistonda — 2 baravarga ortadi.
Demografik prognozlar nima uchun bunchalik uzoq muddatga tuziladi? Sabablari bir nechta. Jamyat soni qanday oʻzgarishini tushungan holda, mamlakat hukumati uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rejalashtirish uchun zamin yaratishi mumkin. Bu iqtisodiyotning aynan barcha sohalariga — tovarlar va xizmatlar bozorlarining sigʻimiga, zarur minimal ishlab chiqarish darajasiga, sogʻliqni saqlash va taʼlim tizimlarining quvvatlariga, uy-joy qurilishiga va transport infratuzilmasining rivojlanishiga taʼsir qiladi.
BMTning Oʻzbekiston boʻyicha prognozi demografik rivojlanishning ekstensiv variantiga oʻxshaydi. Nisbatan qisqa tarixiy davrda aholining ikki baravar oʻsishi — bu nafaqat rivojlanishning muhim bosqichi, balki xavf-xatarlar hamdir. Masalan, bunday oʻsishda OʻzR aholisining zichligi jadal ortib boradi. Agar 2024 yilda u bir kv. km ga 85,5 kishini tashkil etgan boʻlsa, 2040 yilga keliboq koʻrsatkich 108,2 ga, 2100 yilga kelib esa 174,8 ga yetadi. Bu vaziyatda ichki mintaqaviy omil va urbanizatsiya darajasi asosiy rol oʻynaydi. Agar mintaqalar boʻyicha aholi sonining oʻsishi noteng boʻlsa, koʻpincha shunday boʻladi ham, bu mamlakatning yirik shaharlariga infratuzilmaviy yuklamaning ortishiga olib keladi.
Uzoq muddatli rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishdagi yana bir oʻta muhim omil — umr koʻrish davomiyligidir. Oʻzbekiston uchun xushxabar: ushbu ijtimoiy koʻrsatkich asta-sekin ortib boradi. Agar 2024 yilda u 72,5 yoshni tashkil etgan boʻlsa, 2100 yilga kelib 83 yoshga yetishi mumkin. BMT ekspertlarining hisob-kitoblariga koʻra, OʻzRda ayollar oʻrtacha 85 yoshgacha, erkaklar esa 81 yoshgacha umr koʻradilar. Ushbu prognoz sogʻliqni saqlash va pensiya taʼminotini rivojlantirish dasturlari uchun moʻljal boʻlishi kerak.
BMTning batafsil prognozi umumiy manzaraga taʼsir qiluvchi koʻplab demografik koʻrsatkichlarni atroflicha koʻrib chiqish imkonini beradi. Ulardan biri — tugʻilishdir.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, 2024 yildan 2033 yilgacha Oʻzbekistonda yillik chaqaloqlar soni asta-sekin kamayib boradi: 929,3 ming kishidan 850,8 ming kishigacha. Soʻng, 2050 yilgacha mamlakatda koʻrsatkichning 996,6 ming kishigacha oʻsishi kutilmoqda, shundan soʻng yana pasayish boshlanadi.
Bunda umumiy tugʻilish koeffitsiyenti butun prognoz gorizontida barqaror ravishda kamayib boradi: 2024 yildagi har 1 ming kishiga 25,6 tadan 2100 yilda 11,9 tagacha. Bu tugʻilganlarning absolyut sonining vaqtinchalik oʻsishi fonida ham farzand koʻrish jadalligining kamayishiga oid uzoq muddatli trendni aks ettiradi.
Voqealar nima uchun aynan bunday rivojlanishi mumkin? Javobning bir qismini Oʻzbekiston aholisining oʻrtacha yoshi haqidagi maʼlumotlar beradi. 2030 yildan boshlab u oʻsishni boshlaydi va 26,5 yoshdan 2100 yilga kelib 39 yoshga yetadi. Ayollar farzand tugʻadigan oʻrtacha yosh OʻzRda 27–29 yoshni tashkil etishini hisobga olsak, tugʻilishning kamayishi aholi yosh tarkibidagi umumiy oʻzgarishlarning shunchaki natijasi boʻladi. Yosh, tugʻishga qodir boʻlganlar soni kamayadi.
Oʻzbekiston aholisining jins-yosh tarkibi oʻlim darajasining oshishiga ham taʼsir qiladi. Har 1 ming kishiga oʻlim jadalligini aks ettiruvchi umumiy koeffitsiyent 2024 yildagi 6 tadan 2100 yilga kelib 8,5 tagacha ortadi.
Bunday stsenariyda vafot etganlarning absolyut soni faqat oʻsib boradi. BMTning prognoz maʼlumotlariga koʻra, yillik koʻrsatkich 2024 yildagi 219,4 ming kishidan 2100 yilga kelib 631,5 ming kishigacha ortadi. Bunday dinamika aholi umumiy sonining oʻsishi va uning qarishi bilan izohlanadi. Hatto oʻlim koeffitsiyentining nisbatan moʻʼtadil qiymatlarida ham katta yoshdagi guruhlar ulushining ortishi vafot etganlarning umumiy sonini oshiradi.

