Binance buzib kirilishi: birja yetkazilgan zararni 6,3 milliard dollarga baholadi
Binance kriptobirjasi «xavfsizlik intsidenti»dan koʻrilgan umumiy zarar taxminan 6,3 milliard dollarni tashkil etganini maʼlum qildi. Dastlabki taxminlarga koʻra, xakerlik hujumiga DevOps-injenerlardan birining noutbuki buzib kirilgani sabab boʻlgan. Bu xakerlarga xizmat koʻrsatish tizimlariga kirish va mablagʻlarni olib chiqib ketish imkonini berdi.

Binance xak qilinishi: birja yetkazilgan zararni 6,3 milliard dollarga baholadi
Binance hamyonlarning shaxsiy kalitlari sizib chiqqaniga oid belgilar aniqlanmaganini taʼkidladi.
Birjadagi barcha operatsiyalar toʻxtatildi. Ilgari mijozlarga barcha zararni qoplab berishni vaʼda qilgan platforma rahbariyati oʻgʻirlangan aktivlarning qariyb 3 milliard dollarini muzlatishga muvaffaq boʻlinganini maʼlum qildi. Qolgan yoʻqotishlarni qoplash uchun Binance zaxiradagi «Foydalanuvchilar uchun xavfsiz aktivlar fondi» (SAFU) va oʻz mablagʻlaridan foydalanadi.
Avvalroq tahlilchilar oʻgʻirlangan mablagʻlar hajmini 5,5 milliard dollardan ortiq deb baholashgan edi va OAV oʻshandayoq ushbu hodisani tarixdagi kriptobirjaga qilingan eng yirik hujum deb atagan edi. Bundan oldingi antirekord 2025 yilda Bybit platformasidan 1,5 milliard dollar olib chiqib ketgan shimoliy koreyalik xakerlarga tegishli edi.
Xakerlik hujumi haqidagi dastlabki xabarlardan soʻng kriptovalyutalar sezilarli darajada arzonlashdi.
Bitkoin 4,4 foizga qadrsizlanib, 77 ming dollardan pastga tushdi, Ethereum esa 2,2 ming dollargacha (−5,5 foiz) arzonlashdi. Kriptovalyuta bozorining umumiy kapitallashuvi 4,5 foizga kamaydi va hozirda 2,6 trillion dollarni tashkil etmoqda.

