Mahalliy

Bekatlarga sovitish tizimi, xavfsizlik to‘siqlari va besh vagonli poyezdlar: metropoliten matbuot anjumanida nimalar deyildi?

Toshkent metropolitenining ma’lum qilishicha, tirbandlikni kamaytirish uchun poyezdlarga 5-vagon qo‘shish, gavjum bekatlarda sovitish tizimi va 'Shahriston' bekatida oynavand to‘siqlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Shuningdek, metropoliten raisi 700 mln so‘m maosh olishi haqidagi xabarlarga izoh berildi.

Bekatlarga sovitish tizimi, xavfsizlik to‘siqlari va besh vagonli poyezdlar: metropoliten matbuot anjumanida nimalar aytildi?

Toshkent metrosidagi har bir vagon 300 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Ammo tig‘iz paytlarda unga 400−500 nafargacha odam chiqishga urinadi. Bu holat nafaqat yo‘lovchilar uchun noqulaylik tug‘diradi, balki poyezdlar harakatiga ham ta’sir qiladi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” AJ bosh muhandisi Mirhokim Mirhusanov 3-noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

Matbuot anjumanida jurnalistlar iyul oyida ijtimoiy tarmoqlarda metropoliten raisi Rahmonbek Usmonov 2025-yil noyabrida qariyb 700 mln so‘m maosh olishi, tizimda qarindosh-urug‘chilik va korrupsiya avj olgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan izoh so‘radi.

“Toshkent metropoliteni” AJ boshqaruvi raisining o‘rinbosari Yo‘ldosh Yusupovning aytishicha, tizimda kadrlarni ishga qabul qilish, boshqa lavozimga o‘tkazish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish masalalari doimiy nazorat qilinadi. Buning uchun alohida mas’ul rahbar o‘rinbosari va komissiya faoliyat yuritadi.

“Kadrlarni ishga olish yoki boshqa lavozimga o‘tkazishda xavfsizlik masalalari bo‘yicha rahbar o‘rinbosari o‘z xulosasini beradi. Yil davomida bunday holatlarning oldini olish uchun komissiya ham ishlaydi. U o‘rganishlar o‘tkazib, rahbariyat va tegishli organlarga hisobot taqdim etadi. Murojaatlar kelib tushganidan keyin ham bu masala o‘rganilgan”, — deydi Yusupov.

Uning ta’kidlashicha, metropolitenda qarindoshlar ishlashi holatlari bor. Biroq ular bir-biriga bo‘ysunuvchi yoki o‘zaro manfaatdorlik mavjud bo‘lgan lavozimlarda faoliyat yuritmaydi.

“To‘g‘ri, metropolitenda uch avlod vakillari — bobo, ota va farzand ishlayotgan holatlar bor. Lekin ular bir-biriga aloqasi bo‘lmagan yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi. Bir oila a’zolarining bir-biriga topshiriq beradigan yoki manfaatdor bo‘ladigan lavozimlarda ishlashi aniqlanmagan”, — deydi u.

Yusupov ijtimoiy tarmoqlarda metropoliten rahbari salkam 700 mln so‘m maosh olishi haqida tarqalgan xabarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mablag‘ rahbarning sog‘lig‘ini tiklash uchun jamoa shartnomasi asosida ajratilgan va bir yil ichida qaytarilishi lozim bo‘lgan ssuda hisoblanadi.

“652 mln so‘m rahbarning oylik ish haqi emas. Jamoa shartnomasida belgilangan tartibda, sog‘lig‘ini tiklash uchun bir yil davomida qaytarish sharti bilan berilgan ssuda mablag‘i hisoblanadi”, — deydi Yusupov.

Metropoliten bosh muhandisi Mirhokim Mirhusanovning ma’lum qilishicha, so‘nggi yetti yilda bekatlar soni 50 taga, tarmoq uzunligi esa 71 kilometrga yetgan. 2020−2021-yillarda metroning bir kunlik yo‘lovchilari soni 280−300 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 1,2 mln nafardan oshgan.

Yo‘lovchilar oqimining keskin ko‘payishi ayrim bekatlarda tirbandliklarni kuchaytirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy bekatidagi gavjumlik aks etgan videolar ham tez-tez tarqalmoqda. Bosh muhandis buni ikki yo‘nalishdagi poyezdlar bir vaqtda kelishi va yo‘lovchilarning bir bekatda to‘planishi bilan izohladi.

