Berlin Moskvaga qarshi yangi choralarni eʼlon qildi
Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful Rossiyaning Bonndagi bosh konsulxonasi va Berlindagi «Rus uyi» faoliyatiga qarshi koʻrilgan choralar Moskva imkoniyatlarini sezilarli darajada cheklashini aytdi. Berlin bu qarorlarni Leypsig/Halle aeroportidagi teraktga urinishga Rossiyaning aloqadorligi haqidagi ayblovlar bilan izohlamoqda.

Berlin Moskvaga qarshi yangi choralar eʼlon qildi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Yohann Vadeful Rossiyaning Bonndagi bosh konsulxonasini yopish va Berlindagi "Rus uyi" faoliyati toʻgʻrisidagi kelishuvni bekor qilish qarorini izohladi.
Uning soʻzlariga koʻra, bu choralar Rossiyaning Germaniya hududidagi imkoniyatlarini sezilarli darajada kamaytiradi. Vadeful 1-sentabr kuni ARD va ZDF telekanallariga bergan sharhida Berlinning bu harakatlari Leypsig/Halle aeroportida sodir etilgan teraktga urinishga Rossiyaning aloqadorligi haqidagi xulosalarga javob ekanini bildirdi.
"Biz Rossiyada bunday harakatlarni Germaniyaning javobisiz amalga oshirish mumkin, degan tasavvur paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymasligimiz kerak", - dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri. Uning taʼkidlashicha, Rossiya tomonidan vaziyatni yanada keskinlashtirish ehtimolini butunlay istisno qilib boʻlmaydi. Biroq Germaniya javob choralarini koʻrmaganida, Moskva buni Germaniyaga qarshi keyingi harakatlar uchun imkoniyat sifatida qabul qilishi xavfi yanada yuqori boʻlar edi.
**Bonndagi konsulxona shubha uygʻotgan**
Vadeful Rossiyaning Bonndagi bosh konsulxonasi yopilishini "Rossiyaning Germaniyadagi imkoniyatlarini jiddiy cheklovchi" chora deb atadi. Vazirning aytishicha, mazkur diplomatik vakolatxonadan nafaqat Rossiya Tashqi ishlar vazirligi, balki mamlakatning boshqa idoralari ham keng foydalangan. Shu sababli Germaniya tomonida konsulxonadan mamlakat xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan faoliyat amalga oshirilmayotganiga ishonch boʻlmagan.
Berlindagi "Rus uyi" masalasiga toʻxtalgan Vadeful ushbu muassasa endi oʻzining dastlabki vazifasini bajarmayotganini bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, markaz avval Rossiya va Germaniya oʻrtasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilishi kerak edi, ammo hozirda bu funksiyani bajarmayapti. Shu munosabat bilan Germaniya uning faoliyatini tartibga soluvchi kelishuvni bekor qilishga qaror qilgan.
**Berlin "soya floti"ga bosimni ham kuchaytirmoqchi**
Germaniya tashqi ishlar vaziri Rossiyaning "soya floti"ga qarshi ehtimoliy yangi choralar haqida ham fikr bildirdi. Uning aytishicha, hozircha bu borada aniq qaror qabul qilinmagan, biroq Berlin bosimni kuchaytirish va qoʻshimcha choralar koʻrish niyatida. Vadeful Germaniya Rossiya neftini sanksiyalarni chetlab oʻtib tashishda foydalanilayotgan kemalar joylashgan yoki ular neft yetkazib borayotgan qator davlatlar bilan muzokaralar olib borayotganini maʼlum qildi.

