Benzin, propan, mol go‘shti: sentyabrda nimalar qimmatlashdi
Sentyabrda inflyasiya oylik hisobda 0,7 foizni tashkil etdi. Benzin 1,2 foiz, propan 4,2 foiz qimmatlashdi,

Benzin, propan, mol go‘shti: sentyabrda qaysi mahsulotlar qimmatlashdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil sentyabr oyida yig‘ma iste’mol narxlari indeksi oylik hisobda 100,7 foizni tashkil etgan. 2025-yil sentyabrda bu ko‘rsatkich 100,6 foiz bo‘lgan.
Yil boshidan sentyabrgacha narxlar indeksi 104,2 foizga yetgan. Yillik hisobda esa indeks 106,4 foizni tashkil etgan. 2025-yil sentyabr oyida yillik ko‘rsatkich 108 foiz bo‘lgan.
Meva-sabzavot narxlari o‘zgarishi hisobga olinmaganda, indeks oy davomida ham 100,7 foiz bo‘lgan. Yanvar–sentyabrda 105,6 foiz, yillik hisobda 106,8 foiz qayd etilgan.
Sentyabr oyida guruch va guruch oqshog‘i 1 foiz, grechka 1,1 foiz qimmatlagan. Tuxum narxi 5,3 foizga oshgan.
Suyakli mol go‘shti 1,7 foiz, qo‘y go‘shti 1,3 foiz, suyaksiz mol go‘shti 1,1 foiz qimmatlagan. Tovuq go‘shti qismlari narxi 1,2 foiz, sut va sariyog‘ 0,8 foizdan oshgan.
Shakar esa oy davomida o‘rtacha 0,9 foiz arzonlashgan. Meva-sabzavotlarda ham turlicha o‘zgarish kuzatilgan: pomidor 14,2 foiz, bodring 13,5 foiz, sabzi 12,4 foizga qimmatlagan. Sitrus mevalar 12 foiz, uzum 5,7 foiz va olma 2,4 foizga arzonlagan.
Sentyabrda benzinning o‘rtacha iste’mol narxi 1,2 foizga oshgan. AI-92 0,7 foiz, AI-95 4,2 foiz, AI-98 va AI-100 markalari 0,4 foizdan qimmatlagan.
Propan narxi 4,2 foizga oshgan, metan narxida o‘zgarish bo‘lmagan. Yillik hisobda benzin 20,1 foiz, propan 48,9 foiz va metan 10,1 foiz qimmatlagan.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xizmatlari sentyabrdan o‘rtacha 6,8 foiz, xususiy bog‘chalar 1,7 foiz qimmatlagan. Xususiy maktablar narxi 6 foizga, davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qish to‘lovi 6,3 foizga oshgan.
Repetitorlik xizmatlari 1,9 foiz, chet tillarini o‘rganish kurslari 1,8 foizga qimmatlagan. Suv va kanalizatsiya xizmatlari 2,1 foiz, ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish to‘lovlari 0,6 foizga oshgan.