Mirhokim Mirhusanov.

“Alisher Navoiy bekatida poyezdlar grafik asosida ketma-ket keladi. Ikkita yo‘nalishdagi poyezdlar bir vaqtning o‘zida kelganida yo‘lovchilar soni keskin ko‘payib ketadi”, — deydi Mirhusanov.

Tirbandlikni kamaytirish choralaridan biri sifatida poyezdlarga qo‘shimcha vagonlar qo‘shish taklif qilingan. Jumladan, mavjud harakat tarkiblarini besh vagonli qilish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

“Hozir har bir yo‘nalishda besh vagonli poyezdlarni ishga tushirish ustida harakat qilyapmiz. Moskvadan xarid qilingan 14 ta harakat tarkibi to‘rt vagonli. Ularning tarkibiga ham qo‘shimcha vagon qo‘shishni yechim sifatida taklif qildik”, — deydi bosh muhandis.

Uning aytishicha, tirband vaqtlarda Chilonzor yo‘nalishida poyezdlar orasidagi interval bir yarim daqiqagacha qisqartirilgan. Hozirgi texnik imkoniyatlar bundan ham qisqa intervalni ta’minlashga imkon bermaydi. Eng gavjum vaqtlarda ushbu yo‘nalishga 28 tagacha poyezd chiqariladi.

Mirhusanovning ta’kidlashicha, har bir vagon 300 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Biroq tirband vaqtlarda unga 400−500 nafargacha odam chiqishga harakat qiladi. Bu esa yo‘lovchilar uchun noqulaylik tug‘dirishdan tashqari, poyezdlar harakatiga ham ta’sir ko‘rsatadi.

“Yo‘lovchilarimizdan bir-birini hurmat qilishni, poyezddan tushayotganlarga yo‘l berishni so‘raymiz. Ko‘p hollarda eshik oldida turib olish, tushayotganlarga yo‘l bermaslik tufayli tortishuvlar kelib chiqadi. Ba’zan yo‘lovchilar eshiklarni qo‘li bilan ushlab qoladi. Bunday holatlar poyezdlar harakati intervalining sun’iy ravishda uzayishiga sabab bo‘lishi mumkin”, — deydi u.

Bosh muhandisning qo‘shimcha qilishicha, eshiklarga buyumlar qisilib qolishi, yo‘lovchilarning harakat tarkibiga shikast yetkazishi va eskalatorlardagi nosozliklar ham harakat grafigiga ta’sir qiladi. Bunday vaziyatlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilishi yoki cheklanishi mumkin.

Jurnalistlar metroning eski vagonlarida ventilyatsiya tizimi yaxshi ishlamasligi, ayniqsa, yoshi katta yo‘lovchilar uchun havo yetishmasligi haqida ham savol berdi.

Mirhusanovning ta’kidlashicha, eski harakat tarkiblarida ham havo almashtirish tizimi mavjud va ishlab turibdi. Biroq vagonlarga belgilangan me’yordan ancha ko‘p yo‘lovchi chiqishi havo almashinuviga salbiy ta’sir qiladi. Uning aytishicha, so‘nggi paytlarda ertalabki tirbandlikning asosiy vaqti ham o‘zgarib, soat 07:00—07:30 atrofida kuzatilmoqda.

Matbuot anjumanida yozda metro bekatlarida havo harorati yuqoriligi, qishda esa yomg‘ir va qor paytida ayrim joylardan suv o‘tishi muammolari ham ko‘tarildi.

Bosh muhandisning aytishicha, bekatlardagi ventilyatsiya tizimlari ishlab turibdi. Biroq iqlim o‘zgarishi va yo‘lovchilar oqimining ortishi sababli ayrim gavjum bekatlarda qo‘shimcha sovitish uskunalarini o‘rnatish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

“Biz eng gavjum bekatlarda zamonaviy texnologiyalar asosida chiller tizimini o‘rnatishni yechim sifatida ko‘ryapmiz. Ayniqsa, bir yo‘nalishdan boshqasiga o‘tish joylarida yo‘lovchilar oqimi juda ko‘p. Shu kabi nuqtalarda bunday tizimlarni qo‘llashni o‘rganyapmiz”, — deydi Mirhusanov.

