"Beruniy" bekatidagi olomon aks etgan eski tasvirlar tarmoqda qayta tarqaldi. Video

«Beruniy» bekatidagi olomon aks etgan eski tasvirlar tarmoqda yana tarqaldi. Video
Ijtimoiy tarmoqlarda «Beruniy» metro bekatida yoʻlovchilarning katta tirbandligi aks etgan tasvirlar yana paydo boʻldi. Toshkent metropoliteni ushbu video eski ekani va bekatdagi hozirgi vaziyatni aks ettirmasligini maʼlum qildi.
Metropoliten matbuot xizmati xabariga koʻra, ushbu tasvirlar hali 2024 yilda suratga olingan va 2025 yilda ham tarmoqda tarqalgan edi. Mazkur holat boʻyicha avval ham rasmiy tushuntirishlar berilgan.
Qayd etilishicha, hozirda poyezdlar qatʼiy jadval asosida harakatlanmoqda, bekatlar odatiy tartibda ishlayapti. Yoʻlovchilarga belgilangan tartibda xizmat koʻrsatilmoqda. Metropoliten «Beruniy» bekatidan olingan ayni paytdagi tasvirlarni eʼlon qildi.
Metropoliten foydalanuvchilarni tekshirilmagan va eskirgan maʼlumotlarni tarqatmaslikka chaqirdi. U yerda yolgʻon maʼlumotlarni eʼlon qilganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgani eslatib oʻtildi.
Shuningdek, Toshkent metropoliteni yangi oʻquv yili boshlanishi munosabati bilan yoʻlovchilar oqimining kutilayotgan ortishi sababli tigʻiz vaqtlarda poyezdlar harakati oraligʻini qisqartiradi.

