Bi-bi-si Afrika xizmatining faxriy muxbiri Mark Doyl vafot etdi
Doyl 1990 va 2000-yillardagi Afrika mojarolari, xususan, Ruanda va Syerra-Leonedagi voqealarni yoritishi bilan mashhur edi.

Bi-bi-sining Afrika boʻyicha faxriy muxbiri Mark Doyl vafot etdi
1990 va 2000 yillardagi Afrika mojarolarini yoritishi bilan keng tanilgan britaniyalik jurnalist Mark Doyl qisqa muddatli xastalikdan soʻng vafot etdi.
Afrikada bir muddat yashaganidan keyin u 1986 yilda Bi-bi-siga ishga kirdi. Doyl 1993 yilda Sharqiy Afrika boʻyicha muxbir boʻldi va bir yil oʻtib Ruandadagi genotsid haqidagi reportajlari bilan nom qozondi.
1997 yildan 2002 yilgacha Gʻarbiy Afrika boʻyicha muxbir sifatida u Syerra-Leonedagi shafqatsiz fuqarolar urushini va Liberiyadagi mojaro oqibatlarini yoritdi.
Doylning vafotidan keyin Bi-bi-sining xorijiy yangiliklar boʻyicha muharriri Pol Danaxar uni «afsonaviy shaxs», shuningdek, «iqtidorli, jasur va hamdardlik tuygʻusiga ega muxbir» deb taʼrifladi.
Doyl bilan birga ishlagan Bi-bi-si muxbiri Endryu Xarding 2015 yilda hamkasbining milliy teleradiokompaniyadan ketishi munosabati bilan chop etilgan maqolada unga hurmat bajo keltirgan edi.
Ushbu maqolada Bi-bi-sining Afrikadagi yana bir taniqli muxbiri Fergal Kin ularning 1994 yilda Ruandada birga boʻlgan vaqtlarini yodga olgan. «U hammamizdan koʻra uzoqroq qoldi», degan edi Kin Doyl haqida. «Oʻsha dahshatli vaqtda oʻsha dahshatli joyda boʻlganlar Mark Doyl haqiqat yoʻlida va Bi-bi-si uchun nimalarni qurbon qilganini bilishadi».
Xuddi shu maqolada, 2000 yilda Syerra-Leonedagi fuqarolar urushini toʻxtatishga uringan Britaniya kuchlariga rahbarlik qilgan ser Devid Richards ham Doylni olqishlagan.
Ser Devidning aytishicha, Doylning reportajlari Buyuk Britaniya hukumatini qatʼiy aralashuv zarurligiga ishontirishga yordam bergan. «Buning natijasida aks holda katta xavf ostida qoladigan minglab Syerra-Leoneliklarning hayoti saqlab qolindi», dedi u.
2004 yilda Doyl urushdan keyingi Liberiya haqidagi reportajlari uchun BMT Muxbirlar uyushmasi/BMT Jamgʻarmasi mukofotining birinchi sovrinini qoʻlga kiritdi.
Keyinchalik u Bi-bi-sining Jahon yangiliklari boʻyicha muxbiri boʻldi va 2015 yilda Bi-bi-sidagi faoliyatini yakunlab, nafaqaga chiqdi.