U Pushkin, Amir Temur va Bodomzor bekatlarini tabiiy sharoiti sababli yozda ham salqin bo‘ladigan joylar sifatida keltirdi.

Bekat va tunnellardan suv o‘tishi masalasiga Yo‘ldosh Yusupov javob berarkan, bunday holatlarni bartaraf etish uchun Toshkent shahar hokimligining tegishli kommunal xizmatlari bilan hamkorlikda ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.

Yusupovning ma’lum qilishicha, metropolitenda tunnel va inshootlarni joriy ta’mirlash uchun yiliga 1−2 mlrd so‘m sarflanadi. Shu bilan birga, ta’mirtalab joylarni aniqlash va gidrogeologik holatni o‘rganish uchun respublika budjetidan 3,3 mlrd so‘m ajratilgan.

“Hozir ushbu mablag‘ hisobidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan. Keyingi bosqichda, ya’ni 2027-yilda tunnel va inshootlardagi muammolarni bartaraf etish, ta’mirlash ishlari uchun 20 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan”, — deydi Yusupov.

2026-yil iyul oyida “Turon” bekatida shiftning bir qismi qulagani, hodisa oqibatida yetkazilgan zarar va bekatni qayta tiklash masalasi ham ko‘tarildi.

Yusupovning aytishicha, hodisa sabablari qurilishda ishtirok etgan buyurtmachi va qurilish tashkiloti tomonidan o‘rganilmoqda. Hozirda metropoliten Halqa yo‘lidan foydalanib kelayotgan bo‘lsa-da, uni to‘liq foydalanishga qabul qilish jarayoni yakunlanmagan.

“Halqa yo‘li to‘liq foydalanishga topshirilganidan keyin uni saqlash va undan foydalanish bizning majburiyatimizga kiradi. Hozir esa ushbu holat qurilish va buyurtmachi tomonidan o‘rganilmoqda”, — deydi u.

Elektron to‘lov tizimiga o‘tish munosabati bilan metro kassalarida ishlagan xodimlar soni qanchaga qisqartirilgani ham so‘raldi.

Yo‘ldosh Yusupovning ma’lum qilishicha, naqd pulsiz to‘lov tizimiga o‘tish jarayonida so‘nggi ikki yilda kassirlarning 735 ta shtat birligi qisqartirilgan. Shu bilan birga, yo‘lovchilar to‘lovini nazorat qilish uchun 417 ta shtat birligidan iborat chipta nazoratchilari lavozimi joriy etilgan.

“Qisqartirilgan shtatlar bo‘yicha xodimlarning bir qismi boshqa xizmatlarga o‘tkazildi, ayrimlari esa boshqa ish o‘rinlari bilan ta’minlandi. Homiladorlik ta’tili va boshqa sabablarga ko‘ra ish joyi o‘zgargan xodimlar ham bor”, — deydi Yusupov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tizimda jami 5826 nafar xodim faoliyat yuritadi. Ularning 2068 nafari yoki 35,5 foizi ayollardir. Hozirda 15 nafar ayol poyezd mashinisti bo‘lib ishlamoqda.

Yusupovning aytishicha, ayol mashinistlar sonini ko‘paytirish uchun ularni o‘qitish ishlari davom ettirilmoqda. Tayyorgarlikdan o‘tgan xodimlarni bosqichma-bosqich mashinistlik lavozimiga jalb qilish rejalashtirilgan.

Jurnalistlar metro bekatlarida yo‘lovchilar xavfsizligini oshirish, jumladan, platforma chetlariga oyna to‘siqlar o‘rnatish rejalari haqida ham so‘radi.

Yusupovning aytishicha, bunday to‘siqlarni o‘rnatish bo‘yicha dastlabki loyiha Yunusobod yo‘nalishidagi “Shahriston” bekatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, ekspertizaga taqdim etilgan.

“Ekspertiza xulosasi olinganidan keyin kelasi yili rivojlangan davlatlardan mutaxassislarni jalb qilib, o‘rnatish ishlarini amalga oshirish reja qilingan”, — deydi Yusupov.

Ushbu loyiha samarali deb topilsa, keyinchalik yo‘lovchilar oqimi ko‘p bo‘lgan boshqa bekatlarda ham xavfsizlik to‘siqlarini o‘rnatish masalasi ko‘rib chiqiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.