“Bitiruvchilarning oʻrtacha oyligi 4,9 mln soʻm” — Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori

Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yoʻldoshevning maʼlum qilishicha, 2025-yil iyulidan 2026-yil iyunigacha boʻlgan davrda Oʻzbekistondagi bitiruvchilarning oʻrtacha oylik maoshi 4,9 million soʻmni tashkil etgan. Bu haqda u 26-avgust kuni Toshkentda oʻtkazilgan matbuot anjumanida xabar berdi.
"Daryo" muxbirining xabariga koʻra, tadbirda jurnalistlarga "Bitiruvchilar sifati indeksi" platformasi taqdim etilgan. Ushbu reyting 170 ta oliygohni tamomlagan 249 432 nafar bitiruvchining mehnat bozoridagi natijalarini oʻz ichiga oladi.
Baxtiyor Yoʻldoshevning soʻzlariga koʻra, "Hisob-kitoblarga qaraganda, rasmiy ishlayotgan bitiruvchilarning oʻrtacha oylik daromadi 4,9 million soʻmni tashkil qildi. Bu yaxshi natija hisoblanadi. Platformada raqamlar har bir universitet va talaba kesimida ham keltirilgan. Talabalar oʻqishni bitirgandan keyin respublika boʻyicha oʻrtacha ishga joylashish tezligi 2 oy 27 kunni tashkil etadi. Masalan, Buyuk Britaniyada bu jarayon 15 oy, Avstraliyada 13 oy, Xitoyda 12 oy vaqt oladi".
Tahlillarga koʻra, hududlar kesimida eng yuqori oʻrtacha ish haqi Toshkent shahrida kuzatilgan – 6,6 million soʻm. Viloyatlar orasida Navoiy va Toshkent viloyatlarida oʻrtacha koʻrsatkich nisbatan yuqori boʻlib, 5 million soʻmni tashkil etgan.
Ayrim oliygohlarda esa oʻrtacha oylikdan ancha yuqori maoshlar qayd etilgan. Eng yuqori oylik toʻlanadigan universitetlar quyidagilar:
* Toshkent shahridagi "S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya instituti" federal davlat byudjeti oliy taʼlim muassasasi filiali – 23,4 million soʻm;
* Toshkent shahridagi Inha universiteti – 12,6 million soʻm;
* Toshkent xalqaro Vestminster universiteti – 12,5 million soʻm;
* Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti – 10,6 million soʻm;
* Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti – 10,3 million soʻm.
Agentlik rahbari bu raqamlar rasmiy qayd etilgan daromadlar ekanligini taʼkidladi.
Taʼlim yoʻnalishlari kesimida oʻrtacha daromadlar quyidagicha: ijod (sport) yoʻnalishlari – 6,33 million soʻm; amaliy fanlar – 5,5 million soʻm; ijtimoiy-gumanitar fanlar – 4,61 million soʻm; tibbiyot fanlari – 4,43 million soʻm.
Bitiruvchilarning eng katta qismi Toshkent shahriga toʻgʻri keladi – jami 80 742 nafar, bu respublika jami bitiruvchilarining qariyb uchdan bir qismidir.
Respublika boʻyicha bitiruvchilarning ishga joylashishi uchun ketgan oʻrtacha muddat 3 oy 5 kunni tashkil etmoqda. Agentlik oliy taʼlim tashkilotlarining mulkchilik shakli boʻyicha ham farqlarni oʻrgangan. Natijalarga koʻra, nodavlat oliygohlar bitiruvchilari oʻrtacha 2 oy 10 kunda, davlat universitetlarini tamomlaganlar 2 oy 29 kunda, xorijiy universitetlar filiallarida oʻqiganlar esa 3 oy 20 kunda ishga joylashgan.
Agentlik hisobotida aytilishicha, "Soʻnggi olti oy davomida barqaror band boʻlgan bitiruvchilarning respublika boʻyicha oʻrtacha ulushi 42,9 foizni tashkil etdi".
Mulkchilik shakllari kesimida eng yuqori koʻrsatkichni xorijiy universitetlar filiallari bitiruvchilari qayd etgan – 49,8 foiz. Nodavlat OTMlarida bu koʻrsatkich 46,7 foizni, davlat oliygohlarida esa 42,1 foizni tashkil etgan.
Avvalroq oliy taʼlim vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov bitiruvchilar bandligi ma’lum foizdan past bo‘lgan oliygohlarni boshqa universitetlarga qoʻshib yuborish yoki yopish masalasi ko‘rilayotganini aytgandi.

