Texnologiya

Hakerlar Binance`dan milliardlab dollar o‘g‘irladi. Summa rekord darajada bo‘lishi mumkin

Hakerlar eng yirik kriptobirja — Binance tizimini buzib kirib, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 5,5 mlrd dollargacha bo‘lgan kriptovalyutani o‘g‘irladi. Agar raqamlar tasdiqlansa, bu tarixdagi eng yirik kriptoo‘g‘rilik bo‘ladi. Birja hujumni tasdiqlab, hozirgacha 3 mlrd dollarlik aktiv muzlatilganini aytdi.

Hakerlar Binance’dan milliardlab dollar o‘g‘irladi. Summa rekord darajada bo‘lishi mumkin

30-oktabrga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar eng yirik kriptobirja — Binance tizimiga buzib kirib, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 1,7 milliarddan 5,5 milliard dollargacha bo‘lgan kriptovalyutani o‘z hisoblariga o‘tkazib oldi. Agar bu baholar tasdiqlansa, mazkur hujum tarixdagi eng yirigiga aylanishi mumkin.

Binance hozircha faqat surishtiruv davom etayotganini va foydalanuvchilarning mablag‘lari “to‘liq xavfsizlikda” ekanini ma’lum qildi. Summalar ochiqlanmagan.

“Dastlabki surishtiruvimizda xavfsizlik insidenti buzib kirilgan noutbuk bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan edi, biroq keyingi tekshiruvlarimiz tizimda yana qo‘shimcha buzilish nuqtalari borligini aniqladi. Bu murakkab hujum bo‘ldi va biz uni bartaraf etish uchun huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda qo‘limizdan kelgan barcha choralarni ko‘ryapmiz. Hali ham dalillarni to‘plamoqdamiz va ular aniqlanishi bilanoq to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lishamiz”, — dedi birja eng so‘ng qoldirgan tvitida.

O‘z navbatida, Binance barcha zararlarni SAFU jamg‘armasi hamda kompaniya mablag‘lari hisobidan qoplashini bildirdi.

“Mablag‘larni chiqarib olish xizmatini 45 soat ichida qayta tiklash bo‘yicha belgilangan muddat rejasi o‘z kuchida qolmoqda. Depozitlarga hech qanday ta’sir ko‘rsatilmagan… Biz hamkorlar bilan zarar ko‘rgan ko‘plab aktivlarni muzlatish bo‘yicha hamon ish olib bormoqdamiz va hozirgacha qariyb 3 milliard dollarlik mablag‘ni muzlatishga muvaffaq bo‘ldik”, — deydi kriptobirja.

Shuningdek, foydalanuvchilar firibgarlik holatlaridan ehtiyot bo‘lishlari hamda norasmiy havolalar, xabarlar yoki hisob qaydnomasi ma’lumotlarini so‘rovchi murojaatlarga ishonmasliklari lozim ekani ta’kidlandi.

Shunga qaramay, butun dunyo bo‘ylab investorlar bunga kriptovalyutalarni sotish bilan munosabat bildirib ulgurdi: bitkoin narxi 3,5 foizga, efir (Ethereum) esa 4 foizdan ko‘proqqa tushib ketdi.

Tether (USDT) va Circle (USDC) steyblkoin operatorlari o‘g‘irlangan 1,7 milliard dollarni tezkorlik bilan muzlatib qo‘yganini bildirdi.

Ushbu o‘g‘rilikka qadar Bybit birjasidan 1,5 milliard dollarning olib chiqib ketilishi tarixdagi eng yirik kriptohujum deb hisoblanardi. O‘shanda FQB bu o‘g‘rilik ortida Shimoliy Koreya hakerlari turganini bildirgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.